FOYDALI MANBALAR
Вилоятлар

FIZIKA DARSLARIDA INNOVATSION USULLAR ASOSIDA O’QUVCHILARGA SUVGA OID BILIM BERISH

Annotatsiya

         Ushbu maqolada o’quvchilarda suvga oid bilimlarni shakllantirishda , tabiatda yuz berayotgan  ekologik muammolar va ularning yechimlarini topishda  innovatsion usullar asosida fizika darslariga bog’lab o’tish  haqida ma’lumotlar keltirilgan.

         Kalit so’zlar. Innnovatsion  texnologiya, mutant, muammoli ta’lim, suv, ekologik muammo, fizika ta’limi, tarix

 

Резюме

В данной статье рассматривается формирование знаний учеников о воде и экологических проблем происходящих в природе, их решений на основе инновационных методов связанных уроках физике.

         Кeлючевые слова. Инновационные технология, мутант, проблема обучение, экологические проблема, обучение физики, история изучения.

 

Resume

This article discusses the formation of the pupils' knowledge about water and the environmental problems occurring in the nature, and their solutions based on innovative methods related to physics.

         Key words. Innovational technologies, mutant, problematical education, water, ecological problem, education of physics, history.

 

 

 

 

         Asrlar tutash kelgan pallada butun insoniyat,mamlakatimiz aholisi juda katta xavfga duch kelib qoldi. Buni sezmaslik, qo’l qovushtirib o’tirish o’z-o’zini o’limga mahkum etish bilan barobardir.

I.Karimov

         Suv insoniyatning hayoti va faoliyati uchun eng muhim ahamiyat kasb etadi. Suv tiriklik asosi. Har qanday tirik mavjudot suvsiz yashay olmaydi, suv ilohiy ne’mat.

         Bobokalonlarimiz hayot suvdan boshlanadi deb bilib, suvsiz yashab bo’lmasligini amalda ko’rib, chuqur his etganliklari boisdan yaratganning bu ajoyib tuhfasining qadr-qimmatini va insonlar taqdirida tutgan o’rnini idrok etganlar. Insoniyat o’zining ko’p yillik hayotiy tajribalari jarayonida musaffo suvning inson hayoti uchun nihoyatda zarur ekanligini payqab, undan oqilona foydalanish zarurligini ota-bobolarimiz anglab yetganlar. Biz yoshlarga ta’lim berishda ana shunday g’oyalardan foydalanishimiz zarur.

Maqsad: tarixiy, milliy, umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda tabiiy fanlarni o’qitishda o’quvchilarga suv haqida bilim berib, ularning ekologik madaniyatini shakllantirish.

         Tabiiy fanlarning asosi hisoblanuvchi fizika ta’limi jarayonida, o’quvchilarga suv haqida bilim va ma’lumotlar berishni lozim topdik. Ma’lumki, fizika tabiatni o’rganuvchi fandir. Suv esa tabiatda yuz beradigan fizik hodisa, jarayonlar, qonuniyatlarning asosiy qatnashchisi hisoblanadi. Suvsiz tabiatda deyarli hech qanday fizik, ximik, biologik jarayonlar sodir bo’lmaydi. Suv tabiiy fanlarni rivojlantiruvchi, texnikani harakatlantiruvchi “kuch”.

         AQSHdagi Kaliforniya universiteti siyosatshunoslarining fikricha, mabodo urush boshlanadigan bo’lsa, u neft konlari yoki yerni bosib olish uchun emas, balki oddiy ichimlik suvi manbalarini egallash uchun sodir bo’lishi mumkin ekan.

         Ekspertlarning taxminiga ko’ra, yarim asrdan so’ng ichimlik suvi yetmay qolishi sayyoramiz miqyosida alohida ziddiyatlarni vujudga keltiradi.

         BMTning hisob-kitobiga qaraganda, 2030  yildayoq dunyo bo’yicha ichimlik suviga bo’lgan talab hozirgiga nisbatan 60 foizga oshadi. Vaziyat esa shundayki, ichimlik suvining miqdori oshmaydi, suv havzalarining ifloslanishi, atrof-muhitning umumiy ekologiyasini buzilishi, ayniqsa o’rmonlarning ko’p kesilishi, ichish uchun yaroqli suv manbalarining qisqarib ketishiga olib keladi. Hozirning o’zida 2-3 mlrd. kishi suv yetishmaydigan joyda yashaydi. Yer yuzida har yili 3mln. kishi chanqoqlikdan halok bo’lmoqda. Har uch nafar shaharlikdan bittasiga ichimlik suvi yetmayapdi. Bu kabi muammolarni biz fizika darslarida mavzuga bog’lab o’tishimiz va o’quvchilar ongiga singdirishimiz kerak. 

