• +998 71 244 69 32
  • This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.

yonma yon 2

O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi huzuridagiDiniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti
FUQAROLIK JAMIYATI, MAHALLA VA OILA INSTITUTLARINING DERADIKALIZATSIYA JARAYONINI AMALGA OSHIRISHDAGI OʻRNI

FUQAROLIK JAMIYATI, MAHALLA VA OILA INSTITUTLARINING DERADIKALIZATSIYA JARAYONINI AMALGA OSHIRISHDAGI OʻRNI


Annotatsiya: zamonaviy jamiyatlar sharoitlarda aholining turli qatlamlari orasida diniy e'tiqodning yuksalib borishidan oʻz hudbin niyatlarini amalga oshirish yoʻlida foydalanayotgan ayrim kishilarning soxta targʻibotlariga aldanib qolayotganlarning dunyoqarashlarida tub ijobiy oʻzgarishlarni sodir boʻlishini ta'minlash bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri gavdalanadi. Mazkur masalalarning muvofiq yechimini topishda esa mamlakatimizdagi fuqarolik jamiyati, mahalla va oila institutlarining faoliyatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Ilmiy maqolada ushbu sotsial institutlarning deradikalizatsiya jarayonini barqaror kechishidagi oʻrni sotsiologik jihatlarda tadqiq etilgan.

Kalit so‘zlar: aforizm, fuqarolik jamiyati, mahalla, oila, institut, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, radikal gʻoyalar, resotsializatsiya, respondent, reintegratsiya, mentalitet.

ROL GRAJDANSKOGO OBSHESTVA, INSTITUTOV MESTNOGO SAMOUPRAVLENIYA I  SEMI V REALIZATSII PROTSESSA DERADIKALIZATSII

Annotatsiya: V usloviyax sovremennogo obshestva odnoy iz samix aktualnix problem yavlyayetsya obespecheniye fundamentalnix pozitivnix izmeneniy v mirovozzrenii tex, kto obmanut lojnoy propagandoy nekotorix lyudey, ispolzuyushix rost religioznix ubejdeniy sredi razlichnix sloyev naseleniya dlya dostijeniya sobstvennix egoisticheskix seley. V nashey strane v poiske adekvatnix resheniy etix problem vajnuyu rol igrayut deyatelnosti grajdanskogo obshestva, institutov mestnogo samoupravleniya (maxallya) i semi. V nauchnoy statye rassmatrivayetsya rol etix sotsialnix institutov v ustoychivom xode protsessa deradikalizatsii s sotsiologicheskoy tochki zreniya.

Klyuchevie slova: aforizm, grajdanskoye obshestvo, maxaliya, semya, institut, sotsialnaya podderjka, radikalnie idei, resotsializatsiya, respondent, reintegratsiya, mentalitet.

THE ROLE OF CIVIL SOCIETY, LOCAL SELF-GOVERNMENT INSTITUTIONS, AND THE FAMILY IN THE IMPLEMENTATION OF THE DERADICALIZATION PROCESS

Abstract: In contemporary society, one of the most pressing challenges is to bring about fundamental, positive shifts in the worldviews of individuals who have been misled by the false propaganda of certain actors—people who exploit the growing religious sentiment among various segments of the population to serve their own self-serving agendas. In our country, civil society, local self-governance institutions (*mahalla*), and the family all play a vital role in identifying effective solutions to these issues. This academic article examines the contribution of these social institutions to a sustainable deradicalization process, viewed from a sociological perspective.

Keywords: aphorism, civil society, mahalla, family, institution, social support, radical ideas, resocialization, respondent, reintegration, mentality.

Ma'lumki, har qanday jamiyat ilgarigi mafkuraviy nuqsonlarga ega boʻlgan dunyoqarashidan voz kechgan  kishilarga yana bir bor imkoniyatlarni berishi lozim. Zero, bu olamda xato qilmaydigan odamning oʻzi yoʻq. Oʻzbek xalqining dono aforizmlaridan birida – “Beayib Parvardigor” degan shior yangraydi. Shunday ekan, bilib-bilmasdan radikal gʻoyalar ta'siriga tushib qolgan vatandoshlarimizni faqat jazolash tizimi asosida emas, balki ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va qayta ijtimoiylashtirish orqali toʻla qonli ijtimoiy hayotga qaytishlariga koʻmak berish fuqarolik jamiyati, mahalla va oila institutlarining bugungi kundagi eng dolzarb vazifalaridan biri sifatida hisoblanishi isbot talab qilmaydigan voqelikdir.

Sotsiologik manbalarda mazkur hodisaga quyidagicha ta'rif berilgan: ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash – bu yakka kishi, shuningdek, u va boshqa kishilar a'zo boʻlgan sotsial guruhning jamiyat hayotiga koʻnikishini amalga oshirish, bu jarayonda vujudga keladigan ijtimoiy muammolarni  bartaraf etish va kishilarning ijtimoiy faolligini qayta tiklashga moʻljallangan harakatlarning yigʻindisidir.

