Dunyo tarixida shunday minbarlar borki, ularda aytilgan soʻz oʻsha joyning oʻzida qolib ketmaydi. U xalqlar xotirasiga, davlatlar siyosatiga, ba'zan esa butun bir davrning siyosiy lugʻatiga kirib boradi.
BMT Bosh Assambleyasi minbari shunday joy. Unga chiqish oddiy nutq soʻzlash imkoniyatidan kengroq ma'no kasb etadi. U yerda davlatlar oʻzini dunyoga tanishtiradi, manfaatini ifodalaydi. Xavotirini aytadi, taklifini oʻrtaga qoʻyadi. Eng muhimi, insoniyat oldidagi mas'uliyatini namoyon etadi. Bu tizimning siyosiy mohiyatida katta bir tamoyil bor: davlatlar katta-kichikligi, aholisi yoki harbiy qudrati bilan farqlanishi mumkin, ammo ularning suveren qadr-qimmati teng hurmat qilinishi kerak.
Tashkilot minbari bu borada har bir mustaqil xalq uchun oʻz ovoziga ega boʻlish ramzidir. Biz uchun bu fikrning qadri alohida. Chunki Oʻzbekiston uzoq tarix davomida dunyo sivilizatsiyasiga ulkan hissa qoʻshgan mamlakat boʻlsa-da, XX asrning katta qismida xalqaro munosabatlarning mustaqil subyekti sifatida oʻz nomidan soʻzlash imkoniyatiga ega boʻlmadi. Samarqandu Buxoro, Xorazm va Termiz hamda Fargʻona vodiysidan taralgan ilm va tafakkur asrlar davomida jahon madaniyatiga xizmat qildi, ammo zamonaviy xalqaro siyosat maydonida Oʻzbekistonning mustaqil ovozi faqat istiqlol tufayli yangradi.
Mamlakatimiz BMTga a'zo boʻlgan kundan boshlab Nyu-Yorkdagi mashhur minbar biz uchun ham oʻz fikrimizni, milliy manfaatimizni va dunyo haqidagi qarashimizni aytadigan minbarga aylandi. 1993-yilda mustaqil Oʻzbekiston BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida ilk bor oʻz davlatchilik manfaatlari va mintaqaviy qarashlarini jahon hamjamiyati oldida bayon qilgan edi.
Bugun masala yurtimizni dunyoga tanitish bilan cheklanib qolmaydi. Oʻzbekiston jahonda kechayotgan jarayonlar xususida oʻz qarashi, taklifi va pozitsiyasiga ega davlat sifatida soʻzlamoqda. Mana shu farqni anglamay turib, 2026-yil 23-sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida Oʻzbekiston nomidan yangragan nutqning mazmunini toʻliq his qilish qiyin.
Dunyoga ochilish
2017-yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilk bor nutq soʻzlab, Oʻzbekiston tashqi siyosatining yangi ustuvor yoʻnalishlarini jahon hamjamiyatiga ma'lum qilgan edi. Ana shu yangilangan siyosiy qarashda, avvalo, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, qoʻshni davlatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik, ochiq muloqot va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Davlatimiz rahbari mintaqa taqdiriga umumiy manfaatlar, oʻzaro ishonch va yaqin hamkorlik nuqtai nazaridan yondashish zaruratini ilgari surdi. Shu kundan boshlab Markaziy Osiyo Oʻzbekiston tashqi siyosati uchun eng yaqin, eng tabiiy va eng mas'uliyatli makon sifatida yangicha mazmun kasb etdi. Tinch, barqaror va iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan mintaqa barpo etish esa davlatimiz siyosiy irodasining muhim ifodasiga aylandi.
Bu yoʻl keyingi yillarda tashqi siyosat amaliyotiga koʻchdi. Chegaralar ochildi. Qoʻshnilar muloqoti kuchaydi. Savdo, transport, madaniy aloqalar va odamlar qatnovi kengaydi. Markaziy Osiyo xalqaro siyosiy lugʻatda tobora koʻproq hamkorlik, yaqinlashuv va umumiy manfaatlar makoni sifatida tilga olina boshladi.
Mazkur jarayon ortida muhim siyosiy falsafiy mushohada bor: qoʻshnining tinchligi — sening tinchliging, qoʻshnining taraqqiyoti — sening taraqqiyoting uchun imkoniyat. Ana shunday oʻzbekona milliy dunyoqarash tashqi siyosatning amaliy mezoniga aylandi.
