27.03.2024

1-kunlik o‘quv seminar

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining majlislar zalida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi xuzuridagi Malaka oshirish markazi Surxondaryo viloyat mintaqaviy filiali bilan xamkorlikda Surxondaryo bosh imom-xatiblarning ayollar masalalari bo‘yicha yordamchilari, targ‘ibot guruhi a’zolari va barcha otinoyilar uchun tashkil etiladigan 
1-kunlik o‘quv seminar

 

O‘zbekiston musulmonlar idorasining 2024 yil 09-yanvardagi №03-13/48-sonli xatiga asosan 2024-yilning 27-mart kuni soat 08:00da Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan targ‘ibot guruhi a’zolari va otinoyilar uchun tashkil etiladigan 1 kunlik o‘quv-seminar o‘tkazildi.

Seminarni ochish uchun O‘MI Surxondaryo viloyati vakilining xotin qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi X.Qosimova so‘zga chiqib; O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Surxondaryo viloyati  mintaqaviy filialida bosh imom xatiblarning ayollar masalalari bo‘yicha yordamchilari hamda barcha otinoyilar uchun 2024 yil 27-martda tashkil etiladigan 1 kunlik o‘quv-seminar jadvali ishlab chiqilib, 27-mart kuni reja asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi tuman va shahar bosh imom-xatiblarining ayollar masalalari bo‘yicha yordamchilari joylarda faoliyat yuritayotgan otinoyilar uchun tashkil etiladigan 1-kunlik o‘quv-seminar o‘tkazilayotganini shu jumladan, bu boradagi olib borilayotgan ishlarning muammolari va yechimlari, erta turmush, ajrim masalalari, yoshlarni hayotga tayyorlash, ta‘ziya marosimiga xos odoblar, jamiyatimizda sog‘lom muhitni yaratish, otinoyilik burchi va vazifalari to‘g‘risida batafsil tushuntirib o‘tdilar va o‘quv-seminarni ochiq deb e’lon qildi. 

Kun tartibidagi; O‘quv seminarning birinchi mavzusi bo‘yicha: Xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasidagi ijtimoiy illatlar va ularni oldini olish choralari. Ma’ruzachi: Rasulov Xakim Mamanovich – Termiz davlat pedagogika instituti kafedra mudiri, siyosiy fanlar nomzodi, dotsent. 

Yurtimizda xotin-qizlar va bolalarning ma'naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, salomatligini mustahkamlash, oila, onalik va bolalikni muhofazaa qilishning huquqiy kafolatlari yaratilgan bo'lib, u zamon talabi asosida takomillashtirib borilmoqda.

Keyingi yillarda ushbu sohani ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilmoqda, "ishonchli himoya qilish” tushunchasi ham bejizga keltirilmayapti. Bu orqali mavjud amaliyotni qayta ko'rib chiqish, hayotda, matbuotda real voqelikni aks ettirish, sohadagi muammolarga yechim topish, talabga javob bermaydigan huquqiy normalarga o'zgartirishlar kiritish, bu boradagi javobgarlik choralarini yanada kuchaytirish nazarda tutilmoqda.

Afsuski, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramasdan, salbiy holatlar, ya'ni xotin-qizlar, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo'ravonlik va tazyiqlar, o'z huquq va erkinliklaridan foydalanishda to'siqlar hali ham uchramoqda.

Mamlakatimizda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini tazyiq va zo'ravonlikdan ishonchli himoya qilishning institutsional hamda huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishga, bolalar orasida nazoratsizlikning va ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga, shuningdek nogironligi bo'lgan bolalarni hamda ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘quv seminarning ikkinchi mavzusi bo‘yicha: Islom dinidagi mazhablar, firqalar va oqimlar. Hanafiylik mazhabining mo‘tadilligi. Ma’ruzachi: Cho‘tmatov Jo‘rabek Omonovich – O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Surxondaryo viloyati mintaqaviy filial "Ijtimoiy va mutaxassislik fanlari" kafedrasi dotsenti: 

Bismillahir Rohmanir Rohiym. Islom dinida mazhab masalasi bundan o‘n uch asr avval qanday muhim deb topilgan bo‘lsa, bugun ham, keyinchalik ham xuddi 

shunday dolzarb va zarurligicha qolaveradi.Ahli sunna val jamoaning to‘rt mazhabi turli tarixiy sinovlarda o‘zning naqadar to‘g‘riligi, sofligi va zarurligini asrlar osha namoyon etib kelmoqda. Ma’lumki, Islom olamining ahli sunna toifasi ichida to‘rtta fiqhiy mazhab bo‘lib, ular hanafiy, molikiy, shofe’iy va hanbaliy mazhablaridir. Mazkur to‘rt mazhabning barchasi mo‘tabar bo‘lib, musulmon kishi ularning biriga ergashishi vojibligiga islom ummati ittifoq qilganlar.

