Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutining Samarqand mintaqaviy filialida o‘quv jarayonini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasi asosida hamkorlikda tinglovchilar bilan yetuk diniy-maʼrifiy soha xodimlari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari muntazam olib borilmoqda.


Shunday tadbirlardan biri 2026-yil 21-oktyabr kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Bekmirzayev Ilxomjon Isroiljonovich ishtirokida tashkil etildi.
Tashrif davomida professor I.I.Bekmirzayev filial faoliyati bilan tanishdi va “Imomlik — buyuk mas’uliyat” mavzusida ma’ruza qildi.



Ma’ruzada imomlik maqomining diniy, ma’naviy va ijtimoiy mohiyati, imom-xatiblarning jamiyat hayotidagi o‘rni va zimmasidagi mas’uliyat masalalari ilmiy-nazariy hamda amaliy jihatdan yoritib berildi. Xususan, imom-xatibning nafaqat diniy bilimlarni yetkazuvchi mutaxassis, balki jamiyatda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, yosh avlodni ezgulik, bag‘rikenglik, vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutuvchi ma’rifatparvar shaxs ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, bugungi globallashuv va axborot makoni jadal rivojlanayotgan sharoitda imom-xatiblarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, diniy-ma’rifiy masalalarga ilmiy va xolis yondashishi, turli yot g‘oyalar va noto‘g‘ri diniy talqinlarning oldini olishda faol ishtirok etishi muhimligi qayd etildi.
Ma’ruza davomida imomlik faoliyatida yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar, mas’uliyat, halollik, bilimdonlik, odob-axloq, xalq bilan muloqot madaniyati hamda zamonaviy kommunikativ yondashuvlarning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Imom-xatib va imom noiblarning o‘z ustida muntazam ishlashi, diniy va dunyoviy bilimlarini izchil oshirib borishi, jamiyatdagi ijtimoiy-ma’naviy jarayonlarni chuqur anglab, aholiga to‘g‘ri va ishonchli ma’lumotlarni yetkazishi bugungi kunning dolzarb talabi ekani qayd etildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ma’ruza yuzasidan fikr va mulohazalar almashdilar. Mazkur ma’ruza malaka oshirayotgan imom-xatib va imom noiblarning kasbiy kompetensiyasini rivojlantirish, diniy-ma’rifiy faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish hamda imomlik mas’uliyatini yanada chuqur anglashida muhim ahamiyat kasb etdi.
