14.02.2022

BUGUN - 14-FEVRAL SHOH VA SHOIR ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR TAVALLUD TOPGAN KUN.

2022 yil 14 yanvar kuni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Surxondaryo viloyati mintaqaviy filialida buyuk davlat arbobi va mutafakkir olim, shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlanib ma’rifiy davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda mintaqaviy filial direktori, falsafa doktori (PhD) M.Majitov tinglovchilarga va tadbir qatnashchilariga shoh va shoir Bobur haqida qimmatli ma’lumotlarni berib o‘tdi. 

Jumladan, quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi: Bobur — o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili: buyuk shoir; tarixchi, geograf; davlat arbobi, iste’dodli sarkarda; Boburiylar sulolasi asoschisidir. O‘zbek adabiyotining buyuk siymolaridan biri Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini qayta-qayta o‘rganish, mutolaa qilish ummon tubidagi yangi gavharlarni izlab topish bilan barobar.

Bobur o‘z ijodida insonlarni olijanob fazilatlarga, ahil va inoqlikka da’vat etish, davlat ishlarini yurgizishda aqlan komillikka intilish tuyg‘ulari shoirning ko‘ngil nolalarini ham tebratib turgan.

Ahbob, yig‘ilmoqni farog‘at tutungiz,

Jam’iyatingiz borini davlat tutungiz,

Chun gardishi charx budurur tangri uchun,

Bir-birni necha kune g‘animat tutungiz.

Bobur haqida quyidagi fikrlar manbalarda uchraydi: 

«…U turli fazilatlar bilan bezangan va maqtovli xislatlarga ega bo‘lgan bir podshoh edi. Ushbu barcha fazilatlaridan shijoat va muruvvati ustun turardi. Turkiy she’rni Amir Alisherdan keyin hech kim Bobur yozgan darajada yozgan emas». Mirzo Muhammad Haydar. «Tarixi Rashidiy»dan.

 «Bobur fe’li-sajiyasiga ko‘ra sezarga qaraganda sevishga arzigulikdir. Uning manglayiga yuksak fazilatli inson deb bitib qo‘yilgan». Eduard Xolden, ingliz tarixchisi.

«Saxovati va mardligi, iste’dodi, ilm-fan, san’atga muhabbati va ular bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanishi jihatidan Osiyodagi podshohlar orasida Boburga teng keladigan birorta podshoh topilmaydi». Uilyam Erskin, «Boburnoma» tarjimoni.

Yangi O‘zbekistonning ulug‘vor g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishda, uchinchi Uyg‘onish davrining mustahkam poydevorini bunyod etishda buyuk Boburning boy ma’naviy merosini qayta-qayta o‘rganishimiz, qalb ummonining inju gavharlaridan bahramand bo‘lishimiz zarur. Bu ulkan ma’naviy meros, she’riyatning betakror va go‘zal gulshani bizni saodat sari, ma’naviy yuksaklik sari yetaklashi shubhasiz.

Davra suhbati qiziqarli tarzda savol-javoblarga boy bo‘ldi va  ishtirokchilarda katta taassurotlar qoldirdi. Tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Izoh qoldirish

Izohlar