27.04.2024

Surxondaryo bosh imom-xatiblarning ayollar masalalari bo‘yicha yordamchilari, targ‘ibot guruhi a’zolari va barcha otinoyilar uchun tashkil etiladigan 1-kunlik o‘quv seminar

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining majlislar zalida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi xuzuridagi Malaka oshirish markazi Surxondaryo viloyat mintaqaviy filiali bilan xamkorlikda Surxondaryo bosh imom-xatiblarning ayollar masalalari bo‘yicha yordamchilari, targ‘ibot guruhi a’zolari va barcha otinoyilar uchun tashkil etiladigan 
1-kunlik o‘quv seminar

 

O‘zbekiston musulmonlar idorasining 2024 yil 09-yanvardagi №03-13/48-sonli xatiga asosan 2024-yilning 25-aprel kuni soat 08:00da Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan targ‘ibot guruhi a’zolari va otinoyilar uchun tashkil etiladigan 1 kunlik o‘quv-seminar o‘tkazish.

 Eshitildi: Seminarni ochish uchun O‘MI Surxondaryo viloyati vakilining xotin qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi X.Qosimova so‘zga chiqib; O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Surxondaryo viloyati  mintaqaviy filialida bosh imom xatiblarning ayollar masalalari bo‘yicha yordamchilari hamda barcha otinoyilar uchun 2024 yil 25-aprelda tashkil etiladigan 1 kunlik o‘quv-seminar jadvali ishlab chiqilib, 25-aprel kuni reja asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi tuman va shahar bosh imom-xatiblarining ayollar masalalari bo‘yicha yordamchilari joylarda faoliyat yuritayotgan otinoyilar uchun tashkil etiladigan 1-kunlik o‘quv-seminar o‘tkazilayotganini shu jumladan, bu boradagi olib borilayotgan ishlarning muammolari va yechimlari, erta turmush, ajrim masalalari, yoshlarni hayotga tayyorlash, ta‘ziya marosimiga xos odoblar, jamiyatimizda sog‘lom muhitni yaratish, otinoyilik burchi va vazifalari to‘g‘risida batafsil tushuntirib o‘tdilar va o‘quv-seminarni ochiq deb e’lon qildi.

Kun tartibidagi; O‘quv seminarning birinchi mavzusi bo‘yicha: Oila muqaddasligini azaliy ma'naviy qadriyatlarimizning, muqaddas islom dinimizning jamiyatimiz fuqorolik hamda oilalarni ma'naviy barkamolligidagi ahamiyatini inkor etib bo'lmaydigan haqiqat ekanini to'g'ri va tizumli tushuntirish. Yosh oila quruvchi yigit va qizlarni oila qurushdan oldin tibbiy ko'rikdan o'tishi. Ma’ruzachi: Xolmurodova Shoxista Mirzaliyevna – Termiz iqtisodiyot va servis Universitetining  "Ijtimoiy gumanitar" fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi

Oila Kodeksining 17-moddasida yosh kelin-kuyovlar nikohgacha tibbiy ko’rikdan o’tishlari belgilab qo’yildi. Bu modda kiritilishining mohiyati shundaki, imonli, insofli va yahshi niyatli inson uchun oila qurish, uning mustahkam poydevorda bo’lishiga qayg’urish qanchalik muhim va majburiy bo’lsa, yoki otaona bo’lish ma’suliyati kuchli bo’lsa, o’zidan sog’lom zurriyot qoldirish, uni sog’salomat katta qilib voyaga yetkazish, to’g’ri tarbiya berish shunchalik ma’suliyatli va nasli nuqtai nazaridan sog’-salomatligiga ishonch hosil qilish shunchalik zarurdir.

Tibbiy ko’rikdan o’tgan har ikki yosh eng avvalo o’z vujdoni oldida toza bo’lishi masalaning bir tomoni bo’lsa, hali oilani qurmay turib, uning salomatligi haqida qayg’urayotganligi ulardagi ana shu nikohday muqaddas narsaga bo’lgan jiddiy va ma’suliyatli munosabatining namoyon bo’lishidir. Ayniqsa, bugungi bozor munosabatlari sharoitida oiladagilarning sog’lom bo’lishi, yangi tug’ilgan farzandning sog’ va salomat katta bo’lishi muhim iqtisodiy hamda ma’naviy masaladir.

