
Amir Temur- kuchli davlat va temuriylar sulolasining asoschisi
Bundan 689-yil muqaddam, 9-aprelda buyuk sarkarda, Amir Temur, Temurbek, to‘liq aytsak, Amir Temur ibn Amir Tarag‘ay milodiy 1336-yil 9-aprel kuni Kesh (hozirgi Shahrisabz) yaqinidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida tug‘ildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi xuzuridagi Malaka oshirish markazi Surhondaryo viloyat mintaqaviy filialida sana munosabati bilan “Amir Temur- kuchli davlat va temuriylar sulolasining asoschisi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Mintaqaviy filialning kafedra mudiri Falsafa fanlari dotsenti Mustafoyev Ulash Utayevich, Termiz Davlat universitetining Jahon tarixi kafedrasi dotsenti, Tarix fanlari doktori (DSc) Toshkentboy Pardayev Rajabovich, rahbar hodimlar va tinglovchi imom xatib va noib imomlar ishtirok etishdi.
Amir Temurning onasi Takina xotun buxorolik. Otasi amir Tarag‘oy esa barlos urug‘ining oqsoqollaridan hamda Chig‘atoy ulusining e’tiborli beklaridan hisoblangan. Uning ajdodlari Kesh viloyatida hokimlik qilishgan. Shu bois Amir Temurning otasi amir Tarag‘oyni ham yilda bir marotaba Ili daryosi bo‘yida xon tomonidan chaqiriladigan el-yurt beklarining qurultoyiga taklif etilar va u bunday yig‘inlarda muttasil qatnashar edi. Shu bilan birga u, Sharafuddin Ali Yazdiyning ta’kidlashiga ko‘ra, «ulamo va sulaho va muttaqiylarg‘a mushfiq va mehribon erdi va bularning majlisiga borur erdi…». Tarag‘oybek piri Shamsuddin Kulolni ayniqsa chuqur ehtirom qilgan. Keyinchalik shayx Kulol Amir Temurning ham piri bo‘lgan. Tarag‘oybek 1360 yilda vafot etgan.
Amir Temurning yoshligi Keshda kechdi. Yetti yoshga to‘lgach, otasi uni o‘qishga berdi. Amir Temur yoshlik chog‘laridanoq maxsus murabbiylar nazorati ostida chavandozlik, ovchilik, kamondan nishonga o‘q uzish, boshqa turli mashq va harbiy o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘lgan. Shu asnoda Amir Temur tulporlarni saralab ajrata oladigan mohir chavandoz va dovyurak bahodir bo‘lib voyaga yetgan. Amir Temur tabiatan og‘ir, bosiq, teran fikrli va idrokli hamda nihoyatda ziyrak, kishilardagi qobiliyat, fazilat, ayniqsa, samimiyatni tezda fahmlab oladigan inson bo‘lgan. Shu tufayli o‘spirinlik chog‘laridayoq atrofiga tengqurlari orasidan sadoqatli do‘stlarni jalb qila olgan. Uning atrofiga bolalikdagi do‘stlari va maktabdoshlari (Abbos bahodur, Jahonshohbek, Qimori inoq, Sulaymonshohbek, Idiku Temur, Sayfuddinbek, Hindushoh, Qarqara va boshqa) to‘planishib, birgalikda mashq qilar, musobaqalarda ishtirok etishar, asta-sekin navkar bo‘lishib va harbiy guruhga birlashib, harbiy bo‘linma sifatida shakllana borgan. Keyinchalik ular Amir Temur qo‘shinida lashkarboshilik darajasigacha ko‘tarilganlar.
Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar tomonidan Sohibqiron Amir Temur nafaqat o‘z davridagi eng qudratli davlat asoschisi, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat homiysi, balki Osiyo va Yevropa qit’alarida ro‘y bergan tarixiy o‘zgarishlarga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatib, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan inson ekani ta’kidlandi.
Buyuk sarkarda, yirik davlat arbobi, ilm-fan va madaniyat homiysi bo‘lgan Amir Temur tavalludining 689 yilligi arafasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ulug‘ ajdodlarimiz siymosiga yuksak ehtirom ko‘rsatish, xususan, jahon taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan, mardlik va adolat timsoli sifatida ulug‘lanadigan Amir Temur hayoti hamda faoliyatini o‘rganishga nafaqat o‘zimizda, balki xalqaro miqyosda qiziqish juda katta ekanligi ta’kidlandi. “Temur tuzuklari” asari yoshlarni vatanparvarlik, milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.




Izoh qoldirish