Tarix nuqtai nazaridan qaralsa, bu to‘rt mazhab ham bir-biri bilan bog‘liq, mazhab egalari o‘zaro bevosita yoki bilvosita bir-birlariga ustoz yoki shogird bo‘lishgan. Masalan, Abu Hanifa Imom Molik bilan ko‘rishgan, Imom Molik Imom Shofe’iyga ustozlik qilgan, Imom Shofe’iy esa Abu Hanifaning shogirdi Muhammad ibn Hasan bilan bevosita munozaralar qilgan. Shuningdek, Imom Shofe’iy Ahmad ibn Hanbalga ustozlik qilgan. Lekin shunga qaramay, har bir mujtahidning mazhab tuzishda o‘ziga xos ilmiy yo‘nalishi bo‘lgan.

Movaraunnahr o‘lkasida yashaydigan xalqlar, xususan biz o‘zbeklar ham necha asrlardan beri sunniylikning to‘rt fiqhiy mazhabidan biri bo‘lgan hanafiylik mazhabiga amal qilib kelamiz. Hozirgi kunda dunyo musulmonlarining deyarli yarmi aynan hanafiy mazhabimizga amal qilib, o‘z ibodatlarini shu mazhabga muvofiq ado etib kelmoqdalar. Hanafiy mazhabi asosan Markaziy Osiyo, Pokiston, Eron, Turkiya, Afg‘oniston, Hindiston, Rossiya musulmonlari o‘rtasida, Arab mamlakatlaridan Iroq, Misr, Suriya, Liviya kabi yurtlarda keng tarqalgan. Shu jumladan bizning mintaqamiz musulmonlari ham hanafiy mazhabiga amal qilib keladilar.

Hanafiylik o‘z tarixiy taraqqiyotining barcha bosqichlarida dinning yaxlitligi, musulmonlarning hamjihatligi, o‘zaro inoqligi va birligini ta’minlashda eng muhim omil sifatida kurashib kelgan. U musulmonlar orasidagi har qanday firqachilikka qarshi bo‘lib, qavmning diniy e’tiqod belgilari bo‘yicha guruhlarga bo‘linish g‘oyasini hech qachon tan olmagan. Garchand turli oqim va firqalar har doim islom dini yaxlitligini buzishga urinib kelgan bo‘lsada, hech qachon buning uddasidan chiqolmaganlar. Bu muvaffaqiyatning zamirida ham shu ahli sunna ulamolari keltirgan dalil va asoslarning mustahkam va to‘g‘riligi asos bo‘lib xizmat qilgan. Musulmonlar ommasiga ushbu haqiqatlarni tushuntirib berish bemazhablik avj olgan hozirgi davrda ayniqsa muhimdir.

. O‘quv seminarning uchunchi mavzusi bo‘yicha: Qur’oni Karim va Hadisi shariflarda ma’naviy qadriyatlar, halollik, rostgo‘ylik, sahiylik kabi tushunchalarning talqini va ularni xotin-qizlar ongiga singdirish usullari. Ma’ruzachi: To‘xtayev Nasrullo Nurillayevich – Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi yoshlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘limi boshlig‘i: - Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni Karim va Hadisi Shariflardagi ahloqqa oid ibratli maslahatlar, hikoyatlar asrlar davomida tarkib topgan milliy urf-odatlar, an’ana va qadriyatlar mazmunida o’z ifodasiga ega bo’lgan. Hadisi shariflardagi ahloqqa oid ibratli, maslahatlar, hikoyatlar, asrlar davomida ajdodlarimiz hayotida tarkib topgan milliy urf-odatlar, an’analar Beruniy, Forobiy, Ahmad Yassaviy, Amir Temur, Navoiy, Bobur singari buyuk allomalar, olimlar, yozuvchilarning ahloq haqidagi ko’plab fikr-mulohazalari bugungi kunda ham oilaviy hayot uchun, har bir inson uchun qadr-qimmatini yo’qotmagan muhim tarbiyaviy ahamiyatga molikdir. Jumladan, Amir Temur ahloqi husniya – yaxshi xulqlar egasi bo’lgan. U oqil va tadbirli sarkarda sifatida odamlarni ishga tayinlashda ham, vazifasidan ozod etishda ham shoshmashosharlik va adolatsizlikka yo’l qo’ymagan, balki yetti o’lchab bir kesgan. Amir Temur singari jahon ma’naviyati saltanatida o’z o’rinlariga ega bo’lgan buyuk bobokalonlarimizning ahloq, go’zal xulq haqidagi fikrlari bugungi kun talabi bilan yozilgandek tuyuladi. “O’g’illarim! Millatning ulug’ martabasini, saodatini saqlamoq uchun sizlarga qoldirayotgan vasiyat va tuzuklarni yaxshi o’qing, aslo unutmang va tatbiq eting. Millatning dardlariga darmon bo’lmoq vazifangizdir.Bahovuddin Naqshbandiy tariqatida avliyolik kuch-quvvatini ezgulikka, ilmma’rifatni rivojlantirishga yo’naltirish etakchi o’rin tutadi. Binobarin, ilm-ma’rifat zulm va bid’atdan forig’ bo’lish yo’lidir. Alloma tomonidan ilgari surilgan «Hilvat dar anjuman», «Safar dar vatan» g’oyalari mavjud bilimlarni suhbat hamda amaliyot yordamida o’zlashtirish maqsadga muvofiqligiga ishoradir. Zero, bahsmunozaralarda, doimiy izlanishlarda hosil bo’lgan ilm puhta  va mustahkam bo’ladi.

