Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida 2026-yil 2-noyabr kunidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasalari pedagog kadrlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlar, tuman/shahar bosh imom-xatiblari hamda imom-xatib va imom noiblaridan iborat tinglovchilar uchun 3-davra Malaka oshirish o‘quvlari boshlandi.
Tasdiqlangan kontingent rejasi va o‘quv dasturiga muvofiq, “Davlat va din munosabatlari”, “Islomshunoslik” yo‘nalishlarida tashkil etilayotgan mazkur malaka oshirish o‘quvlariga Institut tomonidan har bir modullar bo‘yicha soha mutaxassislaridan iborat professor-o‘qituvchilar jamoasi shakllantirilgan. Jumladan, o‘quvlarning birinchi kuni tarix fanlari doktori, professor I.Bekmirzayev “Aqidaparast kontentlarga ilmiy asosda raddiya berish uslublari”, siyosiy fanlar doktori, professor F.Jo‘raqulov “O‘zbekistonda jamiyat ma’naviy hayotida o‘zgarishlar dinamikasi: ijtimoiy-siyosiy tahlil”, PhD, dotsent F.Rashidov “O‘zbekistonda davlat va din munosabatlari hamda me’yoriy-huquqiy asoslari”, PhD, dotsent B.Muxtarov “Jamiyat ma’naviy-axloqiy tarbiyasida tasavvuf ta’limotining o‘rni” va PhD, katta o‘qituvchisi J.Axmedov tomonidan “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi mazmun-mohiyati” mavzularida dars mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
Malaka oshirish o‘quvlari davom etmoqda.