Jarayonning muhim sotsial ahamiyati shundaki, u har qanday jamiyat taraqqiyoti, jumladan, zamonaviy Oʻzbekistonda hukm surayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-siyosiy  barqarorligi mustahkamlash, inson qadrini ulugʻlash, uni hurmat qilishga bevosita bogʻliqligini amalga oshirish uchun xizmat qiladi.  Shu nuqtai nazardan, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash jarayoni davlat ijtimoiy siyosatida muhim mexanizm sifatida namoyon boʻladi. Bunday vaziyatlarda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash nafaqat moddiy yordam berish, balki shaxsning ijtimoiy faolligini tiklash, uni jamiyatga integratsiya qilish va barqaror hayot tarzini shakllantirishni ham nazarda tutadi.

Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning asosiy maqsadlari quyidagi dolzarb vazifalarni amalga oshirishda namoyon boʻladi:

  1. aholining kam ta'minlangan qatlamlarini himoya qilish;
  2. ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish;
  3. shaxsning ijtimoiy moslashuvini ta'minlash;
  4. retsidiv holatlarining oldini olish (qayta integratsiya jarayonlarida);
  1. jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash.

Yuqorida koʻrsatilgan vazifalar orasidan quyidagilarga alohida e'tibor qaratishni lozim, deb hisoblaymiz:

  • zamonaviy jamiyatda ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyotni ta'minlash uchun aholining kam ta'minlangan qatlamlarini himoya qilish muhim oʻrin tutadi. Kambagʻallik va ijtimoiy tengsizlik nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy va siyosiy barqarorlikka ham ta'sir koʻrsatadi. Aynan ushbu barqarorlikni beqarorlikka aylanishi jamiyat a'olarining ayrimlarida radikal siyosiy kayfiyatlarni shakllantiradi va bu holat aksariyat sharoitlarda dindan hudbin manfaatlarga erishi vositasi boʻlib gavdalanadi. Mazkur ijtimoiy xatarni oʻz vaqtida bartaraf qilish uchun davlat konsepsiyasiga muvofiq, davlat aholining ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, ularning munosib turmush darajasini ta'minlash va jamiyat hayotida faol ishtirokini ragʻbatlantirish vazifasini oʻz zimmasiga oladi.
  • ijtimoiy moslashuv – bu insonning atrof-muhitga moslashishi, jamiyat normalari va qadriyatlarini qabul qilishni oʻrganishi va boshqalar bilan oʻzaro munosabatda boʻlish koʻnikmalarini rivojlantirish jarayonidir. Ijtimoiy moslashuv jarayoni erta bolalikdan boshlanadi va umr boʻyi davom etadi. Ta'lim muassasalari, oila, ish joyi, shuningdek, ijtimoiy institutlar va umuman jamiyat muhim rol oʻynaydi. Shuningdek, ijtimoiy moslashuv – bu insonning atrof-muhit bilan oʻzaro ta'sirining murakkab jarayonidir. Ichki va tashqi hayot sharoitlari oʻrtasida uygʻunlikka erishish shaxsning ijtimoiy moslashuvining oʻziga xos belgisidir. Ijtimoiy moslashuv jarayoni oʻrganish qobiliyatlarini rivojlantirish va axborotni boshqa nuqtai nazardan idrok etish qobiliyati orqali sodir boʻladi. Inson xulosa chiqarishni va qarorlar qabul qilishni oʻrganadi, bu esa uning xatti-harakatlarini butunlay oʻzgartiradi. Ijtimoiy moslashuv munosabatlardagi muloqotni yaxshilashga, ijtimoiy muhitda faol ishtirok etishga va rivojlanishga, shuningdek, oʻzini jamiyatda hissiy noqulaylikni boshdan kechirmasdan shaxs sifatida qabul qilishga yordam beradi.
  • retsidivni kamaytirish — jamiyat xavfsizligini ta'minlash va huquqiy davlat tamoyillarini mustahkamlashning muhim shartidir. Retsidiv (lot. recidivus — “qayta qaytuvchi”) – jinoyat huquqida avval jinoyat sodir etgan shaxsning yana qasddan jinoyat sodir etishi holatidir. Retsidivning oldini olish nafaqat huquqiy choralar, balki ijtimoiy, psixologik va iqtisodiy omillarni ham qamrab oluvchi kompleks yondashuvni talab etadi. Retsidiv holatlarining oldini olish kompleks va tizimli yondashuvni talab qiladi. Faqat jazo choralarini kuchaytirish orqali emas, balki ijtimoiy reabilitatsiya, kasbiy tayyorgarlik va psixologik qoʻllab-quvvatlash orqali barqaror natijaga erishish mumkin.
  • ijtimoiy barqarorlik hodisasi har qanday jamiyat taraqqiyotining muhim poydevori boʻlib xizmat qiladi. Sotsiologik adabiyotlarda barqarorlik – «stabilis» soʻzidan olingan boʻlib, u doimiylik, mustahkamlik, barqarorlik, degan ma'nolarni anglatadi [4, -C.410]. Ushbu ta'rifga tayanib, barqarorlik sotsial tizimning mustahkam holatidir va u mazkur tizimning ratsional darajada faoliyat koʻrsatishi hamda rivojlanishini ta'minlaydi, deb hisoblashimiz mumkin. Oʻz navbatida, ijtimoiy barqarorlik turgʻunlik va beqarorlikning aksidir va ularga qarshi kurashish mexanizmi boʻlib gavdalanadi.