O‘quv seminarning to‘rtinchi mavzusi bo‘yicha: Aholida yot diniy g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirishning muhim jihatlari. Ma’ruzachi: Jo‘rayev Akrom Nomozovich – O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Surxondaryo viloyati mintaqaviy filial "Ijtimoiy va mutaxassislik fanlari" kafedrasi o‘qituvchisi: - Bismillahir Rohmanir Rohiym. Butun insoniyatga tegishli umuminsoniy g‘oyalar bilan birga diniy, milliy qadriyatlarga asoslangan faqatgina bir millat yoki biror jamiyatning o‘z muayyan g‘oyalari ham bo‘lishi mumkin. Shuningdek, g‘oyalar yana asosiy ikki turga – ezgu, yuksak g‘oyalar hamda buzg‘unchi g‘oyalarga ajraladi. Ezgu g‘oyalar jamiyatning, insonlarning birlashishi, rivojlanishi, farovon hayot kechirishlariga xizmat qilsa, buzg‘unchi g‘oyalar esa odamlarni, xalqlarning bo‘linib ketishiga, o‘zaro adovat, tarqoqlik hamda beqarorlik avj olishiga olib boradi.

Bunyodkor g‘oyalarga ergashib, vayronkor g‘oyalardan omonda bo‘lish uchun insonga g‘oyaviy immunitet kerak bo‘ladi. Yot g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirishning eng samarali yo‘li yoshlikdan boshlab sof e’tiqod va milliy qadriyatlarga ko‘ra ta’lim-tarbiya olishdir.

Axborotlar yorug‘lik tezligidek tez tarqalayotgan ushbu zamonimizda jamiyatning kelajagi bo‘lmish yoshlarga turli yot g‘oyalarning ta’siri etib kelishi juda oson. Ommaviy axborot vositalarining barcha turlari orqali, xususan, internet tarmoqlari yordamida istalgan ma’lumotni dunyoning istalgan burchagiga etkazish imkoniyati mavjud. Albatta, buning ko‘plab ijobiy jihatlari borligi bilan salbiy tomonlari ham etarlichadir. Endi bugungi davrda yoshlarning jismonan sog‘ salomat bo‘lishlarining o‘zi etarli bo‘lmay qoldi. Balki, ularni ruhan sog‘lom bo‘lishlari, keng dunyoqarashga ega bo‘lishlari, turli yot g‘oyalarga qarshi tura oladigan kuchli tanqidiy fikrlay olishlari ham zarur bo‘lib qoldi.

Internet orqali tarqalib, tobora turli xil shakl olayotgan virtual buzg‘unchiliklar, zo‘ravonliklar, yoshlarning ruhiyatiga salbiy ta’sir o‘tkazuvchi video, film hamda o‘yinlar, diniy ekstremistik materiallar, insoniylikka zid bo‘lgan ishlar endigina o‘sib kelayotgan beg‘ubor hayolot olamiga ega bolalarning ongini zaharlab, ularni jamiyatga  befoyda va zararli odam bo‘lib etishishlariga sabab bo‘lmoqda.

Mazkur ofatlardan omonda qolishda oilalardagi sog‘lom muhit va munosabatlarning o‘rni asosiy ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, ota onalar hamisha farzandlarini nazorat qilishlari, ularning ta’lim olishi, jismonan va ruhan rivojlanishi, atrofidagi muhitning sog‘lom bo‘lishiga harakat qilishlari lozim. Qolaversa, ota onalarning o‘zlari ham doimo ilm olishda davom etishlari, farzandlari bilan do‘stona aloqa o‘rnatishlari ham kerak bo‘ladi.

Oila mustahkamligi jamiyat mustahkamligining garovi ekan, bu borada oilaviy ajrimlarga yetaklovchi omillarni tahlil etishning hayotiy ahamiyati bor. Oilaviy ajrimlarning salbiy oqibatlarini ko‘pchilik, ayniqsa, katta yoshdagilar yaxshi tushunadi. Shu bois har bir insonning suyanchi sanaluvchi bu muqaddas dargohga darz yetmasin, deymiz.

 

Izoh qoldirish

Izohlar