         O’quvchilarda suvga oid  tushunchalarni shakllantirishda yangi pedagogik texnologiya usullaridan foydalanish yaxshi natija beradi.

“Fantaziya” metodi. O’z-o’ziga savol berib, fantaziya qilish usuli, ob’yekt holatini anglashda yaxshi natija beradi.

Men Amudaryoman.

Men tirik mavjudotlarning yashash manbaiman.

Men bo’lmasam hayot to’xtaydi.

Men tezroq oqib, inson, o’simlik, hayvonlarni asrashim zarur.

Mening eng tez oqimim qayerda?

Suvlarimning chuqurligi qay darajada?

Haroratim qancha?

Bug’lanayotgan suvlarim miqdori ko’pmi yoki ozmi?

Ko’payayapmanmi yoki qurib borayapmanmi?

Meni manbalarim nimalardan iborat?

Men tozamanmi?

Meni kimlar ifloslantirayapdi, nima uchun?

Men o’zimni tozalay olmayapman, yordamga muhtojman.

Kim mening toza bo’lishimga g’amxo’rlik qilayapdi?

Men oxirgi manzilim Orolga yetib bora olmayapman, Orol o’layapdi.

Men to’lib, toshishim uchun kimlar qayg’uradi?

         Bunda tashqari suvga oid tushunchalarni mavzularga bog’lab o’tish mumkin. Masalan 6-sinfda “Diffuziya” hodisasi o’tilganda:

Suvda diffuziya hodisasi sodir bo’ladimi?

-diffuziya hodisasi suvlarda ham sodir bo’ladi; ariq, daryo, hovuz suvlariga to’kilgan mag’zava, hammomlardan chiqqan iflos suv, zavod va fabrikalardan, ustaxonalardan chiqadigan har xil zararli aralashmalar, moy, kerosin, benzin toza suvga qo’shilib diffuziya yo’li bilan suvni ifloslantiradi. Iflos suv diffuziya yo’li bilan baliqlarga, suv o’tlariga o’tib ularni zaharlaydi va oxir oqibatda ularni nobud qiladi.

         Iflos-zaharli  suvlar bilan sug’orilgan daraxtlar va ekinlar qurib qoladi. Sabzi, karam, qovun, uzum, pomidor tarkibiga suv bilan zaharli moddalar diffuziya natijasida o’rnashib qoladi, uni iste’mol qilgan kishi zaharlanadi.

         O’rmon, mevali daraxtlar, paxta va poliz ekinlariga har xil ximiyaviy zaharli dorilar sepilganda diffuziya yo’li bilan havoga o’tadi, o’z og’irligi yoki yomg’ir bilan suvlarga tushadi, bu suv bilan sug’orilgan mevalar, poliz ekinlari ifloslanadi.

         Dars oxirida o’quvchilarga suvni toza saqlash nuqtai nazaridan diffuziya hodisasini hisobga olgan holda qilishlari kerakligi aytiladi. Bu materiallarni o’quvchilarga bayon etishda, ularning botanika, geografiya, ximiya fanlaridan olgan bilimlariga tayaniladi va nimalarga e’tibor berishlari kerakligi aytiladi.

 “Hikoya” metodi. Tabiatda uchraydigan hodisalar hikoya usulida o’quvchilarga aytib beriladi. Masalan:

Tabiatga nisbatan zo’ravonlik

         Biz tabiatga zo’ravon nigoh bilan qarashga o’rganib qolganmiz. Yetti-sakkiz yashar bitta daraxt bir kunda ikki kishi nafas olishga yetadigan darajada kislorod ishlab chiqaradi.

         Tabiat komponentlarini vayron etib, biz o’zimiz o’tirgan shoxni kesamiz xolos. Shu tarzda o’z umrimizga zomin bo’lamiz.

         Suv, havo, tuproq, o’simlik, hayvonot dunyosi bebaho boylik ekanligini esdan chiqaramiz. Ular o’rtasidagi biologik aloqalar izdan chiqsa, hayot yomonlashadi. Bunga e’tibor bermaymiz.

         Suvda yashaydigan bir hujayrali maxluqdan to bahaybat kitga qadar, quruqlikda o’sadigan yantoqdan to qalin o’rmongacha-hamma-hammasidan odamzot bahramand bo’ladi. Biroq tabiatning asl holati, ya’ni tabiiyligi buzilsa, nafaqat inson, balki, ikki oyoqli, to’rt oyoqli maxluqlarning jismoniy va ruhiy holatlari ham o’zgarib ketadi. Quyida shu haqida fikr yuritiladi.

