2026-yil 30-oktabr kuni Turkiyaning Anqara shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Davlat rahbarlari kengashining 13-sammiti boʻlib oʻtdi. “Turkiy asr: tilda, fikrda, ishda birlik” shiori ostidagi bu anjuman turkiy olamning tarixiy xotirasi bilan bugungi global oʻzgarishlar tutashgan nuqtada oʻtgani bilan alohida ahamiyatga ega.
Ramziy jihati shundaki, turkiyzabon davlatlar rahbarlarining ilk uchrashuvi ham 1992-yilda aynan Anqarada boʻlgan edi. Oʻshandan beri hamkorlik davri uzoq yoʻlni bosib oʻtib, oddiy muloqot maydonidan koʻp qirrali xalqaro tashkilotga aylandi. Oʻzbekiston 2018-yilda Choʻlpon-Otadagi sammitda mehmon sifatida ishtirok etgan, 2019-yildan esa tashkilotning toʻla huquqli a'zosi sifatida uning hayotida faol qatnashib kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sammitdagi nutqi umumiy da'vatlar bilan cheklanmagani, balki aniq mexanizmlar, loyihalar va muddatli vazifalar majmuasini ilgari surgani bilan ajralib turdi. Nutqning mazmun-mohiyatini uchta qatlamda – geosiyosiy, iqtisodiy-huquqiy va insoniy-gumanitar qatlamlarda oʻqish mumkin.
Oʻzgaruvchan dunyo va ishonch makoni
Davlat rahbari nutqini xalqaro tartibning shiddat bilan oʻzgarayotgani va geosiyosiy raqobatning kuchayishi haqidagi tahlildan boshladi. Turkiy tilli hududlarga yaqin joylardagi qurolli mojarolar va tarangliklar xavfsizlikka, savdo va transport aloqalariga, umuman, taraqqiyotga bevosita zarar yetkazayotgani alohida ta'kidlandi. Bu baho siyosiy nuqtai nazaridan muhim. Noaniqlik avj olgan davrda davlatlar odatda ikki yoʻldan boradi: yo yopiq bloklarga birlashadi, yo milliy manfaatlarini koʻp tomonlama, ochiq hamkorlik orqali himoya qiladi. Oʻzbekiston tashqi siyosatining soʻnggi oʻn yillik izchil yoʻnalishi ikkinchi yoʻl boʻldi: harbiy bloklarga qoʻshilmaslik, ochiqlik, pragmatizm va barcha sheriklar bilan teng huquqli munosabat.
Shu bois Prezidentning TDTni harbiy-siyosiy ittifoq sifatida emas, oʻzaro ishonch va amaliy sheriklikka asoslangan maydon sifatida ta'riflashi tasodifiy emas. Nutqda «ishonch» tushunchasi kalit oʻrin tutadi: ishonch boʻlmagan joyda loyiha ham, investitsiya ham, umumiy shior ham uzoqqa bormaydi. Ishonch esa bitta sammit bilan emas, muntazam muloqot, shaffof qoidalar va bajarilgan va'dalar bilan quriladi.
“TDT plyus”: ochiq mintaqaviylik namunasi
Nutqdagi eng muhim institutsional tashabbus – uchinchi mamlakatlar bilan hamkorlikni “TDT plyus” formatida boshlash taklifidir. Unga koʻra, savdo, transport, investitsiya va boshqa ustuvor sohalar boʻyicha tarmoq vazirlari darajasida uchrashuvlar oʻtkaziladi. Shu bilan birga xalqaro va mintaqaviy masalalar boʻyicha muntazam siyosiy maslahatlashuvlar ham nazarda tutildi.
Bu taklifning mantiqi oddiy, ammo chuqur. Tashkilot oʻzini faqat etnik-madaniy oʻxshashlikka tayanadigan yopiq klub emas, balki manfaat va loyiha atrofida oʻzga sheriklar uchun ham ochiq platforma sifatida koʻrsatmoqda. Xalqaro munosabatlar nazariyasida bu “ochiq mintaqaviylik” deb yuritiladi. ASEAN tajribasidagi “plyus” formatlari shunday yondashuvning samarasini koʻrsatgan. Tarmoq darajasidagi uchrashuvlar yana bir afzallikka ega: siyosiy kelishuv kutmasdan, texnik va iqtisodiy masalalarda amaliy natijaga erishish imkonini beradi. Shu tariqa TDTning tashqi aloqalari kengayadi, uning xalqaro obroʻsi oshadi.