Zamonaviy Oʻzbekistonda ijtimoiy barqarorlikni ta'minlashga eng ustuvor masala sifatida qarab kelinmoqda. Bunda jamiyat a'zolari sotsial institutlarning funksiyalari vositachiligida ijtimoiy majburiyatlarini astoydil bajarishga intilmoqda. Ayniqsa, fuqarolar, millatlar va konfessiyalar oʻrtasidagi munosabatlarning umumxalq manfaatlari asosida takomillashishi, sotsial nazorat tamoyillarining ta'sirini kuchaytirishga intilish, kuchli davlat hokimiyati rolining oshib borishi jamiyat barqarorligini saqlash hamda mustahkamlashga munosib xizmat qilmoqda.

Albatta, koʻrsatib oʻtilgan omillar mazkur barqarorlikni toʻliq ta'minlay olmaydi. Ulardan tashqari yana bir qator ma'naviy omillar ijtimoiy barqarorlikni ta'minlashning ishonchli garovi boʻlib gavdalanadi. Ayniqsa, jamiyat a'zolarida radikalizm gʻoyalariga qarshi mustahkam mafkuraviy imunitetni shakllantirish mavjud ijtimoiy barqarorlikning ta'minlashga xizmat qiladi.

Resotsializatsiya – bu shaxsning avvalgi ijtimoiy normalar va qadriyatlardan voz kechib, yangi ijtimoiy muhitga moslashishi, jamiyat talablariga mos ravishda qayta ijtimoiylashuv jarayonidir. U ayniqsa jazoni oʻtab chiqqan shaxslar, radikal gʻoyalarga berilganlar, ijtimoiy faoliyatdan chetlatilgan yoki deviant xulq-atvorga ega shaxslar bilan ishlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Resotsializatsiyaning asosiy maqsadi sifatida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblashimiz mumkin: shaxsni jamiyatga qayta moslashtirish, qonunga itoatkor xulq-atvorni shakllantirish, ijtimoiy faollik va mas'uliyatni oshirish hamda retsidiv (qayta huquqbuzarlik) holatlarini kamaytirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 76-moddasiga [1] koʻra oila jamiyatning asosiy boʻgʻinidir hamda u jamiyat va davlat muhofazasidadir.

Oilaning har bir shaxs hayotidagi roli, ayniqsa, farzandlar tarbiyasi muhim omil boʻlib, bu haqda mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev: “...bugungi tez oʻzgarayotgan ziddiyatli davrda oilaviy masalalarni ilmiy asosda chuqur oʻrganmasdan turib, ijtimoiy hayotdagi koʻplab murakkab savollarga javob topish qiyin” [2, -B.464], deb alohida urgʻu beradi.

Ilmiy sotsiologik adabiyotlarda sotsial institutlar bajarayotgan funksiyalariga qarab tasniflanar ekan, bunda, avvalo, oila institutining ahamiyatiga asosiy e'tibor qaratish lozim boʻladi. Chunki u boshqa sotsial institutlar ichida eng koʻhnalaridan biri hisoblanadi. Belarussiyalik sotsiolog S.Burovaning e'tiroficha, «oila va nikoh insoniyatning eng koʻhna birligi, kishilar ijtimoiy hayotining eng azalgi shaklidir. Oila sinflar, millatlar va davlatdan oldin, insoniyat yerdagi hayotining «boshlanish tongida» vujudga keldi. Aynan unda insonlar turmushining asrdan asrgacha takrorlanib turishi,  odamzod naslining davom etishi, yangi avlodning ijtimoiylashuvi, biologik va sotsial ehtiyojlarning qondirilishi kabi hodisalar sodir boʻladi» [3, -S.25].

Gʻarb sotsiologiyasida ham oilaga turli ta'riflar berilib, ularning ichida  taniqli amerikalik sotsiolog N. Smelzer tomonidan ishlab chiqilgan ta'rif oʻzining oddiy, konkret va tushunarligi bilan ajralib turadi:

«Oila – bu kishilarning qon-qarindoshlikka, nikoh yoki farzandlarni voyaga yetkazishga asoslanadigan birlashmasi boʻlib, ular turmushlarining  umumiyligi va farzandlar tarbiyasi uchun oʻzaro mas'uliyatni oʻz zimmalariga olgan boʻladilar. Odatda oila a'zolari yagona uyda istiqomat qiladilar» [5, -S.424].

Taniqli oʻzbek olimi Sultonmurod Olimning ta'kidlashicha, «inson juft qilib yaratilgan. Hozirgi tushunchadagi oila madaniyatiga erishilguniga qadar esa bashariyat koʻp-koʻp davrlarni bosib oʻtgan. Odam jamiyatdan ayri holda yashashi ham mumkin emas. Jamiyatning eng kichik boʻgʻini esa – oila. Oʻzbek xalqining oila borasida yuksak madaniyati, ming-ming yillik merosi bor. Biz ana shu qadimiy va muqaddas milliy an'analarga, shuningdek, umuminsoniy qadriyatlarga amal qilib yashaymiz» [6, -B.3].