Prezidentimiz 2023-yili BMT Bosh Assambleyasi minbarida dunyoda ishonch inqirozi tobora chuqurlashayotganiga alohida urgʻu bergan edi. Davlatimiz rahbari geosiyosiy qarama-qarshiliklar kuchayishi, xalqaro huquq meyorlari zaiflashishi, savdo va investitsiyalar yoʻlida yangi toʻsiqlar paydo boʻlayotgani kabi xavfli tendensiyalarni oʻsha davrning oʻzidayoq aniq koʻrsatdi. Oradan oʻtgan vaqt bu mulohazalar naqadar hayotiy va uzoqni koʻzlagan siyosiy tahlilga tayanganini yanada ravshan namoyon etmoqda: bugun xalqaro munosabatlardagi ishonch tanqisligi, kuch markazlari oʻrtasidagi raqobat va iqtisodiy cheklovlar koʻlami yanada kengaydi.
Ushbu holat mamlakatimiz yetakchisi tashqi siyosatda kundalik voqealar ortidan ergashish bilan cheklanmay, ularning kelgusi yoʻnalishini anglash, paydo boʻlayotgan xavflarni oldindan his etish va milliy manfaatlar nuqtai nazaridan strategik xulosa chiqarishga asoslangan siyosiy tafakkurni namoyon etayotganini koʻrsatadi.
Bugun ana shu tendensiyalar yanada murakkab geosiyosiy manzarani vujudga keltirdi. Dunyoda qutblashuv kuchaymoqda, urushlar va mintaqaviy mojarolar davom etmoqda. Yirik kuch markazlari oʻrtasidagi raqobat endi faqat siyosiy yoki harbiy maydon bilan cheklanmay, texnologiya, ma'lumot, energetika, transport yoʻlaklari va iqtisodiy ta'sir sohalarigacha kengaymoqda. Bunday sharoitda kichik va oʻrta davlatlar uchun asosiy masala kimningdir ortidan ergashishda emas, oʻz milliy manfaatini aniq anglash, tashqi bosimlar orasida siyosiy mustaqillikni saqlash va turli kuch markazlari bilan oʻzaro hurmat asosida munosabat qurish qobiliyatida namoyon boʻladi.
Yangi Oʻzbekiston soʻnggi yillarda aynan shunday tashqi siyosiy madaniyatni shakllantirmoqda: ochiq, pragmatik, milliy manfaatlarga tayangan, barcha bilan muloqot qila oladigan va ayni paytda oʻz pozitsiyasini qat'iy saqlaydigan siyosat. Bu yoʻl mamlakatga turli geosiyosiy markazlar bilan hamkorlik, oʻzaro manfaatli sheriklikni kengaytirish va har qanday vaziyatda suveren qaror qabul qilish imkonini bermoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining BMT Bosh Assambleyasi minbarida yangragan nutqi ham ana shu siyosiy tafakkurning mantiqiy ifodasi boʻldi. Unda Oʻzbekistonning ochiqlik, muloqot, milliy manfaat, inson qadri va xalqaro hamkorlikka tayangan pozitsiyasi jahon hamjamiyatiga aniq va ishonchli tarzda yetkazildi.
Ushbu nutqda dastlabki va asosiy gʻoyalardan biri juda aniq qoʻyildi: Oʻzbekistonning tanlovi — ochiqlik, yaxshi qoʻshnichilik va dunyo bilan teng muloqot. Bu formula oddiy diplomatik iboradan ancha keng siyosiy mazmunni ifoda etadi. Unda Oʻzbekistonning oʻz xavfsizligi, taraqqiyoti va xalqaro nufuzini qanday siyosiy tamoyillar asosida qurishga intilayotgani mujassam.
Bugungi murakkab geosiyosiy muhitda ochiqlik ba'zan zaiflik, murosa esa yon berish sifatida talqin qilinishi mumkin. Qattiq ritorika, keskin bayonot va kuch namoyishi ayrim hollarda davlat qudratining asosiy belgisi sifatida koʻrsatiladi. Oʻzbekiston tanlagan siyosiy yoʻl boshqa mantiqqa tayanadi: tinchlikka intilish, muloqot eshigini ochiq saqlash, umumiy manfaatni izlash va eng murakkab masalalarda ham siyosiy aqlni ustuvor qoʻya bilish davlatning ojizligini emas, oʻz maqsadi va manfaatini chuqur anglaganini koʻrsatadi.
