21.10.2024

“Til – millat iftixori”

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Surxondaryo viloyati mintaqaviy filiali Qashqadaryo va Surxondaryolik imom-xatib va noiblardan iborat bo‘lgan 2-davra tinglovchilariga 21-oktabr kuni mintaqaviy filalida O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 35 yilligi munosabati bilan “Til – millat iftixori” mavzusida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

 

Til – davlat timsoli, mulki, ruhi, millatning madaniy va ma’naviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir.

1989 yilning 21 oktyabr kuni Vatanimizda davlat tilining huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, unga ko‘ra O‘zbek tiliga - Davlat tili maqomi berildi. Xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri bo‘lgan ona tilimiz o‘zining qonuniy maqomi va himoyasiga ega bo‘ldi.

Xalqaro ona tili kunining mazmun-mohiyatida har bir xalqning o‘z milliy tafakkuri, ma’naviyati, ruhiyatining o‘zagini tashkil etadigan tilga alohida muhabbatning belgisi o‘z aksini topadi. Mazkur kun  ona tili bayrami sifatida  nishonlanar ekan, shu munosabat bilan har bir insonning o‘z Vatani va ona tiliga bo‘lgan muhabbati, hurmat-ehtiromi hamda uni qadrlash tuyg‘ulari yangilanadi.

 Milliy til – xalqlar va millatlarning asosiy muloqot manbaidir. Til xalqlarni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, an’ana va madaniyatlarni saqlaydi, avloddan-avlodga o‘tishini ta’minlaydi.

Til – mamlakat timsoli, qimmatbaho mulkdir.Til madaniyatiga amal qilinmasa, milliy madaniyatga dog‘ tushishi turgan gap.

Tilni sevish, ardoqlash, millatni sevish va uni qadrlash bilan teng hisoblanadi. Har qaysi xalqning turmush tarzi, urf-odatlari, madaniyati uning tilida o‘z ifodasini topadi.

Til – millat ko‘zgusi, deb bejiz aytishmagan. Xalqimizning necha asrlik boy tarixi, ko‘hna va serqirra madaniyati o‘zbek tili – ona tilimiz ta’sirida shakllangan.

So‘ngi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlarimiz ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buning tasdig‘i o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

1991 yil 31 avgustda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi e’lon qilindi. Asosiy qonunimiz – Konstitutsiyamizning o‘zbek tilida yaratilishi esa ona tilimizning nufuzini yanada yuksaltirdi.

Davlatimiz madhiyasi xalqaro maydonlarda o‘zbek tilida yangray boshladi. Ayniqsa, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.

O‘zbekiston Prezidenti 2019 yil 21 oktyabrda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Unga muvofiq, “2020 – 2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

2020 yil 20 oktyabrda esa Prezidentimizning “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni, deb belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida mustahkamlanganidek, O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.

Ona tilimizning xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, davlat tilini hayotga to‘laqonli tatbiq etish barchamizning fuqarolik burchimizdir.

 Shuningdek, 2020 yilning 10-aprel kuni O'zbekiston  Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to'g'risida”gi qonunni imzoladi.

Qonunga asosan, 21-oktyabr O'zbek tili bayrami kuni etib belgilangan.

Izoh qoldirish