Sharq xalqlari ӽayoti oilaviy turmush tarziga asoslangan. Oila, oilaviy munosabatlar ijtimoiy ishlab chiqarish va mafkuraviy-siyosiy tuzumga bogʻliq boʻlsa-da, oilaning an'anaviy asosiy urf-odatlari koʻp asrlardan beri ajdodlardan avlodlarga oʻtib keladi. Ammo an'ana ӽamda marosimlarning mustaӽkamligi va davomiyligi ijtimoiy ӽayotning barcha soӽalarida bir xil boʻlmagan. Ijtimoiy-iqtisodiy va gʻoyaviy-siyosiy omillarning asosiy xususiyatiga qarab, oila ӽamda oilaviy munosabatlar shakllari rivojlanib, oʻzgarib borgan. Shu oʻrinda, oilada turli yoshdagi avlodlararo yuz beradigan ijtimoiy munosabatlarni ӽisobga olish muӽimdir. Zero, oilaviy birlik maxsus va shu bilan birga, murakkab ijtimoiy munosabatlardan iboratdir.

Ayniqsa, farzand, ota-ona ӽamda qariyalar oʻrtasidagi oʻzaro  munosabatlar turli vaziyatda turlicha kechadi. Oiladagi  munosabatlarning barcha uchun maqbul boʻlishi qariyalarning ogʻir-vazmin, muloӽazali, odilona qaroriga koʻp jiӽatdan bogʻliqdir.

Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan ijtimoiy vazifalarni bajarishi bois oila instituti bugungi kunda radikallashgan kayfiyat ta'siriga berilgan fuqarolarni qayta ijtimoiylashtirish jarayonida muhim oʻrin tutadi. Zero, aynan oiladagi sogʻlom ijtimoiy-psixologik muhit kishining oʻz xatolarini anglab yetishiga koʻmak beradi. Chunki oilaning boshqa a'zolari uni toʻgʻri yoʻlga solish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etadilar. Bunda ota-onaning radikal gʻoyalar ta'siriga berilib qolgan farzandi uchun mehribonchilikka asoslangan pandu nasihatlari, oqilona maslahatlari qayta ijtimoiylashtirish jarayonini normal tarzda kechishi farzand, ota-ona ӽamda qariyalar oʻrtasidagi doʻstona va samimiy munosabatlarda sodir boʻladi.

Oiladagi oʻzaro munosabatlarning, hatto, dunyoqarashida salbiy jihatlar yaqqol sezilayotgan yoshlar tarbiyasida ham  barcha uchun maqbul boʻlishi mumkin boʻlgan kelishuvlar katta avlodning vazmin, muloӽazali, odilona qaroriga koʻp jiӽatdan bogʻliqdir. Oila mustahkam, tinch, farovon, sogʻlom boʻlsagina, jamiyatda barqarorlik vujudga keladi. Uning mustahkamligi oiladagi  tinchlik-xotirjamlik, bir-biriga boʻlgan samimiy munosabat, oila a'zolarining axloqiy tarbiyasiga bogʻliq. Shuning uchun oila xulq-odob qadriyatlari, tarbiyani shakllantirishda asosiy mezon boʻlib gavdalanadi.

Farzand tarbiyasida oiladagi muhitning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishi, ota-onaning ibrati va mas'uliyati har doim muhim ahamiyat kasb etadi. Oila munosabatlari, asosan, ota-ona va farzandlar oʻrtasida kechgani  bois ota oilaning sarboni hisoblanadi. Turli oilaviy muammolarni hal qilishda otaning fikri hamda  maslahati muhim ahamiyatga ega boʻladi.

Ma'lumki, farzand tarbiyasida matonatli, fidoyi, sabr-toqatli, ba'zan qattiqqoʻl, tejamkor otaning ham, mehridaryo, bagʻrikeng, yumshoqkoʻngil onaning ham oʻz oʻrni bor. Oiladagi sogʻlom muhit, ota-ona tarbiyasi orqali  nafaqat jamiyatning bugungi kuni, balki uning istiqboli, avlodlar vorisiyligi ham belgilanadi. Ota-onani hurmat qilish, odob axloqning va odamgarchilikning buyuk xislatidir. Ota-ona va farzandlar oʻrtasidagi axloqiy qoidalarning hozirgi kunda yoshlar tarbiyasidagi oʻrni alohida. Shuning uchun xalqimiz orasida shakllangan bunday dunyoqarash va odob-axloq bugungi kunda ham inson ma'naviy qiyofasini ifoda etib kelmoqda.