Mazkur yondashuvning hayotiy qimmati, ayniqsa, Markaziy Osiyo tajribasida yaqqol namoyon boʻldi. Yaqin oʻtmishda mintaqada chegaralar, suvdan foydalanish, transport qatnovi va odamlarning bordi-keldisi bilan bogʻliq yillar davomida toʻplanib qolgan murakkab masalalar mavjud edi. Bunday sharoitda keskinlikni keskinlik bilan qaytarish, oʻzaro da'volarni yana uzoq yillarga choʻzish yoki siyosiy xarakterni namoyish etish yoʻlini tanlash ham mumkin edi. Prezidentimiz boshqa yoʻlni — siyosiy iroda, ochiq muloqot, oʻzaro manfaatni tan olish va xalqlarimizning tinch hayotini ustuvor qoʻyish yoʻlini tanladi.
Bu siyosatning tub mohiyatini faqat diplomatik murosa bilan izohlash kamlik qiladi. Davlat rahbari uchun ba'zan eng murakkab qaror yillar davomida yigʻilgan alam, ishonchsizlik va qarama-qarshiliklar ustidan sogʻlom siyosiy tafakkurni ustun qoʻya bilishda namoyon boʻladi. Chunki har bir yopiq chegara ortida inson taqdiri, har bir uzilgan yoʻl ortida oilalar, savdo-sotiq, qarindoshlik va qoʻshnichilik munosabatlari turadi. Xalqning ana shu kundalik tashvishlarini davlat siyosati darajasida his qilish va ularga yechim izlash rahbarlik mas'uliyatining eng murakkab qirralaridan.
Shu nuqtada davlat manfaati, vazmin siyosiy hisob-kitob va ertangi avlodlar osoyishtaligi ustuvor ahamiyat kasb etdi. Natijada bir vaqtlar yechimi uzoqdek tuyulgan masalalar muzokara stoliga qaytdi, chegaralar ochildi. Transport va savdo aloqalari kengaydi. Odamlar bordi-keldisi tiklandi. Eng muhimi, mintaqa davlatlari oʻrtasida muammoni qarama-qarshilik orqali emas, kelishuv va oʻzaro manfaat orqali hal qilish mumkinligiga ishonch paydo boʻldi.
Haqiqiy siyosiy kuch har doim baland ovozda namoyon boʻlavermaydi. Ba'zan u xalqning dardini davlat rahbarining shaxsiy mas'uliyati sifatida qabul qilish, kechagi ziddiyatlarni ertangi avlodlarga meros qoldirmaslik va murakkab masalalarni muzokara orqali hal etishga siyosiy iroda topa bilishda koʻrinadi. Markaziy Osiyoda soʻnggi yillarda shakllangan yangi muhit Prezidentimiz ilgari surgan yaxshi qoʻshnichilik siyosati hamda mintaqa davlatlari rahbarlarining umumiy manfaatlarni anglashga qaratilgan siyosiy irodasi bilan bogʻliq.
Markaziy Osiyoda toʻplangan ana shu amaliy tajriba Oʻzbekistonga BMT minbaridan dunyoga ishonch bilan murojaat qilish uchun mustahkam siyosiy asos berdi. Mamlakatimiz muloqot samarasini, oʻzaro ishonch qadrini va yaxshi qoʻshnichilikning xavfsizlikka qanday xizmat qilishini oʻz mintaqasida amalda koʻrdi. Davlatlar bir-biriga shubha yoki tahdid manbai sifatida qarashdan koʻra, umumiy imkoniyat va manfaatlar nuqtai nazaridan yondashishni boshlaganda, siyosiy muhitning oʻzi ham oʻzgaradi. Shu bois, BMT minbaridan yangragan ochiqlik, yaxshi qoʻshnichilik va teng muloqot haqidagi fikrlar nazariy chaqiriq emas, Markaziy Osiyoda muayyan natijalar bilan tasdiqlangan siyosiy tajriba ifodasi sifatida ham salmoq kasb etdi.
Bugungi xalqaro munosabatlarda bir savol davlatlar oldiga tobora koʻproq qoʻyilmoqda: “Siz qaysi tomondasiz, u yoki bu blok tarafidami? Qaysi geosiyosiy kuch markaziga yaqinsiz? U yoki bu mojaroda kimni tanlaysiz?” Bu savollar zamirida ba'zan erkin tanlovdan koʻra geosiyosiy bosim kuchliroq seziladi.
BMT minbaridan bu savolga Oʻzbekiston Prezidenti izchil ilgari surib kelayotgan siyosiy pozitsiya mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, oʻziga xos va aniq javob berildi: Oʻzbekistonning tanlovi — inson qadri. Davlat qudratining haqiqiy mezoni ham, avvalo, insonning huquqi, manfaati, qadr-qimmati va tinch kelajagini ta'minlay olish qobiliyati bilan belgilanadi.
