
Harbiy xizmatchilar uchun navbatdagi malaka oshirish o‘quvlari yakunlandi
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazida 2023-yilning 31-iyul – 9-avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi Qo‘mondonlik tarkibi ofitserlari uchun “Harbiy xizmatchilarda buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash asoslari” yo‘nalishida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvlari yakunlandi. Mazkur o‘quvlarda jami 40 nafar tinglovchilar ishtirok etdi.

Mazkur malaka oshirish o‘quvlaridan ko‘zlangan maqsad harbiy xizmatchilarda islom dinining insonparvarlik va tinchlikvarparlik g‘oyalari to‘g‘risida, shuningdek, harbiy xizmatchilar shaxsiy tarkib ofitserlari va fuqarolar bilan ishlash jarayonida turli yot g‘oyalar: ekstremizm, terrorizm, radikalizm, aqidaparastlik, missionerlik g‘oyalarga qarshi kurashda mafkuraviy immunitetlarini mustahkamlash hamda sohaga doir bilim va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishdan iborat.

2023-yil 9-avgust kuni Akademiya katta zalida malaka oshirish o‘quvlari yakuni bo‘yicha bitiruv tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Z.Islomov, Akademiya Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha prorektori I.Mirziyotov, Malaka oshirish markazi O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari B.Isomiddinov, professor-o‘qituvchilar va tinglovchilar ishtirok etdi.

Tadbir yakunida tinglovchilarga sertifikatlar, estalik sovg‘alari va o‘tilgan dars mashg‘ulotlari bo‘yicha tarqatma materiallari topshirildi.
Izoh qoldirish