Yuksak ma'naviyatli ota-ona oilaning mohiyati, qadri, burch, mas'uliyat, oilaviy vazifalari, oilada barkamol farzand tarbiyasi, oilani moddiy jihatdan ta'minlash, uning osoyishtaligini saqlash kabi vazifalarni anglab yetadi va unga amal qiladi. Ota-ona farzandlarini insonparvar, vatanparvar, axloqiy jihatdan pok, bilimli, kamtar, olijanob qilib tarbiyalash lozimligi e'tirof etiladi. Farzandlarda sogʻlom ijtimoiy munosabatlar dastlab oilada, ota-ona, katta yoshdagi oila a'zolari ta'sirida shakllanadi. Oila qanchalik inoq, uyushgan va mustahkam boʻlsa, uning bolaga ta'siri ham shunchalik samarali boʻladi. Bunday oila oʻzining qadriyatlaridan tashqari, jamiyatning qadriyatlari, qonun-qoidalar va ijtimoiy meyorlarini hurmat qiladi, bola yoshligidan jamiyatda yashashga oʻrganadi va koʻnikma hosil qilib boradi. Odam bolasi uchun eng buyuk va qadrli insonlar, ya'ni ota-onani e'zozlash – odob-axloqning eng asosiy belgisi ekanligi. Ota-onaga hurmat koʻrsatish va ularga mehribonlik bilan qarash – har bir oʻgʻil-qizning asosiy vazifasi. Binobarin, farzand ota-onani rozi qilmay turib, hech bir ishida baraka boʻlmasligini bilmogʻi kerak.

Ota – buyuk inson. Islom dini ta'limotiga muvofiq, Alloh Odam alayhissalomni tuproqdan yaratdi. Oʻtkinchi foniy dunyo shundan boshlanadi. Odam alayhissalom yaratilgan kunlaridan boshlab, Alloh bilim va ma'rifat bergan. Bilim nuri bilan u zotni farishtalardan ustuvor qilgan. U dunyoviy hayotini amallarga sarflaydi. Oxiratini obod qilishga urinadi, insoniyatni bunday amallarga oʻrgatgan ilk muallim bu – ota. Shuning uchun xalqimiz ota roziligi Xudo roziligi ekanligini nasihat qiladi. Ota tarbiyasini, nasihatini olgan aqlli farzand yomon ish qilmaydi va yomonlikdan qochadi. Hech kimga xiyonat qilmaydigan odam ota tarbiyasini koʻrgan moʻmin odamdir. Otaga ozor beruvchiga Yaratgan ham shafqat qilmaydi. Ota roziligi Uning, Yaratganning roziligi hisoblanadi.

Oʻz navbatida islom dinida bolani voyaga yetkazishda tarbiyasida katta mas'uliyat yuklanganligini anglab yetishimiz zarur. Hadisi sharifda «Ota bolaga goʻzal odobdan yaxshiroq narsani bera olmaydi» (Termiziy rivoyati), deb bayon etilgan [7, -B.5]. Masalaga shu nuqtai nazardan yondashsak, oilada ota oʻz vazifalarini yuqorida koʻrsatilgan xususiyatlarda olib bormasa, unda farzand va ayniqsa, oʻgʻli bola tarbiyasida jiddiy nuqsonlar vujudga keladi.

Jumladan, farzand diniy bilimlarni oʻzlashtirish maqsad qilib, goʻyoki ilm olish harakatida boʻlib koʻrinadi, ammo bunda uni zararli oqimlar ta'siriga tushib qolish extimoli kuchayadi. Shunday vaziyatlarni avvalambor ota oʻz vaqtida payqay olishi muhimdir. U farzandi bilan oʻz oilasini qurganmi yoki hali mustaqil oilasi yoʻqmi bundan qat'iy nazar, muntazam tarzda diniy mavzuda suhbatlashishi lozim. Shuning asosida farzandining din va diniy e'tiqod haqidagi tasavvurlaridan xabardor boʻlishi mumkin. Albatta, bu ish oson emas, zero, bu masalada otaning oʻzi yetarli darajada diniy ilmlarga ega boʻlishi talab etiladi. Demak, oila rahbarining yetarli darajada diniy bilimlarga ega boʻlishi radikalizm kayfiyatidagi farzandlarni qayta ijtimoiylashtirish jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi, degan xulosani dadil ilgari surishimiz mumkin boʻladi.

Oʻz davlat mustaqilligiga erishgach Oʻzbekiston xalqi ijtimoiy rivojlanishning milliy modeli asoslarini ishlab chiqishga kirishdi. Uning asosini xalqimizning asrlar davomida shakllangan, milliy-madaniy xususiyatlarini ifoda etgan urf-odatlari, an'analari, udumlari, axloqiy meyorlari, e'tiqodi kabi sifatlarini qamrab oladigan yagona ijtimoiy tizim tashkil etadi. Bu tizim esa ijtimoiy taraqqiyot jarayonlarining kechishi davomida vujudga kelayotgan muammolarining oʻziga xos  yechimini ishlab chiqish mexanizmi boʻlib xizmat qiladi.  Ayniqsa, murakkab oʻtish davri sharoitlarida jamiyat a'zolarining kam ta'minlangan qatlamlarini kuchli ijtimoiy siyosat asosida himoya qilish milliy modelning asosiy tamoyilaridan boʻlib xizmat qilishi mamlakatimizni turli xil koʻngilsiz ijtimoiy xodisalar: millatlararo ziddiyatlar, diniy koʻrinishdagi toqatsizlik va fuqarolar oʻrtasida mahalliychilikka tayanadigan kelishmovchilik kabi salbiy illatlardan himoyalanishining ishonchli omili boʻlib xizmat qildi. Vaholanki, mazkur kuchli ijtimoiy siyosat mamlakatimiz rahbariyati tomonidan boʻsh joyda amalga oshirilmadi.

