O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Surxondaryo viloyati mintaqaviy filiali Qashqadaryo va Surxondaryolik imom-xatib va noiblardan iborat bo‘lgan 3-davra 1-guruh tinglovchilariga 2024 yil 18-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunning 33 yilligi munosabati bilan tadbir tashkil etildi.
Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir. Bu yil mustaqil O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganligiga 33 yil to‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18-noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan Davlat bayrog‘i – mamlakat davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, u yer yuzining shu sarhadlarida mustaqil O‘zbekiston davlati borligini anglatadi va o‘zida milliy-madaniy an’analarimizni mujassamlashtiradi.
Bugun bayrog‘imiz xalqaro maydonda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalarda, jahon ko‘rgazmalarida, sport musobaqalarida mustaqil vatanimizni ifodalamoqda.
Shu munosabat bilan 2024 yil 18 noyabr kuni Surxondaryo viloyat mintaqaviy filialida davra suhbati tashkil etildi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazining Surxondaryo mintaqaviy filiali direktori O.Xaydarov, Termiz davlat universiteti Tarix fakultetining “Jahon tarixi” kafedrasi dotsenti Tarix fanlari doktori (DSc) professor T.Pardayev, katta o‘qituvchi (PhD) J.Cho‘tmatov, shuningdek mintaqaviy filial rahbar-xodimlari va tinglovchilar ishtirok etishdi.
Bayroq har bir davlatning mavjudligini, uning mustaqilligini ifodalovchi muhim belgilardan biri ekanligi, uning qabul qilinishi mamlakatimiz tarixidagi eng muhim tarixiy sanalardan biri ekanligi ta’kidlandi. Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan har bir yosh avlodga mamlakatimiz bayrog‘ining naqadar muqaddasligi, uni asrab-avaylash, unga nisbatan hurmat yuksak vatanparvarlik namunasi ekanligini ta’kidlash, ularni milliy davlat ramzlarimiz, jumladan bayrog‘imizga bo‘lgan yuksak hurmat ruhida tarbiyalash har birimizning burchimiz ekanligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, dunyoda qanchadan-qancha millatlar o‘z bayrog‘iga ega emasligi, ular qaysidir u yoki bu davlatning bayrog‘i ostida chiqishi, o‘z bayrog‘i ostida xalqaro sport musobaqalari va boshqa tadbirlarda chiqish hammaga ham nasib qilavermaydigan baxt ekanligi ham qayd etib o‘tildi. Shuningdek, qanchadan-qancha buyuk ajdodlarimiz yurt bayrog‘ini o‘z hayotidan ustun ko‘rib, uni ko‘z qorachig‘iday asraganligi, bu yo‘lda o‘z jonlarini fido qilib, yuksak vatanparvarlik namunalarini ko‘rsatganligi hayotiy misollar bilan ta’kidlandi. Jumladan, buyuk tariqat olimi, shoir Najmiddin Kubro yurtimizga mo‘g‘ullar hujum qilgan paytda 70 yoshdan oshganiga qaramasdan dushmanga qarshi mardonavor kurashganligi, bir qo‘lida yurt bayrog‘i, ikkinchi qo‘lida qilich ushlagan holatda jang qilib mardlarcha halok bo‘lganligi, dushman hatto uning o‘limidan keyin ham bayroqni ulug‘ olimning qo‘lidan ololmay, oxiri uni ulug‘ olimning panjalari bilan birga kesib olganligi aytib o‘tildi. Chunki bayroqning dushman qo‘liga o‘tishi bu mag‘lubiyatni bildirgan. Shuning uchun har bir kishi o‘z bayrog‘ini mardonavor tutishi, uni tahqirlanishidan asrashi kerakligi ta’kidlandi. Bunaqangi yurt qahramonlari ro‘yxatini To‘maris, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur kabi ulug‘ ajdodlarimiz bilan davom ettirishimiz mumkin.
Bundan tashqari, hozirgi tinch va osoyishta davrda davlatimiz bayrog‘i mustaqillik va milliylikni o‘zida aks ettirib vatanimiz hududlarida viqor bilan hilpirab turishi har birimizga quvonch va faxr baxshida etishi, mana shunday shirin lahzalar har bir vatandoshimizda yurtga bo‘lgan cheksiz mehr va sadoqatning yorqin namunasini namoyon etishi ta’kidlandi. Zero, davlat ramzlari ona Vatan kabi aziz va muqaddas bo‘lib unda xalq tarixi, buguni va kelajagi o‘z aksini topadi. Xulosa qilib aytganda, davlatimiz bayrog‘i xalqimiz or-nomusini uyg‘otuvchi beqiyos kuch sifatida ozodlik, vatanni sevishga da’vat etib, milliy g‘urur, fidoyilik va vatanparvarlikni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Izoh qoldirish