Milliy o’zligimiz va mahalliy urf-odatlarimiz shundayki, ikki yosh va ularning ota-onalari turmush qurishga ahd qilishsa, nisbatan qisqa fursatda hamma to’y taraddudiga tushadi. Yoshlar ham, ota-onalar ham faqat bir xil tashvish – eson omon yurt oldida ovozalar bilan to’y qilishga tayyorgarlik bilan band bo’ladilar. Shunday sharoitda qizning yoki yigitning salomtaligini tekshirib ko’rish yoki shunday taklifni u yoki bu quda tomonidan berilishiga hijolat bo’lish ham bor. Shuning uchun aslida yigit-qizlarning nikohdan avval bevosita pushtga, naslga ta’sir etuvchi hastaliklarga chalinmasligini tekshirishni millat manfaati nuqtai nazaridan yurtimizda davlat muassasalari o’z bo’yniga olgan. Masalan, yosh yigit va qiz nikohlarini rasmiy ravishda qayd etish istagida kamida bir oy avval FXDYO bo’limlariga ariza berish uchun kelganlarida ularning qo’liga tibbiy ko’rikdan o’tish taklifi beriladi va bu ishlarning hammasi bepuldir, ya’ni, davlat bu sarfxarajatlarni o’z zimmasiga oladi. Ushbu harakatlarning qonuniyligi ta’minlash maqsadida 2003-yilning 25-avgustida “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko’rikdan o’tkazish to’g’risidagi” Nizom haqida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 365 sonli qarori qabul qilingan. Ushbu nizomga ko’ra, barcha fuqarolar nikohdan oldin tibbiy ko’rikdan o’tishi zarur. Bunda bo’lajak kelinkuyovlar beshta asosiy hastalik – sil, teri-tanosil, giyohvandlik, OITS, ruhiy kasalliklar bo’yicha tekshiriladi. Sababi, bu beshta kasallik bevosita naslga ta’sir qiladi.

O’tkazilgan tadqiqotlar yurtdoshlarimizda “salomatlik” qadriyatiga munosabatlari ijobiy tomonga o’zgarayotganligini isbotlamoqda. Xususan, Respublika “Oila” ilmiy-amaliy hamda jamoatchilik fikrini o’rganish “Ijtimoiy fikr” Markazlarining tadqiqot natijalariga e’tibor beradigan bo’lsak, agar 2003yilda aholining faqat 42,7 foizigina nikoholdi tibbiy ko’rikdan o’tishga ongli munosabatni ifoda etgan bo’lsa, 2005-yilda bunday ijobiy ko’rsatgich 84,4 foizni tashkil etdi.

Zero, olimlarning kuzatishlari va tadqiqotlar yurtdoshlarimizda, ayniqsa, yosh kelin-kuyovlarda xastaliklarni oldini olish yoki bemor bo’lib qolganda dori-
darmonlarni istemol qilishga munosabati keskin o’zgarib borayotganini ko’rsatmoqda. Yurtdoshlarimiz bunda eng avvalo profilaktik tibbiyot, ya’ni xastalikni oldini olish uchun sog’lom turmush tarzi qonun-qoidalariga rioya etish, bunda sog’lom fikr va ruhiy quvvatdan foydalanish, bo’lgan bo’lmagan dorilarni iste’mol qilavermaslik ko’nikmalarini egallab borayotganligi tasdiqladi. Bu ham ma’lum ma’noda mamlakatimizda “Sog’lom ona – sog’lom bola” ijtimoiy harakatining, samarali targ’ibot-tashviqot ishlarining natijasidir. Qishloq hududlarida aholining toza ichimlik suvi, zarur sanitariya-gigiena shartsharoitlarini yaratish, xususan, ota-bobolarimizdan qolgan har bir mahallada sharqona yuvinish maskanlari bo’lmish hammomlar qurilishiga e’tiborning ortayotganligi ham yurtdoshlarimiz psixologiyasining muhim o’zgarishlaridandir. Yurtimiz ayollari va bolalar sport bilan faqat o’zining jismoniy quvvatini tiklash va bo’sh vaqtini maroqli o’tkazish uchun emas, balki u orqali sog’lom turmush tarzi keng targ’ibot qilish, ma’naviy va jismoniy kamolga intilish, turli salbiy ta’sirlar va zararli odatlardan halos bo’lish, kuchli harakterni shakllantirish uchun shug’ullanayotganliklari har qanday tahsinga loyiqdir.