Haqiqiy va manzilliy ijtimoiy himoya asoslarini ishlab chiqishda qadimgi Movaraunnahrda mavjud boʻlgan ijtimoiy koʻmak tizimining tarixiy ildizlariga asosiy e'tibor qaratildi. Bu jarayonda mahalla institutinig oʻrni oʻziga xosdir. Mahalla – bu ijtimoiy-hududiy maskan boʻlib, u ijtimoiy kelib chiqishi, millati, yoshi turli odamlardan tashkil topadi. Mahalla oilaviy ahillikni saqlashni ta'minlashda hal qiluvchi omildir. Oila va mahallada sogʻlom muhit mavjud boʻlgandagina ularda har tomonlama sogʻlom, barkamol inson shakllanib, kamol topadi. Shuning uchun mahallalar davlat himoyasiga olingan. Mahallada oqsoqol uchun «begona» xonadon yoki «notanish» kimsa boʻlmagan. U hech kimga oʻzgacha nazar bilan qaramagan. Shuning uchun ham u istalgan xonadonga bemalol eshik qoqib kiravergan, mahalladoshlar bilan  sirdosh, hamfikr boʻla olgan. Ota-bola, qaynona-kelin munosabatlarini, biror xonadondagi nosogʻlom muhitni, xullas, oilaning oddiy ikir-chikirlarigacha, oʻrganib oʻz munosabatini bildirgan. Zarur boʻlganda, amaliy yordam ham bergan.

Qadimdan mahalla oqsoqolining haq-huquqlari shu tarzda shakllanib kelgan. Shuning uchun ham uning aytgani aytgan, degani degan boʻlgan. Hozirgi kunda  mahalla faollari qaysi xonadonda kim yashaydi, nima ish bilan shugʻullanadi, qaysi farzandi nimalarga qodir, oila muhiti qay darajada, qanday muammolari bor – xullas hammasini yaxshi bilishi shart.

 Mahalla faollari mahallalarni obodonlashtirish, hashar va turli tadbirlar uyushtirishdan boshlab, to kichik va oʻrta tadbirkorlik tizimini tashkil etish, yoshlarni kasb-hunarga oʻrgatish, xotin-qizlarni oilaviy sharoitga mos keladigan qulay ish joylari bilan ta'minlash, oilalarda tinchlik va xotirjamlikni ta'minlash maqsadida  huquq-tartibot qoidalariga rioya qilishni saqlash, toʻy-hasham va ma'rakalarni an'analarimizga mos holda ixcham oʻtkazish, shuningdek, diniy-ekstremistik yoʻnalishda jazoni ijro etish muassasasidan qaytgan shaxslar bilan ularni jamiyatga qayta moslashtirish kabi vazifalarni bajarib kelayaptilar.

Zero, mahallaning bajarayotgan bunday vazifalari avvalambor jamiyat barqarorligini ta'minlash va mustahkamlashga xizmat qilishi uchun dolzarb masala hisoblanadi. Chunki aholini ijtimoiy himoya qilish, kishilarni ogʻir vaziyatlarga tushib qolganida ularga kerakli koʻmakni koʻrsatish mahallaning azaliy an'analarida biri boʻlib kelgan. Bizga yaxshi ma'lumki, mahalla oʻzining yuqorida koʻrsatib oʻtilgan ijobiy sifatlari tufayli olib borilayotgan ijtimoiy ishning hayotiyligi va amaliyligini ta'minlaydi. Mahallaning kishilarga moddiy va ma'naviy yordam koʻrsatish funksiyasi ayniqsa oilaning qaygʻuli kunlarida yaqqol namoyon boʻladi. Mahalla rahbariyati marhumning dafn etilishini tashkil etadi va bu haqida mahalla ahlini xabardor qiladi. Mahalla oqsoqoli esa bu jarayonda shaxsan ishtirok etadi va rahbarlik qiladi. Agarda motamni boshidan oʻtkazayotgan oila kam ta'minlangan boʻlsa, unda unga ma'naviy daldadan tashqari mahalla ijtimoiy jamgʻarmasidan moddiy yordam ham koʻrsatiladi va bu muhtoj kishilarga manzilli ijtimoiy yordam koʻrsatishning texnologiyasi sifatida e'tirof etiladi. Mahallada olib boriladigan ijtimoiy ishning yana bir muhim va  tarixiy an'analarga bogʻliq boʻlgan faoliyat turi – bu jamiyatning ilk boʻgʻini hisoblanmish oila mustahkamligini ta'minlashdir. Hech bir oilaviy mojaro, ajrimlar va oila a'zolarining radikalizm ta'siriga berilib qolishi harakatlari mahallaning e'tiboridan tashqarida qolmaydi. Chunki radikal gʻoyalarga moyillik koʻp hollarda ijtimoiy muhit, oilaviy muammolar, ishsizlik va ma'naviy boʻshliq natijasida yuzaga keladi. Bu muammolar esa eng avvalo mahalla darajasida namoyon boʻladi. Mahallada aholining ijtimoiy holati doimiy kuzatib boriladi, ya'ni yana ham aniqroq aytilsa, xavf guruhiga kiruvchi shaxslarni aniqlanadi; yoshlar, ishsizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan manzilli ishlar olib boriladi.

