06.10.2023

Abu Iso Muhammad at-Termiziy

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Surxondaryo viloyati mintaqaviy filiali Qashqadaryo va Surxondaryolik  imom-xatib va noiblardan iborat bo‘lgan 1-davra 1-guruh tinglovchilari 2023 yil 28-sentabr kuni tushdan keyingi tadbirda Surxondaryo viloyati Sherabod tumanida joylashgan “Abu Iso Muhammad at-Termiziy” maqbara me’moriy yodgorliklariga joylarda amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi.

 

Termiziy Abu Iso, Imom Termiziy (toʻliq nomi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zaxdok Sullamiy Bugʻiy Termiziy) (824, Termiz — 892, Bugʻ qishlogʻi, hozirgi Sherobod tumani) Hadislar  ga oid olamshumul ahamiyatga molik asarlar yaratgan buyuk allomalardan biri mashhur muhaddis Abu Iso Muhammad Termiziydir. Uning to‘liq ismi Abu Iso Muhammad ibn Savra ibn Muso Dahhok Sulamiy (umrining oxirlarida ko‘zlari ojiz bo‘lib qolganligi uchun Darir taxallusi bilan ham atalgan) Termiziy bo‘lib, 824-yili Termizda uncha badavlat bo‘lmagan oilada tavallud topdi. Allomaning yoshlik yillari Termiz shahrida o‘tgan, dastlabki ma’lumotni ham shu shaharda olgan. Yozma manbalar va tarixiy osori atiqalardan ma’lumki, o‘rta asrlarda Termiz ham O’rta Osiyoning Urganch, Buxoro, Samarqand, Nasaf singari ilm-fan va madaniyati rivojlangan shaharlaridan biri bo‘lgan. Mana shunday madaniy muhitda o‘sgan Termiziy yoshligidan turli ilmlarni egallashga katta qiziqish bilan intilgan. Bolaligidan o‘ta ziyrakligi, quvvai hofizasi, ya’ni yodlash xotirasining kuchliligi va favqulodda noyob qobiliyati bilan o‘z tengqurlaridan ajralib turgan Termiziy diniy va dunyoviy fanlar, ayniqsa, hadis ilmini alohida qiziqish bilan egallagan va bu boradagi o‘z bilimlarini muttasil oshirish maqsadida ko‘pgina Sharq mamlakatlarini ziyorat qilgan. Jumladan, u uzoq yillar Iroqda, Isfahon, Xuroson, Makka va Madinada yashagan. Ko‘p yillar davom etgan safarlari paytida Termiziy qiroat, bayon, fiqh, tarix, ayniqsa, o‘zi yoshligidan alohida mehr qo‘ygan hadis ilmi bo‘yicha o‘z davrining yirik olimlari – mashhur muhaddislardan ta’lim oladi. Uning ustozlaridan Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Qutayba ibn Said, Ishoq ibn Muso, Mahmud ibn G’iylon va boshqa mashhur muhaddislarni ko‘rsatish mumkin. 

Manbalarda yozilishicha, hadislarni to‘plash va o‘rganishda Termiziy har bir qulay fursat va imkoniyatdan unumli foydalangan. U yo‘lda, safarda bo‘lganda ham yoki bir joyda muqim turganda ham o‘z ustozlaridan, uchratgan roviylardan eshitgan hadislarni darhol yozib olar, ularni tartibli ravishda alohida-alohida qayd qilib borardi. 

O‘z davrining yetuk muhaddis olimi sifatida tanilgan Termiziy ko‘pdan-ko‘p shogirdlariga ustozlik qilgan. Hadis ilmi borasida uning shogirdlaridan Makhul ibn Fazl, Muhammad ibn Mahmud Anbar, Hamad ibn Shokir, Abd ibn Muhammad Nasafiy, Haysam ibn Kulayb Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf Nasafiy va Abul Abbos Muhammad ibn Mahbub Mahbubiylarni sanab o‘tish mumkin. Ilmu irfon olish maqsadida uzoq yillar davom etgan xorijiy safarlardan qaytgan Termiziy o‘z yurtida yirik muhaddis olim sifatida shuhrat qozonib, asarlar ta’lif etish, ko‘plab shogirdlar tayorlash bilan mashg‘ul bo‘ldi. U 892-yilda Termizdan uzoq bo‘lmagan Bug‘ qishlog‘ida vafot etadi va shu yerda dafn etiladi. 

Aslida, Qur’oni karimda inson hayotiga oid jamiki masalalar o‘z aksini topgan. Payg‘ambarimiz Muhammad (a.s.)ning o‘zlari aytgan ibratomuz pand-nasihatlari, diniy, axloqiy masalalar xususidagi fikru mulohazalari, ko‘rsatmalari hamda Rasululloh (s.a.v.)ning hayotlari, faoliyatlari xususida sahobiylar tomonidan aytilgan hikoyat va rivoyatlar islomiy ta’limotni to‘ldirib, ko‘p o‘rinlarga aniqlik kiritib bergani uchun hadislar Qur’oni karimdan keyin turadigan asosiy manba sifatida qabul qilingan. 

Imom Termiziy faoliyat ko‘rsatgan to‘qqizinchi asrga kelib hadislarni nihoyatda aniq, muhim, shubha uyg‘otmaydigan manbalarga asoslanib to‘plashga alohida ahamiyat berish davr talabi bo‘lgan edi. Negaki, o‘sha davrning o‘zidan boshlaboq, noaniq, hatto soxta hadislar ham el orasida tarqay boshlaydi. Shunday paytlarda, ularni qayta-qayta tekshirib, betinim mehnat natijasida asl holiga qaytargan, ishonchli manbalar asosida to‘plab yozma ravishda tartibga keltirgan oltita hadislar to‘plami (as-Sihoh as-sitta)ni tuzgan mualliflar borki, ularni eng nufuzli va ishonchli muhaddislar deya tan olinadi. Mana shu mashhur muhaddislardan biri Imom Termiziydir.

Ayni vaqtda katta mamnuniyat bilan ta’kidlash joizki, buyuk muhaddisning Surxondaryo viloyati Sherobod tumani hududida joylashgan maqbarasi mustaqilligimiz sharofati bilan batamom qayta qurilib, allomaning yuksak maqomiga munosib zamonaviy, go‘zal va muhtasham yodgorlik majmuasi barpo etildi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Izoh qoldirish