O‘quv seminarning ikkinchi mavzusi bo‘yicha: Islom dinida shirk, bid'at-xurofot tushunchalari. O'zbek xalqining milliy va diniy urf-odat va marosimlari. Ma’ruzachi: To‘xtayev Nasrullo Nurillayevich – Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi yoshlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘limi boshlig‘i: 

Arab tilida shirk so‘zi “ikki narsani tenglashtirish”, “tengdosh qilish”, “sherik qilish” degan ma’nolarni bildiradi. Uning shar’iy ma’nosi: Alloh ta’ologa zoti, fe’llari, ibodati va go‘zal ismu sifatlarida maxluqlarni tengdosh qilish, sherik qilish tushuniladi. Qur’oni Karimda shirk va uning o‘zagidan yasalgan so‘zlar 34 marta zikr qilingan bo‘lib, ularning barchasida ushbu gunoh qoralangan va undan qaytarilgan. Shariatimizga ko‘ra, shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi. Undan qaytarish jamiki anbiyo alayhimussalomlar da’vatining asosi va samoviy shariatlarning mag‘zidir. Chunki, har bir nabiy va rasul albatta o‘z qavmiga: “Ey, qavmim! Allohga sig‘iningiz! Sizlarga Undan o‘zga iloh yo‘qdir”, – degandir (A’rof surasi, 59-oyat).

Alloh taolo O‘ziga shirk keltirishdan Qur’oni karimning ko‘plab oyati karimalarida qaytargan. Jumladan, Nahl surasining 51-54 oyatlarida shunday degan: “Alloh: “Ikki (soxta) ilohni ma’bud qilib olmangiz! Albatta, U yagona ilohdir! Bas, Mendangina qo‘rqingiz!” – dedi. Osmonlardagi va Yerdagi barcha narsalar Uning mulkidir. Din (itoat qilish) Ungagina(bo‘lishi) vojibdir. Allohdan o‘zgasidan qo‘rqasizmi?! Sizlarda qaysi bir ne’mat bor bo‘lsa, albatta, u Allohdandir. Shuningdek, qachon sizlarga musibat yetsa ham faqat Ungagina yolvorasizlar. So‘ngra (U)sizlardan (o‘sha) musibatni daf etgach, sizlarning orangizdan bir to‘da(kimsalar chiqib) Parvardigorlariga shirk keltirurlar” (Nahl surasi, 51-54-oyat).Ulamolar shirk asosan ikki turga: katta shirk va kichik shirkka bo‘linadi deganlar. Katta shirk – Allohga biror-bir narsani sherik qilish, teng bilish va u zot bilan birga boshqa narsalarga ibodat qilishdir. U gunohi kabiralarning eng kattasidir. Allohning O‘zi saqlasin. Bu borada Haq taolo O‘zining kalomida shunday degan: “Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirish (gunohi)ni kechirmagay va(lekin) ana shundan boshqa (gunohlar)ni O‘zi xohlagan (banda)laridan kechirur. Kim Allohga shirk keltirsa, demak, u ulkan gunohni to‘qib chiqaribdi” (Niso surasi, 48-oyat). Ikkinchisi, kichik shirk bo‘lib, u kishini Islom millatidan chiqarmasada unda bardavom bo‘lish katta shirkka olib borishi mumkin. Bunda kishi o‘sha ishdan darhol qaytishi va tavba qilishi lozim bo‘ladi.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:“Ey odamlar, ushbu shirkdan saqlaninglar, chunki, u chumolining o‘rmalashidan ham maxfiyroqdir”, –dedilar. u zotga Allohning irodasi ila bir kishi: “Ey Allohning rasuli, agar u chumolining o‘rmalashidan ham maxfiyroq bo‘lsa, qanday qilib undan saqlanamiz?”, – dedi. Shunda u zot sallallohu alayhi vasallam:“Ey Alloh, biz bilib turib, senga shirk keltirishimizdan panoh so‘raymiz, bilmaganimizga istig‘for aytamiz”,– denglar, deb javob berdilar (Imom Ahmad va Imom Tabaroniy rivoyat qilishgan). Demak, shirk chumolining o‘rmalashidan ham maxfiy tarzda mo‘min kishi amallariga kirib qolishi mumkin ekan. Ulamolarimiz ushbu hadisni izohlab, shirk keltirish barcha solih amallarda, jumladan, duo, sajda, nazr, sadaqa kabi jismoniy va moliyaviy ibodatlarda ham bo‘lishi mumkin, deganlar.Musulmon kishi o‘zining imon va e’tiqodiga binoan barcha hojatlarini so‘rashda faqat yagona Alloh taolodan so‘rashi va Uning O‘zigagina ibodat qilishi shart. Alloh taolo bu haqda shunday deydi: “...Bas, kimki Parvardigori bilan muloqotda bo‘lishdan umidvor bo‘lsa, u holda ezgu amal qilsin va Parvardigoriga ibodat qilishda hech kimni (Unga) sherik qilmasin!” (Kahf surasi, 110-oyat).Ta’kidlab o‘tish joizki, qabrlar ziyorati oxiratni eslash uchundir. Ammo qabrlar ziyoratining asl mohiyatini unutib, aziz avliyolar qabrlariga borib, hojatlarini so‘raydigan, baxt yoki farzand yohud ishiga rivoj tilab, istaklarini sohibi qabrlardan so‘raydiganlar ham bor. Vaholangki, har qanday istak, tilaklarni faqat yolg‘iz Allohdan so‘ralishi kerak. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Allohni qo‘yib, qiyomat kunigacha ham (duoni) mustajob qila olmaydiganlarga iltijo qiladigan kimsadan ko‘ra kim ham adashganroqdir?! Holbuki, u (jonsiz but)lar o‘sha (mushrik)larning duolaridan g‘ofil (bexabar)dirlar” (Ahqof surasi, 5-oyat).Hanafiy mazhabidagi mo‘tabar manbalardan biri “Raddul muhtor” kitobida shunday deyilgan: “Avom xalq tarafidan o‘liklarga atab nazr qilish, Allohning do‘stlari qabrlariga ularga yaqin bo‘lish maqsadida tangalar tashlash, sham, chiroqlar yoqish botil va haromdir”.