Bu yondashuv global jarayonlardan chetda turishni anglatmaydi. Aksincha, u xalqaro huquqqa hurmat, davlatlar suverenligi, tinchlik, tenglik va inson manfaati kabi tamoyillarga tayangan aniq siyosiy pozitsiyani taqozo etadi. Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatida milliy manfaat bilan umuminsoniy qadriyatlar bir-birini toʻldiradi: mamlakatimiz tinchlikdan manfaatdor, chunki taraqqiyot tinch muhitda qaror topadi. Ochiq dunyodan manfaatdor, chunki tashqi bozorlar, transport koridorlari va barqaror qoʻshnichilik mamlakat kelajagi uchun hayotiy ahamiyatga ega. Xalqaro huquq ustuvorligidan manfaatdor, chunki suveren tenglik kattayu kichik har bir davlatning ovozi va manfaati hurmat qilingandagina haqiqiy mazmun kasb etadi.
Shu bois, Oʻzbekiston uchun “Qaysi tomondasiz?” degan savolning javobi geosiyosiy tanlov bilan cheklanmaydi. Uning mohiyati tinchlik, inson qadri, milliy manfaat va xalqaro huquq tomonida turishdir. BMT minbaridan yangragan nutqda ana shu pozitsiya aniq va ishonchli ifoda etildi.
BMT minbaridan yangragan nutqda alohida e'tiborga loyiq konseptual jihat bor: davlat qudratining mezoni nima? An'anaviy siyosatshunoslikda kuch deganda armiya, iqtisodiyot, tabiiy resurslar, aholi yoki texnologiya tushuniladi. Bular muhim. Biroq Oʻzbekiston BMT minbaridan bu tushunchaga yana bir oʻlchov qoʻshdi: davlatning inson huquqi, manfaati va qadr-qimmatini himoya qilish qobiliyati.
Bu gʻoya tasodifan paydo boʻlgani yoʻq. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning ichki islohotlarida “inson qadri” tushunchasi markaziy mezon sifatida shakllandi. Mahallaga tushish, odamlar muammosini eshitish, kambagʻallikni qisqartirish, ta'lim imkoniyatlarini kengaytirish, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash kabilar shu mantiq bilan bogʻlandi.
Endi mazkur tushuncha tashqi siyosat tiliga ham koʻchmoqda. Ya'ni Oʻzbekiston dunyoga taraqqiyot statistika oʻsishi bilan yakunlanmaydi, uning inson hayotidagi natijasi muhim degan qarashni taklif qilmoqda.
Nutqda iqtisodiyot, investitsiya, eksport, kambagʻallikni qisqartirish, maktabgacha va oliy ta'lim qamrovi kabi koʻrsatkichlar keltirildi. Bu raqamlarning siyosiy ma'nosi shundaki, Oʻzbekiston BMTda faqat iqtisodiyot oʻsganini ma'lum qilmadi. Masala bunday qoʻyildi: islohot natijasi odam hayotida sezilsa, uning qadri bor. Bu davlat boshqaruvi uchun ham, xalqaro rivojlanish siyosati uchun ham muhim formula.
Qarordan amaliy natijaga: samarali BMT
BMT minbarida yangragan ushbu nutqning muhim tashqi siyosiy yoʻnalishlaridan biri tashkilot kelajagiga bagʻishlandi. 1945-yilda yaratilgan tizim bilan XXI asrning koʻp qutbli, raqamlashgan va oʻzaro bogʻliq dunyosi oʻrtasida katta farq paydo boʻldi. Shu bois, tashkilotning qaror qabul qilish salohiyati bilan birga qabul qilingan qarorlarni hayotga tatbiq etish samaradorligini ham oshirish zarurati ilgari surildi.
Oʻzbekiston BMTni zamon talablariga mos takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Xavfsizlik kengashi tarkibini bugungi xalqaro voqelikka mos kengaytirish zarurligi ta'kidlandi. Shuningdek, Oʻzbekiston 2035-2036 yillar uchun BMT Xavfsizlik kengashining nodoimiy a'zoligiga oʻz nomzodini taqdim etgani e'lon qilindi. Bu bayonot mamlakatning global xavfsizlik masalalarida mas'uliyat olishga tayyorligini koʻrsatuvchi muhim siyosiy signal boʻldi.
