31.10.2024

Sulaymon Baqirg’oniy ziyoratgohiga sayohat

O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazining Qoraqalpog’iston Respublikasi mintaqaviy filiali hodimlari bilan birgalikda  malaka oshirishga kelgan tinglovchi imom-xatiblar va noib imomlar 2024-jıl 30-oktabr kuni Sulaymon Baqirg’oniy  yoki Hakim ota maxbarasigatashrif buyorib ziyorat qildilar.

https://hidoyat.uz/wp-content/uploads/2019/12/%D0%A1%D1%83%D0%BB%D0%B0%D0%B9%D0%BC%D0%BE%D0%BD-%D0%91%D0%BE%D2%9B%D0%B8%D1%80%D2%93%D0%BE%D0%BD%D0%B8%D0%B9-500x361.jpg

XII asrda Janubiy Orol boʻylarida tasavvuf ta'limoti taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan allomalardan biri Sulaymon Boqirgʻoniydir. U Ahmad Yassaviy shogirdlaridan biri boʻlib, uning ta'limotini davom ettirgan va rivojlandirgan. Sulaymon Boqirgʻoniy mahalliy aholi orasida Hokim ota nomi bilan mashhur.    U  Bugʻraxon shahrida (hozirgi Qoʻngʻirot tumanida) 1122-1188  yillarda yashab ijod qilgan. Sulaymon Boqirgʻoniy Janubiy Orol boʻyi xududidagi turkiy aholi orasida tasavvuf ta'limoti va axloqi, islom huquqi, shariat kabi islomiy ilmlarni tarqatishda katta xizmat qilgan. Uning «Boqirgʻon kitobi», «Bibi Maryam kitobi», «Ibrohim Xalil qissasi», «Oxiri zamon kitobi» qissalarida tasavvuf ta'limotining  diniy-falsafiy gʻoyalari aks etgan. Boqirgʻoniy qissalarining aksariyat qismi oʻz davridagi ma'naviy hayot taqozasi bilan diniy syujetlar asosida qurilgan. Uning Ibrohim Paygʻambar, Ismoil, Bibi Maryam, Sobit, Noʻ'mon va boshqalarning timsollarida islomiy e'tiqod, poklik, ota va bolaning bir-biriga hurmati, halollik gʻoyalari oʻzining chuqur lirik she'rlar asnosida oʻz ifodasini topgan. Uning ta'limoti va asarlari  Janubiy Orol boʻylaridan tashqari, Dashti Qipchoq va Volga boʻyi xududlaridagi koʻchmanchi turkiy xalqlar orasida tasavvuf ta'limotini tarqatishda va islom madaniyatining yuksalishi va ravnaqi uchun xizmat qilgan.

Sulaymon Boqirgʻoniy tasavvuf ta'limotini targʻibot qilishdan tashqari, turkiy tilni tarqatish yoʻlidagi kurashda ustozi Ahmad Yassaviy bilan elkama-elka turib barakali ijod qilgan. U turkiy tildagi tasavvuf adabiyotining yirik vakili sifatida XX asr boshiga qadar Sharqiy Turkistondan Azov dengizi qirgʻoqlarigacha, Usmonli turklardan Volga boʻyigacha boʻlgan turkiy xalqlar orasidagi buyuk insonlardan biri sifatida e'zozlangan.   

Sulaymon Boqirgʻoniy hikmatidagi: «Har kimni koʻrsang Xizr bil, har tun koʻrsang qadr bil» hikmatida har bir insonni Alloh yaratgan buyuk ne'mat sifatida e'zozlashga, har bir kun uchun insonning shukronalik keltirishi va uning qadrini  anglashga chaqiruvchi chuqur axloqiy-falsafiy gʻoyalar mujassam topgan. Uning ta'limotida inson oʻz nafsini jilovlashi bosh axloqiy muommalardan biri sifatida koʻtariladi. Nafs insonni toʻgʻri yoʻldan chiqaruvchi, axloqsizlikga boshlovchi illat boʻlsa,  halollik va iymonlilik kabi fazilatlar uning ruhini Alloh jamoliga etishishiga yordamlashuvchi ma'naviy kuchdir. Uning ta'limotida ilm insonning har ikki dunyosi obod boʻlishiga koʻmaklashuvchi vosita va kalit sifatida koʻrsatiladi.

Sulaymon Boqirgʻoniy qabri ustiga bir necha marta, ya'ni Ulardan eng dastlabkisi XII –XIV, XVI va XIX asrlarda maqbara bunyod etilgan. Xiva xoni Allaqulixon davrida (1826-1843 yy.) davrida tiklangan soʻnggi maqbara 1935, 1946 yillardagi Amudaryodagi suv toshqini tufayli qulab tushgan. Hozirgi qad koʻtarib turgan maqbara 1979 yilda qurilgan.

Sulaymon Boqirgʻoniy yoki Hokim ota maqbarasi mahalliy aholi va Islom dunyosi vakillari orasida qadimdan muqaddas ziyoratgohlardan biri boʻlgan. Bu haqida rus olimi K.E. Zelman tomonidan XIX asr boshida yozib olingan manbalarda,  Janubiy Orol boʻylaridagi Hokim Ota maqbarasida Sayid Ota ismli kishi shayxlik qilganligini yozadi. 

Sulaymon Boqirgʻoniy maqbarasiga yaqin joyda Bugʻroxon nomli ilk oʻrta asrlarga oid shahar boʻlib, atrofi himoya devorlari bilan qurshalgan. Shaharning umumiy maydoni 60 ga teng . Qal'aning  Shahriston qismidagi  Juma masjidi oʻrni qazib oʻrganilganda, unda  toʻrt qatordan iborat 27 ta tosh ustunlar aniqlangan. Juma masjid toʻgʻri burchakli shaklda boʻlib, hajmi 29 x 19,4 metrga teng, devorlari pishiq gʻishtdan qurilgan. Masjidga tegishli katta minoraning qoldiqlari qazib ochilgan, uning pastki diametri 9,5 metrga teng, yuqori qismi soʻngi davrda buzilgan. Minoraning janubida 25 metr uzoqlikda 9 x 8,7 metr hajmdagi maqbara aniqlangan. Masjid IX-X asrlarda qurilib, XIII asr boshida buzilgan.

Mazkur me'moriy kompleks XII asrda, ya'ni Sulaymon Boqirgʻoniy yashagan davrda diniy markaz sifatida faoliyat koʻrsatib Islom ta'limoti ravnaqiga xizmat qilgan.

 

Izoh qoldirish