Iqtisodiy integratsiyaning yangi mantigʻi: “Turkiy dunyo – 100”
Nutqning iqtisodiy bloki “Turkiy dunyo – 100” dasturini qabul qilish taklifi atrofida qurilgan. Dastur yuzta strategik qoʻshma investitsiya va sanoat loyihasini qamrab oladi va Turkiy investitsiya jamgʻarmasi hamda xalqaro moliya institutlari bilan ta'minlanishi koʻzda tutiladi. Eslatib oʻtamiz, Turkiy investitsiya jamgʻarmasini tuzish toʻgʻrisidagi bitim 2023-yil 16-martda Anqarada imzolangan edi. Demak, yangi dastur yangi moliyaviy institut yaratishni emas, mavjud mexanizmni amaliy loyihalar bilan toʻldirishni koʻzlaydi.
Dasturning mazmuni ham e'tiborga loyiq. Prezident nodir va strategik minerallarni toʻliq qayta ishlashni, yashil energetika uskunalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni va yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotga e'tiborni qaratishni taklif qildi. Bu hozirgi jahon geoiqtisodiyotidagi eng dolzarb masalaga javob: kritik minerallar bugun texnologik raqobatning markazida turibdi. Xomashyo sotuvchisi boʻlib qolgan mamlakat qiymatning asosiy qismini boshqalarga beradi. Turkiy davlatlar birlashgan holda mineral resurslar, keng bozor (tashkilot a'zolarining umumiy aholisi yuz milliondan ortiq) va oʻsib borayotgan sanoat salohiyatiga ega. Ularni yagona qiymat zanjiriga bogʻlash – har bir ishtirokchi uchun raqobatbardoshlikning mustahkam zaminidir.
Huquqiy va logistik poydevor
Iqtisodiy tashabbuslar huquqiy ishonchsiz yashamaydi. Shu sababli tijorat masalalarida huquqiy yordam boʻyicha koʻp tomonlama shartnoma tuzish taklifi oʻta muhim. Unda sud qarorlarini oʻzaro tan olish va ijro etish, shuningdek, huquqiy soʻrovlar almashinuvi uchun raqamli platforma yaratish koʻzda tutilgan. Tadbirkor uchun haqiqiy tavakkal koʻpincha shartnoma tuzishda emas, nizo chiqqanda qaror ijro etilishi-etilmasligida namoyon boʻladi. Qarorlarning chegaradan oʻtib ijro etilishi – investorga bashoratlilik va himoya hissi beradi, hududiy bozorni yagona huquqiy makonga yaqinlashtiradi.
Logistika sohasida Oʻrta yoʻlak va u bilan bogʻliq yoʻnalishlarni yagona tizimga birlashtirish hamda “Turkiy logistika majmualari” tarmogʻini yaratish va uni birga boshqarish taklif etildi. Dengizga chiqish imkoniga ega boʻlmagan, ikki karra yopiq mamlakat sifatida Oʻzbekiston uchun transport aloqalari iqtisodiy xavfsizlikning bevosita tarkibiy qismi. Yoʻnalish birligi tarif, chegara va hujjatlashtirish masalalarini uygʻunlashtirsa, yuk yetkazish muddati va tannarxi pasayadi, bu esa Osiyo va Yevropa bozorlariga chiqishda raqobat ustunligini beradi.
Inson omili: ta’lim, turizm, til va tabiat
Nutqning gumanitar qismi institutlarni emas, odamlarni birlashtirishga qaratilgan. Turkiy turizm ittifoqini tuzish taklifi umumiy tarixiy shaharlar, tabiat, madaniyat va mehmondoʻstlikni birgalikda ilgari surishni koʻzda tutadi. Misol uchun keltirilgan raqamlar e'tiborga loyiq: 2025-yilda a'zo davlatlarga yuz milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Fuqarolarning ID-kartalar bilan safar qilishi, chegaradan oʻtish va hududda boʻlib turish tartiblarini soddalashtirish boʻyicha koʻp tomonlama bitim tuzish taklifi esa integratsiyani birinchi navbatda odamning kundalik tajribasida his qildirishga yoʻnaltirilgan.
Ta'lim yoʻnalishida Oʻzbekistonning «Yangi Oʻzbekiston» stipendiyasi (xorijiy talabalar uchun 500 grant) tajribasiga tayanib, turkiy davlatlar fuqarolari uchun har yili 200 ta grant ajratish taklif qilindi. Bu – yaqin kelajakda umumiy qarashlar, oʻzaro muloqot tili va shaxsiy tanishuv tajribasiga ega kadrlar qatlamini yaratuvchi uzoq muddatli sarmoya. Til masalasi ham e'tibordan chetda qolmadi: barcha turkiy xalqlarga tushunarli soʻzlarni oʻz ichiga olgan «Umumturkiy soʻzlar lugʻati»ni tuzish taklif etildi. Turkiy tillarning oʻzaro yaqinligi katta imkoniyat, ammo alifbo va yozuv tizimlaridagi xilma-xillik amaliy muloqotda toʻsiq boʻlib kelgan. Umumiy lugʻat bu toʻsiqni yengishga yordam beradigan amaliy koʻprik vazifasini oʻtaydi. Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotning mavjudligi ham madaniy birlikning tirik ramzi, umumiy adabiy merosimizga hurmatning ifodasidir.
