“Ajdod tili, avlod tili-davlat tili”
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Qoraqalpog’iston Respublikasi mintaqaviy filialida 21-oktabr kuni O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 35 yilligi munosabati bilan “Ajdod tili, avlod tili-davlat tili” mavzusida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Til — davlatning timsoli, mulki. Tilni asrab-avaylash orqali millat yuksaladi. Tilni sevish, uni ardoqlash, millatni sevish va uni qadrlash bilan teng hisoblanadi. Har qaysi xalqning turmush tarzi, urf-odatlari, madaniyati uning tilida o‘z ifodasini topadi. Til – millat ko‘zgusi, deb bejiz aytilmagan. Xalqimizning necha asrlik boy tarixi, ko‘hna va serqirra madaniyati o‘zbek tili ta’sirida shakllangan. Ulug‘ shoirimiz Alisher Navoiy shu tilda bebaho asarlar yaratib, dunyoni lol qoldirgan. Bugungi kunda jahonning barcha mamlakatlarida davlatimiz delegatsiyalari tashrifi, yoshlarimiz yutuqlari, sportchilarimiz g‘alabalari sharafiga o‘zbek tilida madhiyamiz kuylanayotgani har birimizning g‘ururimizga g‘urur qo‘shadi.
1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida o‘zbek tili maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi. O‘zbek tili haqidagi qonun qabul qilinganidan so‘ng barcha davlat hujjatlari o‘zbek tilida yuritiladi, gazeta va jurnallar o‘zbek tilida chop etila boshlandi. 1993-yil 2-sentabrda “Lotin tiliga asoslangan o‘zbek alifbosini tuzish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingandan so‘ng, mamlakatimiz har tomonlama rivojlandi va jahon kommunikatsiya tizimidan munosib o‘rin egallash muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Shu sababli chet ellarda ham o‘zbek tiliga qiziquvchilar, uni o‘rganuvchilar soni ortib bordi. Dunyoda 5600 dan ortiq tillar mavjud bo‘lib, bundan 200 tasigina davlat tili sifatida qabul qilingan. Ularning orasida o‘zbek tilining borligi uning naqadar sof, mukammal, purma’no va jozibadorligidan, mamlakatimizning chin ma’noda mustaqilligidan darak beradi. Shunday ekan ona tilimizning shundayin go‘zalligini, sofligini keyingi avlodlarga yetkazish bizning vazifamizdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida nutq so‘zladi. Prezidentimizning o‘zbek tilida qilgan ushbu ma’ruzasi O‘zbekiston uchun ulkan tarixiy voqea bo‘ldi. Xorijiy davlatlarning ommaviy axborot vositalari tomonidan O‘zbekiston Prezidenti Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida Navoiy tilida nutq so‘zladi deya e’tirof etdi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘zbek tilida O‘zbekistonning erishgan natijalari, qo‘lga kiritilgan yutuqlar hamda yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida o‘zbek tilida e’tirof etildi. Ushbu ma’ruza butun o‘zbek xalqiga g‘urur va iftixor bag‘ishladi.
“Biz davlat tili taraqqiyotini jahondagi yetakchi xorijiy tillar va mamlakatimizdagi turli millat vakillarining tili va madaniyatini rivojlantirish bilan bog‘liq holda ko‘ramiz. Bugungi kunda yurtimizda ta’lim 7 tilda olib borilmoqda. Respublikamizdagi mavjud 1453 ta ommaviy axborot vositasi hamda yuzlab veb-saytlar orqali qoraqalpoq, rus, qozoq, tojik, turkman, koreys, turk, arab, ingliz, nemis va boshqa tillarda ham materiallar e’lon qilinmoqda. Biz O‘zbekistonni tenglik, do‘stlik va bag‘rikenglik diyoriga aylantirish maqsadida turli millatga mansub fuqarolarimizning til sohasidagi huquqlarini ta’minlashga qaratilgan ishlarimizni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz”, — deya ta’kidladi muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.
Bugun O‘zbekistonimiz “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi, yanada yuksak bosqichiga ko‘tarilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora oshib bormoqda.
O‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qo‘llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda tilimizga e’tibor va uni o‘rganishga qiziqish kuchaymoqda.
Bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat o‘z milliy manfaatlarini ta’minlash, bu borada avvalo o‘z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir.
Mustaqillik sharofati bilan o‘zbek tili — davlat tiliga e’tibor kuchaydi va ona tilimizning ijtimoiy mavqeyi kengaydi. O‘zbek tilining taraqqiyoti va istiqboli to'g'risida g‘amxo‘rlik qilinib, bir qancha qarorlar qabul qilindi. 1995-yilning 21-dekabrida O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi «Davlat tili haqida»gi qonuni e’lon qilindi. Bu qonun 24 moddadan iborat bo‘lib, uning birinchi moddasida asosiy qonunimiz bo‘lgan Konstitutsiyamizning to'rtinchi moddasida yozilganidek, «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir» deb yozib qo‘yilgan.
2024-yil 21-oktabr kuni Oʼzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazining Qoraqalpog’iston Respublikasi mintaqaviy filialida tarix fanlari nomzodi, docent M.Maksetova o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 35 yilligi munosabati bilan “Ajdod tili, avlod tili-davlat tili” mavzusida o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash maqsadida bir necha vazifalar belgilanganligini aytib o’tdilar. Shuningdek, Maʼnaviy-maʼrifiy tadbir davomida tinglovchilar oʼzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.
Izoh qoldirish