Bu xabarni alohida oʻqish kerak. 1992-yilda BMTga yangi qabul qilingan Oʻzbekiston bilan 2035-2036 yillarda Xavfsizlik kengashida mas'uliyat olishga tayyorligini bildirayotgan Oʻzbekiston oʻrtasida katta siyosiy masofa bor. Bir paytlar xalqaro maydonda oʻz oʻrnini izlagan davlat bugun global xavfsizlik masalalari muhokama qilinadigan eng muhim organlardan birida ishtirok etish istagini bildiryapti. Bu tashqi siyosiy ambitsiya oʻsishidan ham koʻra, mas'uliyat doirasi kengayib borayotganini koʻrsatadi.
Oʻzbekiston pozitsiyasida yana bir muhim jihat bor: xalqaro huquq turli davlatlar uchun turlicha ishlaydigan vositaga aylanib qolmasligi kerak. Bu prinsip, ayniqsa, bugun dolzarb. Chunki xalqaro munosabatlarda qoidalar tanlab qoʻllanishi va kuch siyosati qaytishi haqidagi e'tirozlar koʻpaymoqda. Oʻzbekiston kabi davlat uchun umumiy qoidalar ishlashi prinsipial ahamiyatga ega.
Markaziy Osiyo — Oʻzbekiston tashqi siyosati uchun ustuvor mintaqa. Toʻgʻri, BMT minbarida har qanday davlat vakili katta gʻoyalar aytishi mumkin. Ammo gʻoyaning qadri uni hayot tasdiqlaganida ortadi. Shuning uchun Oʻzbekistonning ochiqlik va muloqot haqidagi tezislari uchun eng kuchli misol — Markaziy Osiyoning oʻzi.
Bundan oʻn yil oldin mintaqada hal etilmagan muammolar haqida koʻp gapirilardi. Bugun manzara boshqacha. Muammolar butunlay yoʻqolib ketgani yoʻq. Ammo ularni hal qilishning siyosiy madaniyati oʻzgardi. Avval “mening manfaatim” yondashuvi ustun boʻlgan masalalarda tobora “umumiy manfaat” tushunchasi paydo boʻldi. Buni siyosatshunoslik tilida mintaqaviy ishonch kapitali oʻsishi deb atash mumkin. Uni pul bilan sotib olib boʻlmaydi. U yillar davomida muloqot, kelishuv, oʻzaro hurmat va bajarilgan va'dalar orqali shakllanadi.
Mintaqadagi bu yangi siyosiy muhit, avvalo, Prezidentimizning yaxshi qoʻshnichilikni davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylantirgan qat'iy siyosiy irodasi bilan bogʻliq. Chegaralar, savdo, transport, suv va insonlar oʻrtasidagi aloqalarga doir yillar davomida toʻplangan masalalar muloqot va oʻzaro manfaat asosida yechim topa boshladi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining mushtarak sa'y-harakatlari esa bu jarayonni mintaqaviy tendensiyaga aylantirdi. Ana shu natija BMT minbarida Oʻzbekiston tashqi siyosatining ishonchli dalili sifatida ochib berildi: mamlakat dunyoga nazariy chaqiriq bilan cheklanmay, oʻz mintaqasida samara bergan tajribani taklif qilmoqda.
Prezident Administratsiyasi rahbari nutqida Afgʻoniston mavzusi ham aniq, vazmin va pragmatik ruhda koʻtarildi. Oʻzbekistonning bu masaladagi pozitsiyasi xavfsizlik bilan insonparvarlikni, milliy manfaat bilan mintaqaviy mas'uliyatni bir nuqtada uygʻunlashtirishi bilan ahamiyatli ekani ta'kidlandi. Nutqda Afgʻonistonga munosabatni tahdidlar doirasiga tor koʻlamda bogʻlab qoʻymay, uni tinchlik, iqtisodiy bogʻliqlik va mintaqaviy barqarorlik nuqtai nazaridan baholash zarurligi aniq va ravshan bayon etildi.
Oʻzbekiston soʻnggi yillarda afgʻon xalqini iqtisodiy va mintaqaviy jarayonlarga keng jalb qilish, transport, savdo, energetika va infratuzilma orqali tinch hayotga manfaatdorlik muhitini kuchaytirish gʻoyasini izchil ilgari surmoqda. BMT minbaridan bu pozitsiyaning yana bir bor ifoda etilgani mamlakat tashqi siyosatining prinsipial izchilligini koʻrsatdi.
Bu yondashuv zamirida aniq geosiyosiy va iqtisodiy mantiq bor. Afgʻoniston Oʻzbekistonning janubiy qoʻshnisi. U yerdagi tinchlik milliy xavfsizlik, transport, savdo, energetika va butun Markaziy Osiyoning janubiy dengiz yoʻllariga chiqish imkoniyatlari bilan bevosita bogʻliq. Shu bois, Oʻzbekiston uchun Afgʻoniston tinchligi ham insoniy, ham strategik ahamiyat kasb etadi.
