25.04.2024

QADIMIY AXSI QO’RG’ONIGA SAFAR

O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Namangan viloyati mintaqiviy filiali rahbariyati tomonidan Andijon, Farg'ona va Namangan viloyatidan VI davra o'quvlariga jalb etilgan tinglovchi imom xatib va imom-noiblari uchun Namangan viloyatida joylashgan Yangi Axsi majmuasiga ziyorat safari tashkil etildi.

Axsi yoki Axsikent tarixi bo'yicha qisqacha quyidagi ma'lumotlarni keltirib o’tish mumkin.

Axsikent – qadimgi shahar harobasi. Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Shaxand qishlog‘i hududida, Sirdaryoning o‘ng sohilida joylashgan. Tarixiy maʼlumotlarga qaraganda, Axsikent shahri miloddan avvalgi 3 – 2-asrlarda vujudga kelgan, 9 – 10-asrlarda Farg‘ona vodiysining poytaxti bo‘lgan. 1219 yil mo‘g‘ullar tomonidan butunlay vayron qilingan. Axsikentning eski o‘rnidan 
5 – 7 km g‘arbda bunyod etilgan yangi shahar – Axsi 14 – 17-asrlarga oiddir. Axsikentni arxeologik jihatdan o‘rganish ishlari 19-asr oxirlari – 20-asr dastlabki yillaridan boshlangan. Arxelogik qidiruv ishlari rus tadqiqotchilari N.I.Veselovskip (1885 yil) va I.A.Kastane (1914 yil) tomonidan olib borilgan. Sho‘rolar davrida M.Y.Massoy (1939 yil) va A.N.Bernshtam (1948 yil)lar tekshirganlar. Arxeologik tadqiqotlar natijasida Axsikent ark, shahriston va raboddan iborat bo‘lganligi, shaharning uch qismi ham alohida devorlar bilan o‘ralganligi, arkda hokim saroyi, zindon, shahristonda ichki bozor, jome masjidi, pishiq g‘ishtdan ishlangan hovuz va ariqlar, rabodda hunarmandlar mahallalari va tashqi bozor mavjud bo‘lganligi aniqlangan. Axsikent Namangan o‘lkashunoslik muzeyi xodimlari tomonidan ham o‘rganilgan (1957 – 1959 yillar). 1960 yil O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix va arxeologiya instituti uyushtirgan maxsus ekspeditsiya Axsikent rabodidan 11-asrga oid ko‘hna hammom o‘rnini ochgan. U yerdan sopol idish, quvur, chaqa tanga va shisha buyumlar topilgan. Bundan tashqari, Axsikent harobalaridan g‘arbiy tomonida o‘rta asrlarga oid yana bir shahar harobalari borligi aniqlangan. Akademik Y.F.G‘ulomov va arxeolog I.Ahrorov mazkur tadqiqotlar asosida bu yerda turli davrlarga oid alohid ikkita shahar bo‘lganligini, ulardan biri qadimgi Axsikent va ikkinchisi temuriyzoda Mirzo Bobur tug‘ilgan Axsi ekanligini birinchi bo‘lib isbotladilar. 1967 yil rassom I.A.Smirnov Axsikent harobalaridan yig‘ib jamlagan sopol idish, jez buyum va zeb-ziynatlar majmuasini Moskvadagi Sharq xalqlari davlat muzeyiga taqdim etgan. Axsikent yodgorligi o‘zbek xalqi madaniyati tarixida muhim o‘rin tutganligi uchun 1950 yildan davlat muhofazasiga olingan.

Mustaqillik yillarida, xususan III renessans davri arafasidagi hozirgi kunimizda Axsikent tarixini o’rganish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tinglovchilarni tanishtirar ekan, majmua mas’ul xodimi Bilolxon Rustamovning izohlashiga ko’ra, hozirda nafaqat Respublikamiz balki qo’shni davlatlardan ham Yangi Axsi majmuasiga ziyoratchilar oqimi keskin ko’paygan. Majmuada tashkil etilgan qo’lyozmalar kutubxonasida o’rta asrlarga oid 300 dan ortiq nodir qo’lyozmalar saqlanmoqda. 

Shuningdek, Axsikent qo’rg’onidan topilgan eksponatlar muzeyi haqida Bilolxon domla shunday ta’rif berdi: “Muzeyimizda I asrdan XX asr boshlarigacha bo‘lgan davrda foydalanuvda bo‘lgan ashyolar saqlanmoqda. Ular orasida 2000 yillik suvdon, 1000 yillik shamshir va qilich, 1200 yillik muhr alohida o‘ringa ega”.

Safar asnosida tinglovchilar o’tmishimizning boy ma’naviy va madaniy merosidan ijobiy taasurotlar olib qaytdi.

Izoh qoldirish