Shuningdek, mahalla fuqarolar yigʻini orqali radikal gʻoyalar tarqalishining oldi olinadi; tushuntirish va ma'rifiy suhbatlar tashkil etiladi va diniy savodxonlikni oshirishga koʻmaklashiladi.

Radikal qarashlarga moyil yoki ular ta'siriga tushgan shaxslarni qayta ijtimoiylashtirishda mahalla oila va jamoa bilan aloqani tiklaydi, ish bilan ta'minlashga koʻmaklashadi hamda psixologik qoʻllab-quvvatlashni tashkil etadi. Jamoaviy qoʻllab-quvvatlash shaxsning oʻzini jamiyatning bir qismi sifatida his etishiga yordam beradi. Bu esa radikal muhitga qayta kirib ketish ehtimolini kamaytiradi. Shu nuqtai nazardan, oila va mahalla institutlarining oʻzaro hamkorligi bugungi kunda uchrab turgan radikalizm gʻoyalariga qarshi kurashishda sermahsul natijalarni bermoqda. Zero, mahalla oila bilan yaqin ishlaydi. Deradikalizatsiya jarayonida: oilaviy muhitni sogʻlomlashtirish, tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish, ota-onalar mas'uliyatini oshirish muhimdir.  Oila – radikallashuvga qarshi eng kuchli ijtimoiy toʻsiq hisoblanadi. Mahalla esa bu jarayonda muvofiqlashtiruvchi rolini bajaradi.

Jumladan, radikalizm ta'siriga berib qolgan kishilarning oilaviy hayotlarini sotsio-psixologik jihatidan oʻrganish asosida muayyan ma'lumotlarga ega boʻlish mumkin. Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori M.Akramov va dotsent S.Xidirov tomonidan 2024 yilning yanvar-iyul oylarida aholi orasida diniy radikalizm va yot gʻoyalar ta'siriga tushgan shaxslarni resotsializatsiya qilishga oid Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan oʻtkazilayotgan ma'rifiy targʻibot tadbirlari doirasida Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent, Yangi yoʻl, Qibray, Chirchiq, Angren, Parkent, Yuqori chirchiq, Boʻstonliq,  Oʻrta chirchiq, Boʻka va Ohangaron kabi tuman va shaharlari tanlab olindi.

Ushbu hududlarda istiqomat qiluvchi, koʻrinishi va xatti-harakatida diniy mutaassiblikka moyil deb topilgan shaxslar jalb qilingan tadbirlar doirasida maqsadli tanlab olinib, sotsiologiyaning anketali soʻrov usuli qoʻllanildi va psixologik kuzatuv oʻtkazildi. Tadqiqotga jami boʻlib 1000 nafar erkak jinsiga mansub respondentlar jalb etilib, ulardan olingan 969 ta soʻrovnoma varaqasi qayta ishlash va tahlil uchun yaroqli deb topildi hamda tahlil shu miqdordan kelib chiqqan holda amalga oshirildi.

Ma'lumki, agarda fuqarolar, ayniqsa yoshlarning mentalitetiga islom dinidan gʻaraz siyosiy maqsadlarda foydalanayotgan, aslida musulmonchilikka faqat dogʻ tushirayotgan ekstremistik kayfiyatdagi turli oqimlarning mafkurasi faol ta'sir koʻrsatsa, unda jamiyat barqarorligi va rivojiga jiddiy tahdidlar vujudga keladi. Milliy mentalitet va uning strukturasidagi diniy e'tiqod xususiyatlarini tahlil qilar ekanmiz, masalaning yana bir tomoniga e'tibor qaratish lozimligini ta'kidlab oʻtmoqchimiz. Xususan, kishilar mentalitetidagi diniy hayot haqidagi tasavvurlar ham ijtimoiy jarayonlarga faol ta'sir koʻrsatishga xizmat qilishi mumkin. Buning uchun esa ulardagi dindorlik sifatlari va ular tomonidan din koʻrsatmalariga amal qilish holatlarini aniqlash talab etiladi. Ana shu mantiqdan kelib chiqib, tadqiqot ishtirokchilariga «Siz oʻzingizni dindor, deb hisoblaysizmi?» degan savol bilan murojaat qilindi.

Natijalar tahliliga koʻra, tadqiqotga jalb etilgan shaxslarning  uchdan ikki qismi dunyoviy hayot tarziga ega. Olingan natijalar Toshkent viloyatining tuman va shaharlarida tadqiqotga jalb etilgan respondentlarning 19,6 foizi oʻzini faol diniy hayot tarziga ega ekanligini koʻrsatgan. Soʻrovga jalb qilinganlarning 34,4 foizi diniy hayotda unchalik faol emasligini, 10,3 foizi “Xudo yuragimda, boshqasi ahamiyatli emas” degan fikrda va 24,5 foiz respondentlar “Men xudoga ishonsam-da, zamonaviy hayot kechiraman” degan variantni belgilagan.

1-Jadval:

Respondentlarning dindorlik darajasi boʻyicha tahlili
(foiz hisobida)

№

Siz oʻzingizni dindor, deb hisoblaysizmi?

Foizi

1.     

Ha, men dindorman, faol diniy hayot tarziga egaman.

19,6

2.     

Men unchalik dinga berilmaganman, diniy hayotda faol emasman.

