10.12.2022

Korrupsiya taraqqiyot kushandasi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Surxondaryo viloyati mintaqaviy filiali Qashqadaryo va Surxondaryolik imom-xatib va noiblardan iborat bo‘lgan 3-davra 1-gurux tinglovchilariga 2022 yil 09-dekabr kuni  IIB xodimi katta leytenant Ilyos Suyunov “Korrupsiya taraqqiyot kushandasi” mavzusida huquqiy-ma’rifiy tadbir bo`lib o`tdi.

 

Korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biridir. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan. 

Ma’lumki, bu illatning kelib chiqish sabablarini aniqlash, korrupsiyaga qarshi kurashning samarali yo‘llarini topish bo‘yicha mutaxassislar, turli institutlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan yuzlab, minglab tadqiqotlar o‘tkazilgan. O‘ziga xos reytinglar tuzilib, har xil ko‘rsatkich va raqamlar qayd etilgan jadvallar yaratilgan. Hatto korrupsiyaning xilma-xil ko‘rinishidagi formulalari ham ishlab chiqilgan. Hanuzgacha, barcha millatlar uchun qo‘l keladigan qarshi kurashda asqotadigan yagona yechim yo‘q. Shunday ekan, har bir millat mazkur illatga qarshi kurashish strategiyasini o‘zi belgilaydi. 

Shulardan kelib chiqib, 2017 yil 3 yanvar kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmi yaratildi. 

Mazkur Qonuning 3-moddasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga doir tushunchalarga ta’rif berilgan, ya’ni korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini, yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir.

Mazkur Qonun o‘z navbatida, fuqarolarga korrupsiya va korrupsiyaga oid huquqbuzarlikning nima ekanligi va ularning salbiy illatlari haqida ma’lumot beradi. 

Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari qilib, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, unga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlash kabi vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan. 

Darhaqiqat, korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta’lim va tarbiya masalalari bugunning muhim vazifalaridan biridir. Chunki huquqiy ong va huquqiy madaniyati yuksak bo‘lgan va huquqiy ta’lim va tarbiya jihatdan yetuk bo‘lgan insonlar salbiy illat bo‘lmish korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydilar. 

Korrupsiya balosidan qutulish, islohotlarni uning changalidan qutqarish sharafli burchimiz ekanligini hamma birdek tushunmogʻi shart. Aks holda, oʻziga tegishli xulosa chiqarmay, poraxoʻrlik va tamagirlikdan tiyila olmayotgan shaxslar jazoga tortilishi muqarrar!

Darhaqiqat, har qanday vaziyatda ham halol odam hayotda gʻolib boʻlib, baxtli-saodatli yashaydi. Bugun butun jamiyatimiz ana shunday pokiza hayotga intilmoqda.

Izoh qoldirish