• +998 71 244 69 32
  • This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.

yonma yon 2

O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi huzuridagiDiniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti
YANGI OʻZBEKISTON ZIYOLILARINING MISSIYASI NIMA?

YANGI OʻZBEKISTON ZIYOLILARINING MISSIYASI NIMA?


Hunarni asrabon netkumdir oxir,
Olib tuproqqami ketkumdir oxir.
Alisher Navoiy

Gohida oʻylanib qolaman: aslida “ziyoli” deb kimni aytamiz? Koʻp kitob oʻqigan, qoʻlida bir nechta diplomi yoki ilmiy unvoni bor odamnimi? Menimcha, yoʻq. Bilim odamga kuch va imkoniyat berishi rost, lekin oʻsha bilimni oʻz qobigʻida saqlab qolmay, atrofdagi odamlarning hayotini yaxshilashga, jamiyatning ogʻirini yengil qilishga sarflay olish hammaga ham nasib etavermaydi.

Chinakam ziyolilik – atrofda boʻlayotgan voqealarga befarq qarab turmaslik, mustaqil fikrlay olish va jamiyatdagi muammolarni koʻrganda “menga nima” deb qoʻl siltab ketmasdan, ularning yechimiga vijdonan masʼuliyat sezishdir. Ziyolining qadri ham u nechta maqola yozgani bilan emas, balki aytgan soʻzi va qilgan ishi odamlar hayotida qanday oʻzgarish yasayotgani bilan oʻlchanadi.

Yaqin tarixga nazar tashlang: XX asr boshidagi jadid bobolarimiz – Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitratlarning birortasida bugungidek zamonaviy akademiyalar yoki milliardlab grantlar boʻlmagan. Lekin ular millatning dardini oʻz dardi deb bilgani, odamlarning koʻzini ochish uchun bor-budini, hatto jonini tikkani uchun chinakam ziyoliga aylanishdi.

Bugungi ziyolilik ham xuddi shunday befarqlikka qarshi immuniteti, qilgan ishi odamlar hayotida nechogʻlik yorugʻlik taratayotgani bilan belgilanishi lozim.

Oʻzbekiston Qahramoni, zakiy munaqqid Ozod Sharafiddinov taʼbiri bilan aytganda, “bugungi zamon yoxud davr bilan hamqadam, hamnafas yurmoq uchun tinimsiz ravishda oʻz-oʻzini tahlil qilib borish, bosib oʻtgan yoʻliga tanqidiy nazar bilan qarash, umumlashmalar qilish, yoʻlning qaysi nuqtasiga yetib kelganligini belgilab olish, belgilangan joyga yetib kelolmagan boʻlsa, buning sabablarini halol va toʻgʻri aniqlash talab qilinadi. Bu vazifani esa ziyolilar bajarmogʻi kerak boʻladi”.

Oʻzgarayotgan davr va ziyolining burchi

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda maktabgacha taʼlimdan tortib oliy taʼlim va ilm-fangacha boʻlgan yaxlit uzluksiz tizim barpo qilindi. Unda inson kapitalini rivojlantirish, uni zamonaviy tendensiyalar bilan uygʻunlashtirish uchun keng institutsional sharoitlar yaratildi.

Maʼlumki, har qanday islohotga jon bagʻishlaydigan, uni qogʻozdan hayotga koʻchiradigan kuch – bu jamiyatning eng ilgʻor qatlami boʻlgan ziyolilardir. Shu maʼnoda, olimlar, pedagoglar, ijodkorlar va fidoyi mutaxassislar jamiyatning uygʻoq vijdoni sifatida maydonga chiqmas ekan, eng mukammal qonun va dasturlar doim ham kutilgan natijani bermaydi.

Yangi Oʻzbekiston ziyolilarining bosh missiyasi ham yaratilgan imkoniyatlarni odamlarning kundalik turmush farovonligi va maʼnaviy yuksalishiga xizmat qildirishdan iborat.

Inson intellektual rivojlanishining dastlabki koʻnikmalari bolalik davrida – oila va maktabgacha taʼlim muhitida shakllanadi. Bolaning olamga hayrat bilan boqishi, savol berishga qiziqishi, mustaqil fikrlashga intilishi aynan shu bosqichda shakllanadi.

