Inson huquqlarini ta’minlash - bosh maqsadimiz
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Surxondaryo viloyati mintaqaviy filiali Qashqadaryo va Surxondaryolik imom-xatib va noiblardan iborat bo‘lgan 3-davra tinglovchilariga 2022 yil 10 - dekabr kuni Termiz Davlat universiteti Yuridik fakukteti Fuqorolik jamiyati kafedrasi katta o’qituvchilari Xo’janazarov Abdusalom hamda Davlatova Shoira ishtirokida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 74 yilligi munosabati bilan “Inson huquqlarini ta’minlash - bosh maqsadimiz”mavzusida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati bo`lib o`tdi.
Inson huquqlari - har bir insonning millati, yashash joyi, jinsi, etnik kelib chiqishi, tanasining rangi, dini, tili va boshqa belgilaridan qat’i nazar, ajralmas huquqlaridir. Barcha odamlar har qanday turdagi kamsitishlarni istisno qilgan holda, inson huquqlaridan bir xilda foydalanish huquqiga egadirlar. Ushbu huquqlar o‘zaro bog‘liq va ajralmasdir.
Insonning umumbashariy huquqlari ko‘pincha shartnomalar, xalqaro odat huquqi, huquqning umumiy prinsiplari va xalqaro huquqning boshqa manbalarida qonun ko‘rinishida mustahkamlangan va kafolatlangan. Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq davlatlarga inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rivojlantirish hamda himoya qilish bo‘yicha majburiyatlarni yuklaydi.
Inson huquqlarining universalligi prinsipi – xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi asosidir. Bu prinsip 1948 yilda qabul qilingan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” qabul qilinishi bilan birinchi marotaba muhim ahamiyat kasb etgan va doimiy ravishda inson huquqlari sohasiga oid ko‘plab xalqaro konvensiyalar, deklaratsiyalar va rezolyusiyalarda namoyon bo‘lgan. Masalan, 1993 yilda Venada bo‘lib o‘tgan inson huquqlari bo‘yicha Butunjahon konferensiyasida inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rag‘batlantirish va himoya qilish, davlatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy tizimiga bog‘liq emasligi ta’kidlandi.
Inson huquqlari ajralmasdir. Shaxs ulardan mahrum etilishi mumkin emas, faqat kamdan-kam hollarda va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bundan mustasno. Masalan, inson sud tartibida jinoyat sodir etishda aybdor deb topilsa, uning erkinlik huquqi cheklanishi mumkin.
Barcha inson huquqlari bir butun bo‘lib, ular o‘zaro bog‘liq: masalan, yashash huquqi, qonun oldida tenglik yoki so‘z erkinligi kabi fuqarolik va siyosiy huquqlarmi; iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar. Masalan, mehnat qilish huquqi, jamoat xavfsizligi va ta’lim, yoki rivojlanish va o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi kabi jamoaviy huquqlar. Bir huquqni hurmat qilish, boshqa huquqlarni hurmat qilishga olib keladi. Xuddi shu tarzda, biron-bir huquqqa rioya qilmaslik, boshqa huquqlarning amalga oshirilishiga salbiy ta’sir qiladi.
Kamsitmaslik prinsipi – inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquqning keng qamrovli prinsipidir. Ushbu prinsip inson huquqlari to‘g‘risidagi barcha asosiy shartnomalarda mavjud va inson huquqlari bo‘yicha ba’zi xalqaro konvensiyalarning markaziy mavzusidir. Masalan, irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi Konvensiya va ayollarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiya.
Inson huquqlarini tan olish nafaqat ularni amalga oshirish huquqini, balki muayyan majburiyatlarni bajarishni ham anglatadi. Xalqaro huquqqa muvofiq, davlatlar inson huquqlarini hurmat qilish, himoya qilish va ularni ro‘yobga chiqarish majburiyatlarini o‘z zimmalariga oladilar. Inson huquqlarini hurmat qilish, davlatning inson huquqlarini amalga oshirishga aralashmaslik va ularni cheklashdan tiyilishini anglatadi. Inson huquqlarini himoya qilish majburiyati davlatdan huquqbuzarliklarning oldini olishni talab qiladi. Inson huquqlarini amalga oshirilishi davlatga insonning asosiy huquqlarini to‘sqinliksiz amalga oshirilishini kafolatlash majburiyatini yuklaydi. Individual darajada har bir inson boshqalarning huquqlarini hurmat qilishi kerak.
O‘zbekistonda inson huquqlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ularga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta’minlash sohasida aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash masalasi xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishga qaratilgan demokratik islohotlarning bosh mezoniga aylanib bormoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga tizimli hamda bosqichma-bosqich implementatsiya qilinmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan 80 dan ortiq inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro hujjatlar normalari milliy qonunchilikda o‘z aksini topmoqda.
Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar insonlar hayotini, dunyoqarashini hamda turmush tarzini o‘zgartirmoqda. Jamiyatda «Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz» degan ulug‘vor maqsad shakllandi va «Jamiyat – islohotlar tashabbuskori» degan yangi g‘oya kundalik faoliyatimizga faol kirib bormoqda.
Izoh qoldirish