Insoniyat tarixidagi buyuk kashfiyotlar ham, mudhish fojiyalar ham avvalo inson tafakkuri va ruhiyatida shakllanadi. Jamiyatdagi tinchlik, millatlararo va diniy konfessiyalararo totuvlik shunchaki huquqiy me’yor emas, balki har bir fuqaroning ongi, hissiyoti va kundalik xulq-atvorida yashaydigan tirik ijtimoiy-psixologik voqelikdir.
Diniy bag‘rikenglikning ruhiy ildizlari, uni harakatga keltiruvchi beshta ijtimoiy-psixologik mexanizm hamda yosh avlod qalbida bag‘rikenglik madaniyatini qaror toptirish yo‘llari haqida fikr yuritmoqchimiz.
Bag‘rikenglik — zaiflik emas, balki ruhiy etuklik va ma’naviy qudrat mezoni. Kundalik hayotda ba’zan «bag‘rikenglik» (tolerantlik) tushunchasini shunchaki yon berish, o‘z fikridan voz kechish yoxud atrofda bo‘layotgan voqealarga loqayd qarab turish bilan adashtirish holatlari uchraydi. Zamonaviy ijtimoiy psixologiya nuqtai nazaridan loqayd odam ma’naviy tanballik tufayli sukunat saqlasa, haqiqiy bag‘rikeng shaxs o‘z e’tiqodi va milliy qadriyatlariga sodiq qolgan holda, o‘zgalarning e’tiqod qilish, fikrlash va yashash huquqini ongli ravishda hurmat qiladi.
Mashhur psixolog va faylasuf Viktor Frankl ta’kidlaganidek: «Faqat o‘zining ma’naviy o‘zagiga ishongan, ruhan erkin va ichki qo‘rquvlardan xoli insongina o‘zgalarga nisbatan chinakam bag‘rikeng bo‘la oladi». Psixologik tahlillar o‘zga din yoki millat vakiliga nisbatan toqatsizlik, tajovuzkorlik va nafrat ko‘pincha shaxsning ichki ishonchsizligi, bilimsizligi hamda o‘zlikni anglashdagi kemtiklikdan oziqlanishini ko‘rsatadi. Demak, diniy bag‘rikenglik zaiflik belgisi emas, balki intellektual va ruhiy etuklik ko‘rsatkichidir.
Yangi O‘zbekistonda ushbu tamoyil davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» maxsus rezolyutsiyasining yakdillik bilan qabul qilinishi bejiz emas. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 35-moddasi, 2021-yil 5-iyuldagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonun, 2025-yil 25-fevraldagi Konsepsiya hamda «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi yurtimizdagi 130 dan ziyod millat va 16 ta diniy konfessiya vakillarining ahil yashashi uchun huquqiy kafolatdir.
O‘zbek xalqining etnopsixologik tuzilmasida mehmondo‘stlik, andisha va «murosayu madora» tamoyili Buyuk Ipak yo‘lidagi madaniyatlararo muloqot mahsulidir. Bundan ming yil avval Abu Rayhon Beruniy jahon ilm-fanida ilk bor madaniyatlararo xolislik metodini qo‘llab, o‘zga xalqlar e’tiqodini ularning o‘z manbalari orqali tushunishga chaqirgan. Imom Abu Mansur Moturidiy esa «Ta’vilot ahl as-sunna» asarida takfir va haddan oshishning psixologik ildizi aql va ilm tanazzuli ekanini isbotlab, islomning asl mohiyati mo‘tadillik (vasatiya) va insonparvarlik ekanini asoslagan. Namangan zaminida ham Axsikent ilmiy maktabi, Maxdumi A’zam Kosoniy hamda olti til va turli yozuvlarni o‘rganib «Lug‘ati sitta al-sina» va «Jome’ ul-xutut» asarlarini yaratgan Is’hoqxon To‘ra Ibrat merosi o‘z dini va millatini teran anglagan ma’rifatli inson boshqa xalqlarning tili hamda ilm-fanidan hayiqmasligini, aksincha, ularni o‘rganish orqali o‘z xalqining yuksalishiga hissa qo‘shishini isbotlaydi.
Kognitiv psixologiya va neyrobiologiyaga ko‘ra, inson miyasi murakkab axborotga duch kelganda energiya tejash uchun voqelikni stereotiplar orqali soddalashtiradi va «Biz (o‘zimiznikilar, to‘g‘rilar)» va «Ular (begonalar, xavflilar)» degan ikki qutbli (oq-qora) sxema yuzaga keladi. Mutaassiblikka moyil «tonnel tafakkuri» holatida miyaning mantiqiy tahlil markazi susayib, qo‘rquv va tajovuzga javobgar quyi emotsional markaz ustunlik qiladi.
1. Kognitiv ravshanlik va stereotiplarni eritish mexanizmi. Bilimsizlik qo‘rquvni, qo‘rquv esa adovatni tug‘diradi.
2. Empatik desentratsiya mexanizmi. Karl Rojers ta’kidlaganidek, muloqotdagi eng katta to‘siq — tinglamasdan hukm chiqarishdir.
3. Ustuvor umumfuqarolik identikligi («Yagona Vatan — umumiy taqdir») mexanizmi. Genri Tejfel va Jon Terner asoslagan qonuniyatga ko‘ra, tor guruhiy o‘zlik begonalashuvni kuchaytiradi. Buning oldini olish uchun barcha fuqarolarni birlashtiruvchi «Men — Yangi O‘zbekiston fuqarosiman!» degan yuqori tartibli ijtimoiy identifikatsiya ustuvor bo‘lishi zarur.
4. Birgalikdagi ezgu faoliyat va kooperativ muloqot mexanizmi. Gordon Allport xulosasiga ko‘ra, shunchaki ma’ruza o‘qish bilan totuvlikka erishib bo‘lmaydi; haqiqiy yaqinlik umumiy maqsad yo‘lidagi amaliy mehnatda tug‘iladi. «Yashil makon» tadbirlari, qo‘shma ilmiy izlanishlar yoki sport jamoalaridagi hamkorlik ko‘rinmas psixologik pardalarni eritadi.
5. Refleksiv-immunologik (virtual manipulyatsiyalardan himoyalanish) mexanizmi. Destruktiv yollovchilar yoshlarning yolg‘izlik va o‘z o‘rnini topish ehtiyojidan foydalanib, emotsional kontent orqali ongni manipulyatsiya qiladi.
Oila, mahalla va ta’lim uchburchagi jamiyat hayotida muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekiston psixologiya maktabi darg‘alari — professorlar E. G‘oziyev va V. Karimova ta’kidlaganidek, inson mutaassib yoki bag‘rikeng bo‘lib tug‘ilmaydi; bu sifatlar oila, mahalla va ta’lim dargohida shakllanadi. Oilada avtoritar tazyiq va so‘zsiz bo‘ysundirish hukm sursa, o‘smir yo tajovuzkor, yo internetdagi soxta «avtoritetlar»ga ergashuvchi tobe shaxsga aylanadi. Samimiy muloqot va qadriyatlar aql tarozisi bilan tushuntiriladigan ma’rifiy oilada esa ruhan barqaror avlod voyaga etadi.
O‘ktamjon TUMANOV,
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti Namangan mintaqaviy filiali dotsenti, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Manba: Namangan haqiqati gazetasi, 2026-yil 26-noyabr | №94–95–96 (20422)