Ba’zi odamlar ayrim oy, kun, joy va odamlardan shumlanishlari va ular haqida yomon gumonda bo‘lishlari nodonlik va islom shariati ta’limotlaridan bexabarliklariga dalolatdir. Islomdan oldingi johiliyat davrida ham safar oyidan shumlanish odati bor edi. Barcha noto‘g‘ri e’tiqodlar qatori dinimiz bu kabi xurofotdan iborat fikrlarni ham to‘g‘riladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu borada bir qancha hadislar aytdilar.Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kasallikning yuqishi yo‘q, g‘ul yo‘q va safar yo‘q”,–dedilar(Imom Muslim va Imom Abu Dovud rivoyati).

Ya’ni, dunyodagi har bir narsa shu jumladan, xastalik yuqishi ham faqatgina Alloh taoloning irodasi bilan bo‘ladi. Hadisda zikr qilingan “G‘ul” johiliyat ahli tasavvuridagi bir jin bo‘lib, ular uni turli shakllarga kira oladi, odamlarni adashtirib ketib, turli balolarga uchratadi, degan e’tiqodni qilishar edi. Islom bu noto‘g‘ri e’tiqodni ham rad etdi. Shuningdek, johiliyat ahlining Safar oyi to‘g‘risida ham bid’at-xurofotdan iborat tushunchalari bor edi. Islom bunday asossiz e’tiqodlarni ham rad etib, oy-kunlarning hammasi Alloh taoloniki ekanini e’lon qildi.

O‘quv seminarning uchunchi mavzusi bo‘yicha: Yosh qizlarni erta turmushga berishni va yaqin qarindoshlar o'rtasidagi nikohni oldini olishda mahalalarda ota-onalarning mas'uliyatini oshirishda targ'ibotchilar va otinoyilarning o'rni. Ma’ruzachi: Qosimova Xosiyat – O‘zbekiston musulmonlar idorasi Surxondaryo viloyati vakilligining xotin-qizlar bo‘yicha yordamchisi: - Bismillahir Rohmanir Rohiym.Hamma dalillarni o‘rganib chiqqan jumhur ulamolar nikohning shar’iy hukmi haqida quyidagilarni aytganlar:

Nikoh shariatda Qur’oni karim, Sunnati Nabaviya va islom ummatining ijmoi orqali kirgan. Ulamolarimiz kelin tanlashda quyidagilarga e’tibor berishni ta’kidlaganlar: 

  • Dindorlik
  • Serfarzandlik. Bu sifat qarindosh-urug‘ ayollarga qarab belgilanadi.
  • Avval turmush qurmagan bo‘lishi.
  • Dindor va qanoatli oiladan bo‘lishi.
  • Nasabi yaxshi bo‘lishi.
  • Husnli bo‘lishi, shunda erning ko‘ngli to‘q bo‘ladi, muhabbat qo‘yadi, boshqalarga qaramaydi.
  • Qarindoshlardan bo‘lmasligi.