Shu bois maktabgacha taʼlimni faqat bolani maktabga tayyorlash vositasi emas, balki millatning ertangi ziyoli qatlamini yetishtiruvchi muhim poydevor sifatida koʻrish lozim.

Bu borada mamlakatimizda tarixiy burilish yuz berdi.

2017-yilda maktabgacha taʼlim bilan qamrov atigi 27 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2026-yilga kelib 78 foizga yetdi – qamrov qariyb uch barobarga kengaydi. Soʻnggi oʻn yilda 1 million 800 ming oʻrinli bogʻchalar
va 1 million 500 ming oʻrinli maktablar barpo etildi, 10 mingdan ortiq taʼlim muassasasi zamonaviy qiyofaga keltirildi. Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻi esa millatning eng sara iqtidorlarini erta kashf etish maydoniga aylandi.

Oliy taʼlimda ham vaziyat tubdan oʻzgardi. 2016-yilda oliy taʼlim qamrovi 9 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilda 44 foizdan oshdi, 2026-yilda esa 45 foizga yetdi. Oliy taʼlim muassasalari soni 77 tadan 205 taga koʻpaydi. Birgina 2025/2026-oʻquv yili uchun bakalavriat va magistratura bosqichlariga 45 422 ta davlat granti ajratilgani, xususan, muhandislik va texnik yoʻnalishlarga ustuvorlik berilgani ertangi kun bunyodkorlarini tayyorlashga qaratilgan ulkan sarmoyadir.

Yana bir muhim jihat. Bugun ustoz va ziyolining qadri davlat siyosati darajasida ulugʻlanmoqda. 2023-yilda yangilangan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 52-moddasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini boyitishning asosi sifatida mustahkamlandi. Bu norma pedagog va ziyolini shunchaki taʼlim beruvchi emas, balki millat maʼnaviyatining tayanchi maqomiga koʻtardi.

Taʼkidlash lozimki, millatning ziyoli qatlami kitobxonlikdan unib chiqadi. 2026-yil boshida qabul qilingan dastur asosida 2030-yilgacha mamlakatda aholining kitob oʻqish koʻrsatkichini yiliga oʻrtacha 10 ta kitobga yetkazish maqsad qilindi, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamgʻarmasiga yiliga 20 milliard soʻm ajratilishi belgilandi.

Buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino: “Ilm – narsalarning inson aqli yordami bilan oʻrganilishidir, amalsiz ilm esa mevasiz daraxt kabidir”, deb taʼkidlagan edi. Zero, yosh avlod qalbida halollik, vatanparvarlik
va mustaqil fikrlash madaniyatini uygʻotish kabi fazilatlar yuksak darajada mujassam boʻlishi lozim.

Oddiy haqiqat shundaki, uyida kitob oʻqilmaydigan ota-ona bolasidan mutolaani talab qilolmaganidek, oʻzi halol va izlanuvchan boʻlmagan ziyoli ham ortidan yoshlarni ergashtirolmaydi.

Qonimizdagi tafakkur kodi va raqamli asr chaqiriqlari

Mamlakatimizda ilm-fan va maʼrifat xususida soʻz ketganda, beixtiyor koʻz oʻngimizda Vatanimiz zaminida yashab, butun bashariyat tafakkurini nurafshon etgan buyuk qomusiy mutafakkirlar – Muhammad al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad al-Fargʻoniy, Mahmud az-Zamaxshariy, Mirzo Ulugʻbek va Alisher Navoiy siymolari gavdalanadi.

XI asrdagi Xorazm Maʼmun akademiyasidan tortib Temuriylar davri Renessansigacha boʻlgan tariximiz jamiyat yuksalishining boshida hamisha maʼrifatparvar ziyolilar turganidan dalolat beradi.

Bugun tarixiy merosning davomiyligi uni shunchaki faxr bilan tilga olishda emas, balki zamonaviy ilm-fan yutuqlarini yaratish va ularni xalq farovonligiga yoʻnaltirishda namoyon boʻladi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ilm-fan namoyandalari va ijodkor ziyolilar bilan oʻtkazgan uchrashuvlarida ilmiy salohiyatdan samarali foydalanish hamda olimlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalalariga ustuvor ahamiyat berilgani ham ayni shu maqsadga qaratilgan.

