MALAKA OSHIRISH O’QUVLARI YAKUNLARI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 16 apreldagi PF-5416 Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida Malaka oshirish markazi va «Ziyo» media markazini tashkil etish hamda ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 14 yanvardagi 25-son Qarori hamda Vazirlar Mahkamasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2019 yil 10 iyuldagi 3891 son xatiga asosan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazining Surxondaryo viloyati mintaqaviy filialida 2021 yil 22 noyabrdan 25 dekabrgacha 144 soatlik imom xatib va imom noiblar uchun malaka oshirish o‘quv kursi tashkil etildi.
Surxondaryo viloyati mintaqaviy filialida Surxondaryo viloyatidan
7 nafar, Qashqadaryo viloyatidan 8 nafar, jami 15 nafar imom xatib va imom noiblar malaka oshirdi.
Surxondaryo viloyati mintaqaviy filialida dars mashg‘ulotlari har kuni soat 800 dan 12:20 ga qadar davom etdi. O‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishda MOM Surxondaryo viloyati mintaqaviy filiali professor-o‘qituvchilari, Termiz davlat universitetining malakali va yuqori salohiyatli professor-o‘qituvchilari, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazi rahbar xodimlari va Imom Termiziy nomidagi o‘rta mahsus islom ta’lim muassasasi rahbar xodimlari jalb etildi. O‘quv mashg‘ulotlari muammoli ma’ruza, amaliy-trening va davra suhbati kabi interfaol metodlar, shuningdek zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda olib borildi.
Shuningdek, imom xatib va imom noiblarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakilligining yangi binosi va majlislar zali, “al Hakim at Termiziy” jome’ masjidining majmuasi bilan tanishtirildi hamda Termiz tumanida joylashgan buyuk alloma al Hakim At Termiziy majmuasiga, Sherobod tumanida joylashgan Imom Termiziy majmuasiga, Termiz tumanidagi Sulton Sodot majmuasiga, Kokildor ota va Qirqiz yodgorliklariga, Oltinsoy tumanidagi So‘fi Allohyor maqbarasiga, Termiz Arxeologiya muzeyiga, Termiz tarix va madaniyat muzeyiga, rus prаvоslav cherkoviga sayohat va ziyoratlar shuningdek joylardagi amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Shu bilan birga yotoqxonada shaxmat-shashka sport o‘yinlari va tadbirlar uyushtirildi.
Rejaga muvofiq malaka oshirish o‘quvlari bo‘yicha yakuniy test sinovlari 23.12.2021 sanada o‘tkazildi. Test sinovlari Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazi binosi o‘quv auditoriyasida mintaqaviy filial direktori M.Majitov, filial bo‘lim boshlig‘i O.Haydarov va filialning professor-o‘qituvchilari, rahbar-xodimlari tomonidan olib borildi. Test sinovlarida qatnashgan malaka oshiruvchilarning barchasi ijobiy ballarga ega bo‘ldi.
Tanlagan mavzulariga muvofiq, malaka oshiruvchilarning malakaviy ishlarining himoyasini o‘tkazish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi. Shunga muvofiq, komissiya raisi Ijtimoiy va mutaxassislik fanlari kafedrasi mudiri, falsafa fanlari nomzodi U.Mustafaev, a’zolari Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazi direktori hamda Imom Termiziy o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Sh.Umarov, filial direktori M.Majitov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazi ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) J.Cho‘tmatov, filial bo‘lim boshlig‘i O.Haydarov, stajor o‘qituvchi A.Jo‘raev, o‘quv ishlari bo‘yicha inspektori A.To‘raxolovlar tomonidan qabul qilindi. Barcha tinglovchilar malakaviy ishlari malakaviy attestatsiya komissiyasi a’zolari tomonidan ijobiy baholandi.
Mintaqaviy filial rahbar-xodimlari va pedagoglari ishtirokida tinglovchilarga 144 soatlik “Islomshunoslik” kursini muvaffaqqiyatli tugatganliklari uchun sertifikatlar topshirildi.
Izoh qoldirish