“Qirqqiz” qal’asiga - qadimiy yodgorligiga sayohat uyushtirildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Surxondaryo viloyati mintaqaviy filiali Qashqadaryo va Surxondaryolik imom-xatib va noiblardan iborat bo‘lgan 5-davra 1-guruh tinglovchilari 2024 yil 23-fevral kuni tushdan keyingi tadbirda Surxondaryo viloyati Termiz tumanida joylashgan “Qirqqiz” qal’asiga - qadimiy yodgorligiga sayohat uyushtirildi.
Qirqqiz qal’asi XIV-XV asrlarga oid yodgorlik bo‘lib, xalq orasida uning kelib chiqishi va tarixi bilan bog‘liq ko‘plab afsona va rivoyatlar tarqalgan. Ba’zi ma’lumotlarda keltirilishicha, ushbu qal’ada o‘z yerlarini talonchi ko‘chmanchilardan himoya qilgan Guloyim boshchiligidagi 40 qiz yashagan. Ushbu joy bilan juda ham ko‘p rivoyatlar bor, deydi Surxondaryo viloyati Jurnalistlar ijodiy uyushmasining raisi Norquvvat To‘raev. – Rivoyatlarga ko‘ra, qadimda bu yerda yashagan podshohning 40 nafar qizi bo‘lgan. Bir kuni saltanatga donishmand tashrif buyurib, barcha ulamolar va vazirlarni bahslarda mot qiladi. Shunda mullalar undan uch olish maqsadida podshohga unga nisbatan tuhmat qilishadi. Shoh esa gap nimadaligini aniqlamasdan donishmandni qatl etib, jasadini kuydirib, kulini Amudaryoga sepishga farmon beradi. Farmon ijro etiladi. Ammo suvga sepilgan kulni daryoda cho‘milayotgan podshoh qizlari bexosdan suv bilan yutib, xammasi homilador bo‘lib qolishadi. Jahli chiqqan shoh qal’a qurdirib, hamma qizlarini u yerga qamaydi. Muddati yetgach, ularning barchasi 40 ta o‘g‘il ko‘rishadi. Qal’ani Qirq—qiz deb atashadi. Keyinchalik ular podshoning katta qizi Guloyim (Gavhar) rahbarligida bosqinchilardan himoya qilishadi.
Yana bir rivoyatga ko‘ra, o‘z atrofiga 40 ta o‘qimishli qizlarni to‘plagan malika Gavhar bostirib kelgan yov bilan ayovsiz kurashadi. Uning 40 ta qizi halok bo‘ladi. Qonga belangan malika qal’adan chiqib, dushman shohi bilan yakka kurashmoqchi ekanligini aytadi va boshidan dubulg‘asini oladi. Qirq kokili beli uzra yozilgan sohibjamolni ko‘rgan shoh “qani endi mening askarlarim ham shu qizlardek bo‘lsa edi” deya, otdan tushib, malikani qo‘lini o‘padi va “Men Termez gavharini ko‘rdim, menga shu yetarli” deya, o‘z qo‘shinini ortga qaytaradi. Zo‘rg‘a turgan malika esa yerga yiqilib, jon beradi.
Izoh qoldirish