Olimning mehnatiga munosabat qay darajada oʻzgarganini, eng avvalo, raqamlar koʻrsatadi. Birgina 2025-yilning oʻzida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga qariyb 1,7 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Bugun mamlakatimizda 43 mingdan ortiq tadqiqotchi faoliyat yuritmoqda. Ular qatoriga xorijdan qaytayotgan vatandoshlarimiz ham qoʻshilmoqda. Fanlar akademiyasi oʻnta muhim yoʻnalishda yoʻlga qoʻygan ikki yillik reintegratsiya grantlari oʻzga yurtlarda tajriba orttirgan olimlarimizga “Uyingizga qayting, bilimingiz shu yerda kerak” degan ochiq taklif desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Oldinda bundan ham katta maqsadlar turibdi. 2030-yilgacha ilm-fanga sarflanadigan mablagʻning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini oʻn barobar oshirish, bu mablagʻning 30 foizini xususiy sektor hissasiga toʻgʻri keltirish rejalashtirilgan. Yaqin ikki yilda roʻyxatdan oʻtkazilgan intellektual mulk obyektlari sonini 100 mingtaga yetkazish koʻzda tutilgan. Boshqacha aytganda, gʻoya qogʻozda qolmasligi, himoyalangan ixtiroga, ixtiro esa mahsulotga aylanishi kerak.

Sunʼiy intellekt sohasidagi oʻzgarishlar ayniqsa sezilarli. Oʻzbekiston 2026-yilda bu sohaga tayyorlik boʻyicha xalqaro reytingda birdaniga 25 pogʻona koʻtarilib, 62-oʻrinni egalladi. Mamlakatda 200 dan ortiq sunʼiy intellekt loyihasi amalga oshirilmoqda. “5 million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasi esa yangi avlod ziyolilarini raqamli dunyoga tayyorlamoqda.

Bugungi iqtisodiy raqobatda yer osti boyligi yoki arzon ishchi kuchidan koʻra bilim, sunʼiy intellekt va innovatsiyalar koʻproq gʻolib kelmoqda. Shunday shiddatli davrda ziyolining vazifasi yangi texnologiya yaratish bilangina cheklanmaydi. U jamiyatni bu oʻzgarishlarga maʼnan va aqlan ham tayyorlashi kerak.

Yaratilayotgan imkoniyatlar oʻz samarasini berayotgani xalqaro maydonda ham yaqqol koʻrinmoqda. Oʻtgan yili oʻquvchi va talabalarimiz xalqaro fan olimpiadalaridan 278 ta medal olib qaytdi, ularning 51 tasi oltin. Shu yil avgustda Toshkentning oʻzida 97 davlatdan kelgan 386 nafar yosh dasturchi ishtirokida Xalqaro informatika olimpiadasi boʻlib oʻtdi. Unda terma jamoamiz bir kumush va uch bronza medalni qoʻlga kiritib, tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi. Iyulda Germaniyaning Mangeym shahrida oʻtgan xalqaro nemis tili olimpiadasida samarqandlik Marjona Ibadulayeva oltin, urganchlik Olimbek Baxtiyorov bronza medalni qoʻlga kiritdi. Samarqand va Urganch nomi dunyo sahnasida aynan shunday yoshlar orqali yangramoqda.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali tahsil olayotgan yoshlarimizning 80 foizi bugun dunyoning eng nufuzli yuzta universitetida oʻqimoqda. Ilgari bu koʻrsatkich 30 foiz edi. Katta ilmda ham yangi sahifalar ochilmoqda. Astronomiya instituti olimlari Otabek Burxonov va Kamoliddin Ergashev NASAning DART kosmik missiyasidagi tadqiqotlari uchun xalqaro mukofotga sazovor boʻldi. Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shahlo Turdiqulova esa Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo tarixida ilk bor Jahon fanlar akademiyasining (TWAS) mintaqaviy vitse-prezidenti etib saylandi.