 Qiz bolani necha yoshda turmushga uzatish kerak? Keyingi vaqtlarda tez-tez takrorlanayotgan bu savol, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgani bejiz emas. Chunki yangi qurilayotgan har bir oilaning mustahkamligi, undan sog‘lom avlod dunyoga kelishi, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash va boshqa shu kabi hayotiy masalalar ana shu ilk qadam – qizlarimizning necha yoshda turmushga chiqishi bilan bevosita bog‘liq.

 Biroq balog‘at yoshi – kamolot yoshi emas. Qizlarni erta turmushga berishning turli salbiy oqibatlari natijasida bir emas bir necha oilaning tashvishiga sabab bo‘lib, ba’zan naslni nogiron yoki butunlay yo‘q bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, yaqin qarindoshlar nikohi  millatning irsiy zaiflashuviga olib keluvchi omillardan sanaladi.

Ko‘p hollarda yaqin qarindoshlar o‘rtasida tug‘ilgan bolalarda irsiy kasalliklar yaqqol namoyon bo‘ladi. Dunyo olimlarining ta’kidlashicha, bugungi kunda irsiy muammolarga 80 foiz hollarda qarindoshlarning o‘zaro nikohi va ekologik muammolar sabab bo‘lmoqda. Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohda ota-onalar ko‘rinishidan sog‘lom bo‘lsalar-da, farzandlarining irsiy kasallik bilan tug‘ilishi xavfi yuqori bo‘ladi.

O‘quv seminarning to‘rtinchi mavzusi bo‘yicha: Umra ziyoratiga boradigan ayollarga tavsiyalar; Umra qanday amal? Umraga borishdan maqsad. Ziyorat vaqtidagi poklik. Umra ibodatiga riyo aralashmasin. Ma’ruzachi: Mardonov Xayrullo Maxmudovich – Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari: - Bismillahir Rohmanir Rohiym. Umra – Qur’on oyati va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam sunnatlari bilan sobit bo‘lgan amaldir. Umraga boruvchilar orasida ayollar ham bo‘lgani bois quyida ularga xos bo‘lgan masalalar zikr qilinadi:

