“Sahihi Muslim”
Hadis ilmi maktabida 2024-yil 16-yanvabr kuni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Samarqand viloyati mintaqaviy filiali 4-davra tinglovchilari va Hadis ilmi maktabi talabalari o‘rtasida “Sahihi Muslim” kitobining taqdimoti tashkil etildi
Bugungi kunda yurtimizda buyuk allomalarning boy ma’naviy merosini xalqimizga yetkazish maqsadida ularning asarlarini turli tillardan tarjima qilib nashr etish ishlari samarali yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, respublikamizning deyarli barcha hududlarida kitoblarning taqdimotlari ham o‘tkazib kelinmoqda. Xususan, 2024-yil 16-yanvabr kuni Hadis ilmi maktabi ustozlari va ijodiy xodimlari tomonidan tarjima qilinib, chop etilgan kitoblarning taqdimot marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakilligi rahbari Zayniddin domla Eshonqulov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining o‘rinbosari Otabek Muhammadiyev, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Samarqand viloyati mintaqaviy filiali professor-o‘qituvchilari, xodimlari va tinglovchilari hamda Hadis ilmi maktabining ustozlari va talabalar jamoasi ishtirok etdi.
Tadbir avvalida maktab rektori Olimxon Isaxon o‘g‘li Yusupov so‘z olib, o‘tgan yil mobaynida maktabning ilmiy-ijodiy xodimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar haqida ma’lumot berdi.
Tadbir davomida Zayniddin domla Eshonqulov o‘z so‘zida “Sahihi Muslim” kitobining tarjima qilinib, nashrdan chiqarilgani mamlakatimizning din sohasida katta voqea bo‘lganini e’tirof etdi. Fazilatli shayx, Al-Azhar universiteti doktori Jamoluddin Hoshim esa xuddi mana shu kabi muhim ahamiyatga molik ishlar O‘zbekiston davlatining rahbari ilgari surayotgan uchinchi renessans davrini vujudga keltirishda muhim pillapoya bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining o‘rinbosari Otabek Muhammadiyev jamoani kitob bilan qutlab, bu natijalar maktabda ta’lim-tarbiya jarayonlari bilan bir qatorda ilmiy-tadqiqot ishlari, ijodiy munosabatlar ham barhaqligidan dalolat ekanini qayd etib o‘tdi.
Kitobni tarjima qilishda jonbozlik ko‘rsatgan ustozlar Oybek domla Hoshimov hamda Mahmudjon domla Abdurahmonovlar ijod mashaqqatlari, tarjima zahmatlari haqida gapirib berishdi. Shu ishga kamarbasta bo‘lganliklari va xizmatlarining nishonasini o‘quvchilarga taqdim etayotganlaridan behad minnatdor ekanliklarini bildirib o‘tishdi.
Taqdimot so‘ngida mehmonlarga mazkur kitoblardan hadya qilindi.
Izoh qoldirish