Nutqda ana shu murakkab masala qisqa, ammo mazmunan teran formula bilan ifodalandi: barqaror Afgʻoniston — barqaror va oʻzaro bogʻlangan Markaziy Osiyoning muhim sharti.
Oʻzbekistonning BMT minbarida eng izchil va ogʻriq bilan koʻtarib kelayotgan masalalaridan biri — Orol taqdiri. Orol xalqimiz xotirasida qurib borayotgan dengiz manzarasidan ancha keng ma'no kasb etadi. U millionlab insonlar hayoti, salomatligi, iqlim, yer va kelajak bilan bogʻliq ulkan ekologik va gumanitar darddir. Shu sabab BMT minbarida Orol haqida aytilgan har bir soʻz ortida butun bir mintaqaning kechmishi va ertasi turadi.
BMT sessiyasida bu ogʻriq xalqaro auditoriyaga ta'sirchan va mas'uliyatli ohangda yetkazildi. Orol fojiasi inson qarorlarining tabiat va jamiyat taqdiriga qanday ogʻir ta'sir koʻrsatishi mumkinligini koʻrsatgan global saboq sifatida talqin etildi. Ayni paytda Oʻzbekiston Orolboʻyini fojia ramzi holatida qoldirmay, ekologik innovatsiyalar, “yashil” texnologiyalar va yangi yechimlar sinovdan oʻtadigan hududga aylantirish maqsadini ilgari surdi.
Bu maqsad yangi Oʻzbekiston ekologik diplomatiyasining muhim belgisiga aylanmoqda: ogʻriqni dunyoga eshittirish bilan birga, yechim taklif qilish, muammoni koʻrsatish bilan birga, kelajakka yoʻl ochish. Orol masalasining BMT minbarida ana shunday ruhda koʻtarilishi mamlakatning global ekologik kun tartibidagi ovozi salmogʻini yanada oshirdi.
Sivilizatsion oʻzlik
Bugun dunyo texnologiyaga tobora koʻp suyanmoqda. Sun'iy intellekt iqtisodiyot, ta'lim, tibbiyot, davlat boshqaruvi va axborot makonini tez oʻzgartirmoqda.
BMT minbarida sun'iy intellekt va raqamlashuv inson huquqlari, xavfsizlik, teng imkoniyat va mas'uliyat tamoyillaridan ajralmasligi zarurligi ta'kidlandi. Bu fikrning siyosiy-falsafiy qiymati katta. Chunki XXI asrda davlatlar qudrati faqat hudud, xomashyo yoki harbiy salohiyat bilan belgilanmaydi: ma'lumot, algoritm va texnologiyani inson manfaatlariga yoʻnaltira olish ham muhim mezonga aylanmoqda.
Shu ma'noda, “texnologiya inson uchun” degan yondashuv yangi Oʻzbekiston siyosatidagi inson qadri gʻoyasining raqamli davrga koʻchishidir. Taraqqiyotning haqiqiy qadri texnik imkoniyatlar koʻpayishi barobarida, ular insonning huquqi, erkinligi va hayotiy imkoniyatlarini qay darajada kengaytirishi bilan belgilanadi.
Nutqda alohida ahamiyatli yana bir jihat bor. Bu Oʻzbekistonning sivilizatsion oʻzligini zamonaviy tashqi siyosat bilan bogʻlashga harakat qilinganidir. Toshkentda Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi tilga olindi. U oʻtmish yodgorliklarini namoyish etadigan maskan doirasidan ancha keng — bilim, tafakkur, ma'rifat va sivilizatsiyalar muloqoti markazi sifatida talqin etildi. Oʻzbekiston madaniyatlar va dinlararo muloqot, ma'rifat va bagʻrikenglikni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro hamkorlikni davom ettirishini bildirdi.
Mana shu yerda nutqning yana bir qimmatli jihati ochiladi. Samarqand, Buxoro, Xorazm, Fargʻona va Termizdan asrlar davomida dunyoga ilm, ma'rifat, davlatchilik madaniyati va bagʻrikenglik nurini taratgan yurt bugun oʻz tarixiy vorisiyligini zamonaviy taraqqiyot, ochiqlik, innovatsiya va inson qadri bilan uygʻunlashtirishga intilmoqda. Bu — madaniy xotiraning zamonaviy tashqi siyosat tilida ifoda topishidir.