Jahon intellektual mulk tashkilotining Global innovatsiyalar indeksida Oʻzbekiston 139 mamlakat orasida 77-oʻringa chiqib, 2020-yilga nisbatan 19 pogʻona koʻtarildi. Ilm-fan va muhandislik bitiruvchilari ulushi boʻyicha esa dunyoda ikkinchi oʻrindamiz. Biroq shu indeksning oʻzida innovatsiyalarga ajratilayotgan resurslar boʻyicha 68-oʻrin, innovatsion faoliyat natijalari boʻyicha 78-oʻrin egallangan. Demak, bizda isteʼdod ham, mutaxassis ham yetarli, ammo bu salohiyat hali toʻliq iqtisodiy samaraga aylanmayapti. Shu boʻshliqni toʻldirish bugungi ziyolilar va ilmiy jamoatchilik oldidagi eng masʼuliyatli vazifalardan biridir.

Davr sinovidagi vijdon: ziyoli xalqqa nima bera oladi?

Sharqning ulugʻ mutafakkiri Abu Nasr Forobiy oʻzining mashhur “Fozil odamlar shahri” asarida: “Fozil shahar aholisi bir-biriga yordam beradigan, haqiqiy baxt-saodat yoʻlida ilm va maʼrifatga tayanadigan jamiyatdir”, deb taʼkidlagan. Bugungi shiddatli davr ham ziyolilardan kabinet doirasida qolib ketmasdan, jamiyat hayotining eng ogʻriqli nuqtalariga kirib borishni talab etmoqda. Ziyoli davlat va xalq oʻrtasidagi jonli koʻprik, jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi maʼnaviy ustundir.

Masalan, muayyan hududda yoshlar bandligi muammosi mavjud boʻlsa, uni faqat ish oʻrinlari yetishmasligi bilan izohlash yetarli emas. Bunda taʼlim sifati, kasbiy koʻnikmalar, mehnat bozori talablari va yoshlarning ijtimoiy intilishlarini birgalikda oʻrganish talab etiladi. Bu jarayonda olim, pedagog, iqtisodchi, psixolog va ijodkorning bir yoqadan bosh chiqarishi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Xuddi shunday, suv resurslaridan oqilona foydalanish yoki ekologik muammolarni hal etishda muhandislik yechimlari bilan birga, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishda ziyoli soʻzining taʼsiri beqiyos.

Ayni vaqtda, ziyolilarning islohotlarga daxldorligi ularni shunchaki maʼqullash bilan emas, balki amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini xolis baholash, kamchiliklarni roʻy-rost koʻrsatish va ilmiy asoslangan yechimlarni ilgari surishda namoyon boʻladi. Zero, sogʻlom tanqidiy tafakkur taraqqiyotga toʻsiq emas, aksincha, qarorlar sifatini oshiruvchi va jamiyatni xatolardan asrovchi kuchdir.

Shu nuqtai nazardan, hududlarda tashkil etilayotgan ziyolilar uchrashuvlari va jamoatchilik kengashlari rasmiy tadbirlar doirasida qolib ketmasdan, mahalliy muammolarni chuqur tahlil qiluvchi, aniq ijtimoiy loyihalarni ishlab chiquvchi aql markazlariga aylanishi lozim. Zotan, jamiyat rivoji uchun tadbirlar sonidan koʻra ularning natijasi, balandparvoz shiorlardan koʻra hayotga tatbiq etilgan amaliy yechimlar muhimroqdir.

Yangi Oʻzbekiston ziyolilari

Ziyoli qatlam oʻrtasidagi muloqot maydonlarini yaratishga qaratilgan amaliy qadamlardan biri yaqinda qoʻyildi. Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda “Yangi Oʻzbekiston ziyolilari – milliy yuksalish tayanchi” shiori ostida “Oʻzbekiston ziyolilari kengashi”ning hududiy yigʻilishlari boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishlarda 2000 nafardan ortiq olim va professor-oʻqituvchilar, shifokor va muhandislar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, nuroniylar hamda ijtimoiy faol yoshlar ishtirok etdi. Poytaxtdan har bir hududga taniqli olim, pedagog va ijodkorlardan iborat ishchi guruhlar bordi. Ammo asosiy soʻz joylardagi ziyolilarga berildi: muammoni eng yaxshi biladigan va yechimini ham koʻpincha oʻzi koʻra oladigan odamlar shulardir.

Muhokamalar 7 ta shoʻʼbada olib borildi. Kun tartibida “inson qadri” gʻoyasi va fuqarolik oʻzligi, oʻzbek tilining mavqei, millatlararo totuvlik, raqamli mediamakon, kreativ iqtisodiyot, yashil taraqqiyot, innovatsion tibbiyot va taʼlim sifati kabi masalalar bor edi. Mavzularning oʻziyoq bugungi ziyolining tashvishi faqat maʼnaviyat bilan cheklanmasligini koʻrsatib turibdi.

