
Hakim at-Termiziy ziyoratgohida amaliy mashg‘ulot uyushtirildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Surxondaryo viloyati mintaqaviy filiali Qashqadaryo va Surxondaryolik
imom-xatib va noiblardan iborat bo‘lgan 5-davra 1-guruh tinglovchilari 2025 yil
24-yanvar kuni tushdan keyingi tadbirda Surxondaryo viloyatining muqaddas qadamjolaridan biri sanalmish al-Hakim at-Termiziy ziyoratgohida amaliy mashg‘ulot uyushtirildi.
Termiziy meʼmoriy majmui, Hakim Termiziy maqbarasi – Termizdagi meʼmoriy yodgorlik (9—15-asrlar). Musulmonlar uchun muqaddas boʻlgan Al Hakim at-Termiziy maqbarasi qadimgi Termiz shahrining chekkasida joylashgan. Maqbarada buyuk islom arbobi, turli falsafiy va diniy asarlar muallifi, darveshlar jamoasining yaratuvchisi Abu Abdulloh ibn Hasan ibn Bashir al-Hakimiy at-Termiziy maqbarada dafn etilgan. Majmua Abu Abdulloh Muhammad Hakim Termiziy (taxminan 750—760 Termiz – 869) nomi bilan bogʻliq. Bu maqbarada Termiziyning qabri joylashgan. Termiziy meʼmoriy majmui asrlar davomida bir necha bor qayta qurilgan. Bugungi kunda bu majmua vohaliklar va viloyat mehmonlari uchun asosiy ziyorat manzilgohlaridan biri hisoblanadi.

Hakim at-Termiziy mashhur soʻfiy shaxs hisoblanadi. Olimlarning aniqlashicha uning 400 dan ortiq asari mavjud boʻlib, shularning bor yoʻgʻi 60 tasi bizgacha yetib kelgan. Mazkur yodgorlik 4 boʻlma (xona)dan iborat yaxlit bino koʻrinishida tiklangan. Shimoli-sharqiy tomonida ayvon qurilishi sababli xonalar soni 3 ta boʻlib qolgan. Xonaqoh yonidagi 3 ayvon gumbazli, qalqonsimon bagʻalli tarzda ishlangan. Xonaqoh gumbaz tomga ega, hamda oʻz mehrobi bor. Xonaqohning poli goʻrxonaga qaraganda ancha past hamda ularning oraligʻi rovoqlar bilan ajratib qoʻyilgan. Maqbara ganjkor bezaklar bilan bezatilgan. Tashqi devorlariga esa 6 gʻishtin ravoq ishlangan.
Hakim at-Termiziy maqbarasining kirish qismidagi peshtoqiga arabiy yozuvlar bilan bir qator jumlalar bitilgan. Bu bitiklarda: “Alloh taolo zikr etadi: Bu yerga tinchlik va omonlik bilan kiring” soʻzlari yozilgan.
Termiziy maqbarasida taʼmirlash ishlari Amir Temur tavalludining 660-yilligi munosabati bilan 1996-yilda amalga oshirilgan.

Amaliy mashg‘ulot davomida tinglovchilarga maqbara tarixi va uning qurilish uslubi haqida atroflicha ma’lumot berildi. Bundan tashqari, inson ma’naviyatini yuksaltirishda ziyoratgohlar muhim ahamiyat kasb etishi, bu joylar odamlarning ruhiy poklanishi, jamiyatning ma’naviy va iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qo‘shishi, shuningdek, bu joylarni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish muhim ekanligi aytib o‘tildi. Amaliy mashg‘ulot davomida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi. Shu bilan birgalikda, dinni anglashda, ma’naviy quvvat olishda ziyoratgohlarning o‘rni naqadar muhim ekanligiga o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘lishdi. Mazkur ekskursiya tinglovchilar qalbida o‘chmas taassurot qoldirdi.

Izoh qoldirish