Shu jihatga alohida e'tibor berish zarur. Bugun mamlakatning xalqaro obroʻsi faqat uning iqtisodiy koʻrsatkichi bilan qurilmaydi. Dunyo hamjamiyati davlatni madaniyati, ilmiy merosi, qadriyatlari, insonga munosabati va boshqa xalqlar bilan qanday muloqot qila olishi orqali ham qabul qiladi. Xalqaro munosabatlarda bu “yumshoq kuch” deyiladi.
Oʻzbekistonning bu boradagi resursi beqiyos. Muhammad Xorazmiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy kabi buyuk zotlar bir xalqning faxri doirasiga sigʻmaydi. Ular jahon tafakkuri tarixining bir qismi. Lekin tarixiy merosning oʻzi avtomatik ravishda yumshoq kuchga aylanmaydi. Uni oʻrganish, zamonaviy tilda taqdim etish, yosh avlod bilan bogʻlash va dunyoga yetkazish kerak.
Islom sivilizatsiyasi markazining BMT minbarida tilga olinishi madaniy mavzuning oʻzi bilan cheklanmaydi. Bu Oʻzbekistonning oʻzini dunyoga qanday mazmunda taqdim etayotganini koʻrsatadi: jaholatga qarshi ma'rifatni, nizoga qarshi muloqotni, nafratga qarshi bilimni ilgari suradigan sivilizatsiya vorislari sifatida.
Tarixiy masofaga nazar tashlasak, Oʻzbekistonning xalqaro siyosiy ovozi bosqichma-bosqich yangi mazmun kasb etganini koʻramiz. 1992-yilda BMT a'zoligi mustaqil davlat sifatida jahon hamjamiyatiga kirish uchun huquqiy asos boʻldi. 2017-yilda ochiqlik va yaxshi qoʻshnichilikka tayangan yangi tashqi siyosiy yoʻnalish ravshan ifodalandi. 2023-yilda global ishonch inqiroziga doir ogohlantirishlar yangradi. 2026-yilda esa xalqaro huquq, BMT islohoti, mintaqaviy xavfsizlik, ekologiya, sun'iy intellekt va inson qadri masalalari Oʻzbekistonning yaxlit pozitsiyasi sifatida taqdim etildi.
Bu jarayonning mohiyati birgina diplomatik faollikning oʻsishida emas. Mamlakatimizning xalqaro munosabatlarga yondashuvida ham sifat oʻzgarishi namoyon boʻlmoqda: Oʻzbekiston oʻz manfaatlarini aniq ifoda etgan holda turli davlatlar bilan teng sheriklik, oʻzaro hurmat va manfaatlar muvozanatiga asoslangan aloqalarni rivojlantirishga intilmoqda.
Yirik kuch markazlari oʻrtasidagi raqobat kuchaygani sari kichik va oʻrta davlatlarning mustaqil siyosiy manyovr imkoniyatlari torayishi mumkin. Bunday sharoitda milliy manfaatni yoʻqotmaslik, turli tomonlar bilan muloqotni saqlash va hech bir hamkorlikni boshqasiga qarshi qoʻymaslik alohida diplomatik mahoratni talab etadi. Oʻzbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosati aynan shu murakkab muvozanatni saqlashga qaratilgan. BMT minbaridagi pozitsiyaning strategik mazmunini ham shu nuqtai nazardan baholash lozim.
Davlat pozitsiyasining kuchi
Oʻzbekiston nomidan BMT Bosh Assambleyasi minbarida soʻzlash yuksak siyosiy va diplomatik mas'uliyatni talab etadi. 81-sessiyada bu mas'uliyat Prezident Administratsiyasi rahbari zimmasiga tushdi. Nutqning siyosiy ahamiyati, avvalo, milliy manfaatga tayangan davlat pozitsiyasini xalqaro auditoriyaga tushunarli, vazmin va ishonchli tarzda yetkazilishida namoyon boʻldi.
Bu yerda masalaning yana bir muhim jihati bor: davlat pozitsiyasining kuchi uning sabablari va amaliy natijalari bilan asoslanishidadir. Markaziy Osiyodagi oʻzgarishlar yaxshi qoʻshnichilik siyosatining amaliyoti sifatida, iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar inson qadri mezoni bilan, BMTni takomillashtirish takliflari esa global boshqaruvda adolat va samaradorlik zarurati bilan bogʻlandi. Ana shu bogʻliqlik nutqqa yaxlit siyosiy mantiq bagʻishladi.