Mutant. Bir paytlar vaqtli matbuot sahifalarida katta shov-shuvlar bo’ldi:

-Krasnoyarsk viloyatining qishloqlaridan birida yashaydigan ayol yozda o’rmondan qo’ziqorin terib keladi va tuzlab, shisha idishlarga solib, qishga asrab qo’yadi.

         Erta bahorda qo’ziqorin hidini sezib qoladi va yerto’laga tushadi: O’-O’ dahshat!Ayolning ro’parasida shishib ketgan bir maxluq turardi. Maxluq ayolning oyoqlariga mahkam yopishib oladi….

         Ayol bechora jon holatda qichqirib yuboradi….

         Bor kuchini yig’ib dahshatli “qopqon”dan oyoqlarini qutqarib olgach, qarasa, qo’l barmoqlarida go’shtdan nom nishon qolmagan, oppoq suyaklari shalvirab turardi…

         Ilgari noma’lum bo’lgan maxluqni olimlar tekshirib ko’rishadi va bu radioaktiv nur ta’sirida paydo bo’lgan “mutant” degan qarorga keladilar….

Hozir temir va betonni ham yeb tashlaydigan, to’ydim degan gapni bilmaydigan o’sha mutantlarni yo’qotish juda katta muammoga aylanib ketdi.

Bermud uchburchagi. XX asrning boshqa bir dahshatli maxluqi Bermud uchburchagi qa’rida paydo bo’ldi.       Dengiz va okeanlarda tinchgina yashaydigan qirq oyoqli qisqichbaqalar (bor yo’g’i 40sm) atrofda ajal urug’ini sochadigan dahshatga aylanishi uchun qanday kuch kerak?

          Bu ne jumboq bo’ldi.

         …. Aynan Bermud uchburchagi hududida yadroviy qurol bo’lgan suv osti kemasi halokatga uchraganini eslash mumkin. Natijada halokat ro’y bergan joydagi suvga ko’p miqdorda zararli radioaktiv moddalar tarqalgan.

         O’shalarning ta’sirida qisqichbaqalar to’xtovsiz ravishda kattalashib boradilar va uzunligi oltmish metrga yetadigan dahshatli mutantga aylanadilar.

         Hozirgi kunlarda o’sha dahshatli maxluqlar yirik baliqlar, hatto delfinlar bilan qanoatlanib qolmasdan, balki yo’lida uchrab qoladigan qayiqlarga, kichiqroq kemalarga ham hujum qiladilar.

         Shunday qilib, kuchli elvizak shishirib yuborgan ko’rimsizgina qo’ziqorin va radioaktiv moddalar ta’sirida himoyasiz qolgan qisqichbaqalar insoniyat uchun nihoyatda xavfli bo’lgan halokatga aylandilar.

         O’quvchilar shu voqeaviy-hikoya asosida quyidagi savollarga o’z fikrlarini bildiradilar;

  1. Agar hayvonot olamining arslon, fil, timsoh, kit kabi yirik vakillari radioaktiv nurlar ta’sirida mutantlarga aylanib qolsalar nima bo’ladi?
  2. Ularning insoniyat boshiga keltiradigan musibatlari qamrovini tasavvur etish mumkinmi?
  3. Radioaktiv moddalarning qishloq xo’jaligiga ta’sirini qanday his etasiz?
  4. Sizningcha bu muammolarni oldini olish uchun nimalar qilishimiz kerak?

 

         Xulosa qilib aytishimiz mumkinki bugungi kunda global muammoga aylangan   suv muammosini innovatsion usullar asosida fizika darslariga bog’lab o’tsak o’quvchilarni erkin fikrlashga, qo’shimcha adabiyotlar bilan ishlashga, muammolarni hal etishga, tasavvur olamining kengayishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Ekologik ta’lim-tarbiya berish orqali o’quvchilarning ekologik madaniyatini shakllantiradi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Turdiqulov E. Ijtimoiy ekologik g’oyalardan ta’lim jarayonida foydalanish.-T., 2014
  2. Ta’limda innovatsion texnologiyalar. –T.: Sharq, 2004.
  3. Saidaxmedov N. Yangi pedagogik texnologiyalar.-T.: 2003.
  4. “Ziyokor” ilmiy, uslubiy, ijtimoiy, adabiy-badiiy jurnal 2013, 12-son
  5. Yaxyaev M., Ibragimov A. A.Avloniy nomidagi XTQTMOMI Masofadan o‘qitishni rivojlantirish markazi.  “Fizika fanini o‘qitish metodikasi”  masofaviy kurs  qo‘llanmasi, –T.: 2010.
Жойлаштирди: Амируллаева Барно Абдулхаковна
Кўриб чиқилди: 3835