34,4

3.     

Xudo yuragimda, boshqasi ahamiyatli emas.

10,3

4.     

Men xudoga ishonsam-da, zamonaviy hayot kechiraman.

24,5

5.     

Javob berishim qiyin.

11,2

Jami

100

Yuqoridagi savolning javoblarini yanada konkretlashtirish maqsadida, tadqiqotda 

2-Jadval

Respondentlarning din talablariga amal qilish darajasi boʻyicha tahlili (foiz hisobida)

№

Dinning talablariga (farz, vojib, sunnat va h.k) amal qilishga harakat qilasizmi?

Foizi

1.     

Ha, barchasiga.

22,3

2.     

Ha, faqat ba'zilariga.

53,9

3.     

Yoʻq, amal qilmayman.

7,1

4.     

Bunga hojat yoʻq, deb oʻylayman.

5,3

5.     

Javob berishim qiyin

11,5

Jami

100

Toshkent viloyatining shahar va tumanlari mahallarida oʻtkazilgan tadqiqot natijalari tahliliga koʻra yoshlarning turli yot gʻoyalarga berilishning asosiy sabablari deb yot gʻoyalarning mudhish oqibatlar keltirishini aniq bilmasligiga 18,8 %, iqtsodiy sabablarga koʻra 4,6 %, oila tarbiyasi 18,9 %, diniy bilimlarning yoʻqligi 26,5 %, jamiyatimizda xavfli holatlarning oldini olish, bir-birini ogoh etish boʻyicha oʻzaro muloqot qilish an'anasining sustligini 4,6 %, turli oqim a'zolarining tashviqotlari ta'siriga tushib qoladi degan fikrdagi respondentlar 8%.

Shuningdek, internetdagi turli ijtimoiy tarmoq va vebsaydlardagi tarqalayotgan diniy oqim tashviqotchilari videolarini koʻrish oqibatida yoshlarning turli yot gʻoyalarga berilish mumkin deb hisoblovchilar 5,7% ni tashkil qildi. 12,9 % tadqiqot ishtirokchilari yoshlarning yot gʻoyalarga berilib qolishining sabablari toʻgʻrisida oʻylab koʻrmagan ekanligini aytib oʻtishgan. Olib borilgan tadqiqot natijalaridan yaxshi boʻlayaptiki, oilalar va mahallalarda yoshlar tarbiyasi oid olib borilgan ishlar yanada izchilik va qat'iyatlikni talab etadi. Radikalizm balosiga uchrab qolgan oilalar mahalla ahli, rahbariyatining mehribonchiligidan bebahra qolishi mumkin emas.

 Aksincha, bunday murakkab ahvolga tushib qolgan oilalarga maksimal darajada ijtimoiy koʻmak koʻrsatish deradikalizatsiya jarayonini muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirishga koʻmak beradi. Bunga misol tariqasida Toshkent shahrining Shayxontoxur tumanida joylashgan “Jar-ariq” mahallasi fuqarolar yigʻinining sobiq raisi Anvar akaning ish faoliyatini koʻrsatishi mumkin. Ushbu inson raisligi davrida mahallada bilib-bilmasdan zararli oqimlar ta'siriga tushib qolib, jazo muddatini oʻtayotgan fuqarolarning oila a'zolariga oʻz mablagʻi hisobidan oziq-ovqatlar tarqatib yurganining shohidi boʻlganman. Shuning uchun bunday toifadagi oilalar a'zolari va umuman mahalla ahlining aksariyati Anvar akani hurmat qilib, uning pandu nasihatlariga quloq solar edi.

Demak, shunday oliyjanob kishilarning mahallalarda olib borayotgan ijtimoiy faoliyati radikal kayfiyatga berilgan kishilar, ayniqsa, yoshlarni qayta ijtimoiylashuvi, ularning davlatimiz tomonidan din va diniy e'tiqod masalalariga oqilona yondashishini toʻgʻri anlab borishlarida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. – Toshkent: “Yuridik adabiyotlar”, 2023.
  2. Mirziyoyev Sh.M. Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va koʻrki. // Xalqimizning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir. 2 jild - Toshkent: Oʻzbekiston, 2018.
  3. Burova N. Sotsiologiya braka i semi: istoriya, teoreticheskiye osnovi, personalii. –Minsk: «Pravo i ekonomika». 2010.
  4. Kravchenko S.A. Sotsiologicheskiy ensiklopedicheskiy russko-angliyskiy slovar. -Moskva: «Astrel Ast. Tranzitkniga». 2004. –S.410.
  5. Smelzer N. Sotsiologiya. Perevod. s angl. -Moskva.: «Feniks».
  6. Sultonmurod Olim. Oila va jamiyat yoxud mikrojamiyat va makrooila. –Toshkent: Respublika ma'naviyat targʻibot markazi. 2017.
  7. Usmonxon Alimov. Oilada farzand tarbiyasi. –Toshkent: «Movarounnahr». 2014.

B.Farfiyev

Din ishlari boʻyicha qoʻmita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti professori, sotsiologiya fanlari doktori (DSc),

Manba: Ijtimoiy tadqiqotlar jurnali. 9 jild, 4/1-son. 2026-yil.