Ayollar ehrom holatida boshlarini yopadilar, yuzlari esa ochiq holda bo‘ladi. Ko‘ylaklar gulsiz, sidirg‘a, ichi ko‘rinmaydigan darajada bo‘lishi, tor va qora rangda bo‘lmasligi  talab etiladi.Sochlar doimo ro‘mol tagida bo‘lishi kerak. Sochlar ibodat chog‘ida halaqit qilmasligi uchun turmaklanadi yoki biror narsa bilan bog‘lab olinadi.Ayollar talbiyani maxfiy, ya’ni past ovozda aytadilar. “Labbaykallohumma labayk, labbayka laa shariyka laka labbayk. Innal hamda val-ne’mata laka val mulk, laa shariyka lak”. Mehmonxonalardagi xonalar taqsimotida tartibli bo‘lish talab etiladi. Mehmonxonada oz vaqt bo‘lishlikni, umraga nima maqsadda borishlikni doim yodda saqlagan holda ellikboshining ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilish shart. Mehmonxonalardagi xonalar ozodaligiga e’tibor berish, suvni isrof qilmaslik talab etiladi. Mehmonxonalarda ham satri avrat qoidalariga amal qilish lozim. Oshxonadagi tartib-intizomga qat’iy rioya qilish kerak. Shaxsini tasdiqlovchi hujjat (ko‘krak nishoni) va mehmonxona tashrif qog‘ozi (vizitka)si doim yonida olib yurish kerak. Ibodat yoki boshqa holatlarda mehmonxonadan tashqariga chiqiladigan bo‘lsa, kalitni topshirib ketish zarur. Ibodatlar uchun masjidda qolinadigan bo‘lsa yoki boshqa ishlar yuzasidan ellikboshini ogohlantirib qo‘yish lozim. Ayollarning hayz kunlari boshlanib qolsa, duo va talbiya o‘qib ehromga kiradilar. Lekin Ka’ba tavof qilinmaydi, namoz, Qur’on o‘qilmaydi. Safo va Marva sa’yini ado etaveradi. Salovat, duo va tasbehlar aytish mumkin.  Umra ziyorati hayz kunlariga to‘g‘ri kelib qolsa ayol shifokorlar bilan maslahatlashib  ish ko‘riladi. Ayollar kamida uch kishi bo‘lib yurishi, kechasi yolg‘iz yurmasliklari lozim. Masjid uzoqda bo‘lsa, shaxsiy avtomobillarga o‘tirmaslik, faqat taksilardan foydalanish tavsiya etiladi. Masjidul Nabaviydagi bir rakaat namozning savobi ming rakaat namozga, Masjidul Haramdagi bir rakaat namozning savobi esa yuz ming rakaat namoz savobiga tengligini doimo esda saqlab, vaqtni g‘animat bilib, doimo ibodatda bo‘lish kerak. Safo va Marva sa’yi asnosida (ikki yashil ustun orasida) yugurish ayollar uchun sunnat emas. Umra oxirida ayollarning sochlaridan, soch uchidan bir barmoq aylantirarlik uzunligida soch kesiladi. Soch uzun bo‘lsa, sochning uchidan, soch kalta bo‘lsa o‘ng tomonda qaychi bilan kesiladi. Ehromga kirishdan oldin shularni hisobga olish kerak. Umraga boruvchi ayollar ibodat vaqtida ulkan ajrlar berilishi hisobga olib, birovlarning haqiga, moliga hiyonat qilmaslik, atrofdagilar bilan janjalmaslik, o‘zi va boshqalar uchun savobli amallar qilishga harakat qilishi talab qilinadi. Begonalardan audio, video tasmalar, turli kitoblar olmaslik talab etiladi. Hamxonalarda keksalar bo‘lsa, qo‘ldan kelganicha yordam berish tavsiya etiladi. Biz Abu Hanifa mazhabiga muvofiq ibodat qilamiz, shuning uchun ibodat vaqtida boshqa mazhabdagi ayollarning namoziga e’tibor bermaslik talab etiladi. Hozirgi vaqtda tasbehlar, joynamozlar o‘zimizning yurtda ham serob bo‘lgani bois aeroport ma’muriyati tomonidan talab etilgan me’yordan ortiq yuk olmaslik talab etiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning masjidlarida yoki Ka’baga matolarni turli niyatlarda surtish,  Uhud tog‘i tuprog‘idan olib ketish, Uhud tog‘iga qarab namoz o‘qishning bid’at amallardan ekanini aniq bilish zarur. Samolyotda, mehmonxonalarda, masjidlardagi tahoratxonalarda pokizalikka qat’iy e’tibor berish talab etiladi. Umra ziyoratiga borayotganlar nima maqsadda ketayotganligini aniq bilib olishlari, shuningdek, ibodat vaqtlarida ayollarni pardozlanib yurishlari man etiladi. Ibodatlarni tugatib mehmonxonaga qaytish yo‘li yoddan ko‘tarilgan vaqtda sarosimaga tushmaslik, yaqin atrofdagi politsiya yoki biron kishiga beyjik va mehmonxona tashrif qog‘ozi (vizitka)ni ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir. Shifokorlar doim xizmatda bo‘lganligi bois o‘zingizmi, hamxonangiznimi tobi qochib qolsa, darrov shifokorga murojaat qilish zarur. Mehmonxonalarda yuk yo‘qolish kabi hodisalar bo‘lganida, darhol ellikboshiga murojaat qilish kerak. Toshkent aeroportiga qaytib kelingandan keyin jomadon yoki yuklar yo‘qolgani ma’lum bo‘lsa, jomadon uchun berilgan chiptani ellikboshi bilan birgalikda aeroport ma’muriyatiga topshiriladi. Umra ziyoratidan qaytib kelgandan keyin musulmon kishiga xos bo‘lgan ishlarni mukammal bajarishda, mahalla va jamoat ishlarida, to‘y va ma’rakalarni isrofgarchiliksiz o‘tkazish, yoshlar tarbiyasida ibrat bo‘lishlari tavsiya etiladi. Xayrli amallarda davomli bo‘lish ikki dunyo saodatiga erishtiradi.

Izoh qoldirish

Izohlar