Muhokamalarda ziyolilar 3000 dan ortiq fikr-mulohaza va mingga yaqin takliflarni bildirishdi. Aholi uchun ochilgan maxsus telegram-botga yana 600 taga yaqin taklif kelib tushdi. Bu kengash faqat ziyolilar oʻrtasidagi suhbat bilan cheklanib qolmay, keng jamoatchilikka ham eshigini ochayotganidan dalolat.

Hududiy bosqich yakunida eng faol ishtirokchilar orasidan 210 nafar vakil respublika yigʻilishiga saralandi. Ular orasida 18 yoshli talaba ham, 88 yoshli nuroniy ham bor. Yoshi, kasbi, viloyati har xil boʻlgan bu insonlarni bitta savol birlashtiradi: ziyoli sifatida jamiyatga nima bera olaman?

Bugungi kun ziyolisi shu savolga javob topa olishi kerak. Bu javob amaliy ish bilan koʻrsatiladi, albatta. Ziyolilarni “millat oydinlari” deymiz. Qaysi jamiyatda ziyolilarning ovozi baland yangrasa, shu jamiyat barcha jabhada taraqqiyot sari olgʻa yuradi.

Ingliz adibi Charlz Dikkensning: “Inson boshqalarning kamol topishiga yordam bermas ekan, oʻzi ham tom maʼnoda kamol topa olmaydi”, degan hikmati ziyolilikning asl mohiyatini ochib beradi.

Shu maʼnoda, ziyolilarning jamiyat oldidagi masʼuliyati, taʼbir joiz boʻlsa, ziyolilikning eng oliy mezoni – shaxsiy namuna va vijdon uygʻoqligidir. Ilmiy halollik haqida gapirgan olim oʻz tadqiqotida unga qatʼiy amal qilishi, maʼrifatga chaqirgan pedagog doimiy izlanishda boʻlishi, adolat va faollikka daʼvat etgan ijodkor esa jamoatchilik hayotida oldingi safda turishi kerak.

Ayniqsa, bugungi axborot asrida, yoshlar ongi uchun kurash ketayotgan bir paytda, ziyolilar zamonaviy raqamli maydonlar: ijtimoiy tarmoqlarda, mediamakonda ham faol boʻlishlari, yot gʻoyalarga qarshi maʼrifat va mantiq bilan kurashishlari, yoshlar uchun ishonchli maʼnaviy moʻljal boʻlib xizmat qilishlari shart.

Soʻngsoʻz oʻrnida

Darhaqiqat, soʻnggi yillarda mamlakatimizda taʼlim qamrovini kengaytirish, pedagog maqomini konstitutsiyaviy mustahkamlash, ilm-fanni moliyaviy ragʻbatlantirish va yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ulkan poydevor yaratildi.

Binoning mustahkamligi va koʻrki uni bunyod etuvchilarga bogʻliq boʻlganidek, Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash ham bevosita ziyolilarimizning fidoyiligi, jurʼati va ijtimoiy faolligiga bogʻliq.

Zotan, intellektual salohiyat inson qadrini yuksaltirish, odamlar hayotini yengillashtirish va jamiyatda adolat hamda maʼrifat muhitini qaror toptirishga xizmat qilgandagina oʻz oliy maqsadiga yetadi.

Maqolamiz avvalidagi Alisher Navoiyning “Hunarni asrabon netkumdir oxir, olib tuproqqami ketkumdir oxir” degan oʻlmas bayti har bir ziyoli uchun dasturilamal boʻlmogʻi lozim.

Shunday ekan, Yangi Oʻzbekiston ziyolilarining tarixiy missiyasi – oʻz bilimi va iqtidorini asrab-avaylash emas, uni millat tafakkurini yangilash, jamiyatni ezgu maqsadlar yoʻlida birlashtirish va Vatan taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishga safarbar etishdir.

Abror Yusupov,

siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori, dotsent

Manba: Yangi Oʻzbekiston ijtimoiy-siyosiy gazetasi. 2026-yil 21-noyabr № 242 (1841).