31.01.2024

O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 86 yilligi

“Islom Karimov –O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi”O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi  Malaka oshirish markazining Surxondaryo viloyati mintaqaviy filiali  tomonidan 2024-yil 
30-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 86 yilligi munosabati bilan “Islom Karimov – O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi” mavzusida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir to‘g‘risida 

MA’LUMOT

Bugungi  kunda mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 86 yilligi munosabati bilan ma’naviy-marifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. 

Xuddi shunday tadbirlardan biri  2024-yil 30-yanvar kuni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazining Surxondaryo viloyati mintaqaviy filiali professor-o‘qituvchilari, xodimlari va tinglovchilari ishtirokida ham tashkil etildi.

Tadbirni mintaqaviy filial direktori O.Xaydarov kirish so‘zi bilan ochib, kun tartibidagi mavzu yuzasidan to‘xtalib o‘tdi. Ya’ni Islom Abdug‘anievich Karimov o‘zining Prezident sifatidagi butun hayoti va faoliyatining yurtimizda yangi davlat, yangi jamiyat barpo etish, mustaqilligimizni mustahkamlash, o‘zbek nomini, O‘zbekiston nomini butun dunyoga tarannum etishdek ulug‘ maqsadga bag‘ishlagani va mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ulkan o‘zgarishlar zamirida Birinchi Prezidentimizning ulkan xizmatlari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Dastur bo‘yicha tadbir davom etdi va tadbir davomida Termiz davlat universiteti Tarix fakulteti Jahon tarixi kafedrasi dotsenti, professor (DSc) Pardayev Toshkentboy Rajabovich  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi PQ-2744-son Qarori mazmun-mohiyatini tadbir ishtirokchilariga keng tushuntirib o‘tdi. 

Islom Karimovning serqirra faoliyati, O‘zbekiston Respublikasini mustaqil va demokratik davlatga aylantirishdagi buyuk tarixiy xizmatlari, mamlakatimizda ta’lim, fan va madaniyatni rivojlantirishda amalga oshirgan beqiyos ishlari samaralariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Ularda buyuk davlat arbobi rahnamoligida mamlakatimizda ta’lim tizimi tubdan isloh etilib, ertangi kunimizning munosib davomchilari bo‘lgan barkamol avlodni voyaga etkazishga alohida e’tibor qaratilgani so‘zga chiqqanlar tomonidan ta’kidlab o‘tildi. Islom Abdug‘anievich Karimov mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, yurtimizni sobiq mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, uni zamonaviy asosda taraqqiy ettirish strategiyasini, dunyoda “O‘zbek modeli” degan nom bilan tan olingan rivojlanish yo‘lini ishlab chiqqan, jahon miqyosida katta obro‘-e’tibor qozongan, buyuk davlat va siyosat arbobi sifatida Vatanimiz tarixida o‘chmas va yorqin iz qoldirdi. 

Tadbirda davomida Islom Karimov haqida xujjatli film nomoyish etildi bu esa Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi hamda yig‘ilganlarda katta taasurotlar qoldirdi.

O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti, o‘zbek xalqining buyuk farzandi Islom Abdug‘anievich Karimovning so‘nmas xotirasi barcha yurtdoshlarimiz va xalqimizning qalbida abadiy saqlanib qoladi.

Islom Karimovning serqirra faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari yodga olindi va tadbir so‘ngida imom-xatiblar tomonidan Qur’oni karimdan tilovat qilindi.

Izoh qoldirish