Bosh Assambleyada aytilgan har bir soʻz mamlakat nomidan yangraydi. Uni davlatlar delegatsiyalari tinglaydi, diplomatik doiralar tahlil qiladi, xalqaro jamoatchilik baholaydi. Shuning uchun soʻzning aniqligi, ohangning vazminligi va milliy manfaatning ravshan ifodasi tashqi siyosiy muloqotning muhim shartidir. Nutqdagi ochiqlik, inson qadri va xalqaro huquq haqidagi qarashlar shu mezonlar asosida oʻzaro bogʻlandi.
Nyu-Yorkdagi BMT zalida Oʻzbekiston nomi yozilgan joy bor. U yerda yangragan har bir ovoz ortida mamlakatimizning tarixi va ertasi, Samarqanddagi ustoz, Fargʻonadagi dehqon, Qoraqalpogʻistondagi oila, Toshkentda izlanayotgan yosh tadbirkor va xorijda mehnat qilayotgan vatandoshning taqdiri turadi. Davlat siyosatining oxirgi mezoni ana shu insonlarning tinchligi, qadr-qimmati va kelajagidir. BMTda yangragan inson qadri gʻoyasi mamlakatning ichki islohotlari bilan tashqi siyosatini birlashtiruvchi tamoyil sifatida ham ahamiyatli.
Xulosa
BMT minbarida yangragan hamma nutq ham tarixga kiravermaydi. Ayrimlari kundalik siyosat bilan birga unutiladi. Ayrimlari esa davlatning muayyan davrda oʻzini qanday anglagani haqidagi hujjatga aylanadi.
Oʻzbekistonning BMT Bosh Assambleyasi 81-sessiyasida yangragan ovozi ana shunday mazmunga ega. Nutqda mamlakatning qanday dunyoni istashi, global jarayonlarga qaysi prinsiplar asosida yondashishi va xalqaro hamjamiyatda qanday mas'uliyatni zimmasiga olishga tayyor ekani yaxlit siyosiy mantiqda ifoda etildi.
Biz ochiqlik tarafdorimiz. Biz yaxshi qoʻshnichilik tarafdorimiz. Biz har bir davlat ovozi eshitiladigan xalqaro tizim tarafdorimiz. Biz xalqaro huquq barcha uchun bir xil ishlashini istaymiz. Biz inson qadrini davlat siyosatining mezoni deb bilamiz. Biz tariximizdan kelajakka kuch olamiz. Biz texnologiyani insonga xizmat qildirishni istaymiz. Biz Orol fojiasidan dunyo uchun ekologik saboq chiqarishga harakat qilamiz. Biz Afgʻonistonda tinchlik boʻlishini oʻz manfaatimiz deb bilamiz. Biz Markaziy Osiyoni taraqqiyot va hamkorlik makoniga aylantirish mumkinligiga ishonamiz.
Oʻzbekistonning BMT minbarida yangragan ovozining asosiy mazmuni mana shu. Uning qiymati shundaki, u bir vaqtlar dunyoga ilm, ma'rifat va tafakkur tarqatgan tarixiy yurtning bugun oʻz buyuk merosiga suyanib, zamonaviy davlatchilik, ochiqlik, taraqqiyot va inson qadri orqali jahon bilan yangi mazmunda muloqotga kirishayotganini koʻrsatdi.
Oʻzbekiston oʻz milliy manfaatlarini mustaqil belgilash, hamkorlik yoʻnalishlarini suveren tanlash va global jarayonlarga oʻz qarashini ochiq bildirishga qodir, oʻz soʻzi va siyosiy irodasiga ega kuchli davlat sifatida maydonga chiqmoqda.
2026-yil sentabrda Nyu-Yorkda ana shu soʻz yana bir bor yangradi. Uning mazmunida tarixiy xotira, ortga qaytmas islohotlar, bugungi murakkab dunyodan xavotir ham, kelajakka ishonch ham, eng muhimi, Oʻzbekistonning oʻz taqdiri va oʻz yoʻli uchun mas'uliyatni zimmasiga olayotgan davlat sifatidagi pozitsiyasi bor edi.
Dunyo qanchalik notinch boʻlmasin, tashqi bosimlar qanchalik kuchaymasin, geosiyosiy shamollar qaysi tomondan esmasin, milliy manfaatini bilgan, xalqining qadrini ustuvor qoʻygan va oʻz soʻziga ega davlat yoʻlini yoʻqotmaydi. Yangi Oʻzbekistonning BMT minbarida yangragan pozitsiyasi, eng avvalo, ana shu ishonchning ifodasi boʻldi.
Furqat JOʻRAQULOV,
siyosiy fanlar doktori, professor
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2026-yil 11-noyabr, №234 (1833)
