Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutining Samarqand mintaqaviy filialida tinglovchilarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, huquqiy savodxonligi hamda axborot xavfsizligi madaniyatini yuksaltirish maqsadida davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda muntazam ravishda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri 2026-yil 3-noyabr kuni “Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish – davr talabi!” mavzusida Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, mayor Majidov Shaxboz Obidjonovich ishtirokida o‘tkazildi.




Tadbir davomida mutaxassis tomonidan raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bugungi sharoitda kiberjinoyatchilikning keng tarqalgan shakllari, internet firibgarligi, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanish hamda kiberxavfsizlikni ta’minlashning dolzarb masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Kiberjinoyatlarning oldini olishda aholining huquqiy va raqamli savodxonligini oshirish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida axborot xavfsizligi madaniyatini shakllantirish, internet tarmog‘idagi turli tahdid va firibgarlik holatlariga nisbatan ogohlikni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Mazkur tadbir tinglovchilarning zamonaviy axborot tahdidlari haqidagi tasavvurlarini kengaytirish, kiberxavfsizlik bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash hamda ularning profilaktik va ma’rifiy faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qildi.