Nutqda tabiatni asrash masalasi ham alohida oʻrin oldi. TDT doirasida 2027-yilni “Tabiatni asrash yili” deb e'lon qilish taklif etildi; uning ustuvor vazifalari Antaliyada oʻtkaziladigan COP-31 doirasidagi atrof-muhit vazirlari yigʻilishida koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan. Iqlim oʻzgarishi, suv tanqisligi va choʻllanish Markaziy Osiyo uchun ham, butun turkiy dunyo uchun ham umumiy xatarlardir. Ularga yolgʻiz davlatning kuchi yetmaydi.
Institutsional davomiylik va Oʻzbekistonning oʻrni
Nutqda institutsional masalalar ham chetlab oʻtilmadi. Prezident Ozarbayjonning TDTdagi raislik davri uchun Ilhom Aliyevga, tashkilotning Bosh kotibi Qubanichbek Omuraliyevga faoliyati uchun minnatdorlik bildirdi, raislikni qabul qilgan Turkiyaga muvaffaqiyat tiladi. Shuningdek, oʻzbekistonlik nomzod – Mirvohid Azimovning Bosh kotib lavozimiga koʻrsatilganini qoʻllab-quvvatlagani uchun a'zo davlatlarga tashakkur aytildi. Eng muhimi, Oʻzbekiston 2027-yilda TDTning navbatdagi sammitiga mezbonlik qilishga tayyorligini ma'lum qildi. Bu – mamlakatimizning tashkilotdagi roli faol ishtirokchidan tashabbuskor va tashkilotchi darajasiga koʻtarilayotganining ifodasidir.
Tahliliy xulosalar: imkoniyatlar va sinovlar
Birinchidan, tashabbuslar “deklaratsiyadan loyihaga” oʻtish tamoyiliga asoslangan. Iqtisod, huquq, logistika va gumanitar soha – toʻrt ustun bir-birini toʻldiradi: infratuzilmasiz savdo, huquqiy kafolatsiz investitsiya, insonlar oʻrtasidagi aloqasiz ishonch boʻlmaydi. Ikkinchidan, TDTni geosiyosiy blok emas, oʻzaro manfaatli ochiq makon sifatida ta'riflash Oʻzbekistonning koʻp vektorli siyosatiga mos keladi va boshqa yirik sheriklar bilan aloqalarga zarar yetkazmaydi.
Ayni paytda haqiqatga yondashuv xolis boʻlishi kerak. A'zo davlatlarning iqtisodiy tuzilmasi va tashqi siyosiy majburiyatlari turlicha, oʻzaro savdo salohiyati esa toʻliq roʻyobga chiqmagan. Taklif qilingan tashabbuslar moliyalashtirish, ichki ratifikatsiya jarayonlari va ijro nazorati bilan sinovdan oʻtadi. Asosiy savol – qarorlar qanchalik tez va izchil bajariladi. Nutqning kuchli tomoni shundaki, u mas'uliyat va muddatlarni aniq belgilash ruhida qurilgan.
Bu tashabbuslar Namangan viloyati uchun ham bevosita ahamiyatga ega. Fargʻona vodiysining ajralmas qismi va Qirgʻiziston bilan chegaradosh viloyat sifatida hududimiz transport-logistika, savdo va chegara ortidagi hamkorlikdan bevosita manfaatdor. Turizm ittifoqi tarixiy va hunarmandchilik an'analariga boy Namanganga yangi yoʻnalishlar ochadi. Grantlar va umumiy ta'lim makonining kengayishi esa oliy ta'lim muassasalarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun yangi imkoniyatdir.
Xulosa qilib aytganda, Anqara sammitidagi nutq turkiy olamning oʻtmishdagi umumiyligini bugungi va ertangi amaliy hamkorlikka aylantirish dasturi sifatida oʻqilishi kerak. Prezidentning nutq yakunida qaytarilgan ‘Biz bir boʻlsak, yanada qudratlimiz” mazmunidagi chaqiriq esa shunchaki shior emas – birlikni loyiha, qonun, yoʻlak va ta'lim orqali mustahkamlash zarurligini anglatadi. Bu yoʻl oson boʻlmaydi, ammo uning yoʻnalishi toʻgʻri: noaniq zamonda eng ishonchli tayanch – xalqlar oʻrtasidagi chinakam hamjihatlik va amaliy hamkorlikdir.
Narimon DEHQONOV
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti Namangan mintaqaviy filiali professori,
Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati
Manba: Namangan haqiqati gazetasi. 2026-yil 12-noyabr №89-90-91 (20417)
